11:00 / 03.10.2019
8
31406
«U haq, yakuniy qarordan oldin juda jiddiy tahlil o‘tkazish kerak». Matviyenko O‘zbekiston YeOIIga kirishga shoshilmayotganiga izoh berdi

O‘zbekistonning Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kirishining ehtimoliy shartlari va mazkur jarayondagi risklarni baholash 2019 yil oxiriga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Bu haqda Rossiya Federatsiyalar kengashi spikeri Valentina Matviyenko O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvdan keyin ma'lum qildi.

Rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Matviyenko 2 oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi uchrashuvda O‘zbekiston YeOIIga qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqayotganini aytgan edi.

«Prezidentlarimiz ishchi guruh tuzish bo‘yicha kelishib olishgan. Rossiya tomonidan bu ishchi guruhga Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Siluanov boshchilik qilyapti.

Guruh ehtimoliy shartlar, risklar va salbiy oqibatlarning oldini olish tahlili yuzasidan juda tig‘iz va yaxshi tempda ish olib boryapti. Tahlil ishlari yil oxiriga qadar yakunlanishi kerak», – degan Matviyenkoning so‘zlarini keltirdi TASS.

Uning so‘zlariga ko‘ra, YeOIIning barcha a'zo davlatlari bu kabi tahliliy baholash ishlarini olib borishyapti, chunki tashkilotga yangi a'zoni qabul qilish masalasidagi qaror birgalikda qabul qilinadi.

«O‘zbekiston prezidenti iqtisodiy integratsion birlashmalarda ishtirok etish – bugungi kunning real voqeligi ekanini tushunadi. U haq, yakuniy qaror qabul qilishdan oldin a'zo bo‘lish shartlari yuzasidan juda jiddiy tahlil o‘tkazish, bu iqtisodiyotga ziyon yetkazmaydimi, ish o‘rinlari soniga ta'sir qilmaydimi kabi shu va boshqa savollarga javob topish zarur», – deb qayd etdi Valentina Matviyenko.

O‘zbekiston tomoni hozircha YeOIIga a'zolik masalasi ko‘rib chiqilayotgani bo‘yicha ma'lumot berganicha yo‘q. Ammo, prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil iyun oyida Senatning 20-yalpi majlisida senatorlarga murojaat qilib, Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a'zo bo‘lish yoki bo‘lmaslikdan kelib chiqadigan foyda-zararlar haqida gapirgan edi.

«Qo‘shnilarimiz bizdan ancha oldinda. Ular yaqinda mahsulotlarni markirovkalashga o‘tadi. Biz bu bozorda markirovkalanmagan mahsulotlarimiz bilan yutqazamiz. Biz to‘g‘ri yo‘lni topishimiz kerak. Barchasini tahlil qilib, 10 marta o‘lchab, keyin qaror qabul qilish kerak», degandi prezident.

Iyun oyida, shuningdek, Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev ham bu masalaga to‘xtalib, «O‘zbekiston YeOIIda yuz berayotgan jarayonlarni hozircha kuzatib turgani»ni aytgandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top