18:50 / 09.10.2019
1
7970
«Hazrat Mulla» masjidi ta'mirtalab holatda. Bekobodliklar yaxshi insonlardan ko‘mak kutmoqda

Masjid Allohga ibodat qilinadigan muqaddas joy hisoblanadi. U yerda insonlar gunohlardan qochadi, qilgan gunohlariga tavba qiladi, Uni yodga olib rizq so‘raydi. Dunyodagi eng pok makon bo‘lmish masjid minoralarida muazzinlar ovozi yangraydi. Osmondan Alloh rahmati yog‘iladi. Birgalikda ibodat qilgan musulmonlar doim bir-birini qo‘llab kelayotganiga ko‘p hollarda guvoh bo‘lganmiz. Masjid ahillikni tavsiya qilib birdamlikka chorlovchi maskandir. 

Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning:

«Kim Allohning roziligini tilab bir masjid qursa, Alloh jannatda unga o‘shaning mislini qurib beradi», deganlarini eshitganman».

Yaqinda Toshkent viloyati Bekobod tumanidan bir guruh fuqarolar Kun.uz’ga murojaat bilan chiqishdi. Unda tumandagi «Dehqonobod» fermerlar uyushmasi, «Hamza» MFYda joylashgan masjid xususida so‘z boradi. Aytishlaricha, bir vaqtlari o‘sha atrofda yashovchi insonlar ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladigan «Hazrat Mulla» jome masjidi qurilgan bo‘lgan. Hozirga kelib masjid ta'mirtalab holatga kelib qolgan. So‘ng mas'ul tashkilotlar tashabbusi bilan qurilish va ta'mirlash ishlari boshlangan. Biroq masjid yaroqli holga kelishi uchun anchagina mablag‘ zarur bo‘lmoqda.

«Hozirda ustalarimiz bilan masjidning ichki qismini ta'mirlamoqdamiz. Masjidning insonlar o‘tiradigan pastki qismi bitkazilishiga esa mablag‘ zarur. Bundan tashqari, yetmish kishi tahorat oladigan va bir vaqtda yigirma nafar namozxon foydalanishi mumkin bo‘lgan hojatxonamiz qurilishiga ham ko‘mak kerak», dedi masjid imom xatibi Saidrahmon Saidov.

Azizlar, mazkur masjidning qurilish ishlari yakuni yetishiga o‘z hissamizni qo‘shaylik. Biz juda ko‘pchilikmiz, ozginadan yordam qilsak, masjid ham obod bo‘ladi, insonlar ibodati uchun foydalanishga topshiriladi va ular bizdan bir umr minnatdor bo‘lardi. Alloh rizoligini olish barchamizning vazifamizdir. 

Zero, Alloh taolo masjidlarni obod qiluvchilarning iymoni borligiga guvohlik berib shunday dedi: «Albatta, Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirganlar, namozni to‘kis ado etganlar, zakotni berganlar va Allohdan boshqadan qo‘rqmaganlargina obod qilurlar. Ajab emaski, ana o‘shalar hidoyat topguvchilardan bo‘lsalar» (Tavba surasi, 18-oyat).

Masjid qurilishiga yordam bermoqchi bo‘lgan insonlar uchun:

Tel: +99893 666 3386

Agrobank (Saidrahmon Saidov): 8600 0423 6025 3131

Inn: 200555958

MFO: 00468

To‘g‘ridan to‘g‘ri pul o‘tkazmoqchilar uchun: 23120000700000468001

Zafarbek Solijonov Kun.uz muxbiri
Sherzod Egamberdiyev tasvirchi

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top