20:41 / 18.10.2019
0
77614
Karate bo‘yicha O‘zbekiston kubogida sodir bo‘lgan ommaviy mushtlashuv haqida rasmiy ma'lumot berildi
Foto: Xabar.uz

Kun.uz saytida kecha, 17 oktabr kuni karate bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqasi vaqtida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bu borada rasmiy ma'lumot berdi.

«2019 yil 16 oktabr kuni soat 17:00 larda Toshkent shahridagi «Universal» sport saroyida bo‘lib o‘tayotgan karate bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston kubogi musobaqasi vaqtida nizoli holat kelib chiqqan. Unda musobaqa hakami Bo‘riyev Azizbek Eshboyevich, Toshkent viloyati «Chempion» karate sport klubi murabbiyi Yusupov Dilshod Ma'rupovich hamda Surxondaryo viloyati karate federatsiyasi murabbiyi Ismatullayev Abdulaziz Inoyatullayevichlar o‘rtasida musobaqa yakuniy natijasi yuzasidan o‘zaro tortishuv kelib chiqqan.

Mazkur kelishmovchilik oqibatida biron bir shaxs tan jarohati olmagan. Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston karate federatsiyasi rayosati yuqoridagi sport mutaxassislariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinladi. Tekshiruv yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston karate federatsiyasi hakami Bo‘riyev Azizbek ikki yilga hakamlik faoliyatidan chetlashtirildi. Shuningdek, Surxondaryo viloyati karate federatsiyasi murabbiyi Ismatullayev Abdulaziz uch yilga, Toshkent viloyatidagi «Chempion» karate sport klubi murabbiyi Yusupov Dilshod ikki yilga murabbiylik faoliyatidan diskvalifikatsiya qilindi. Musobaqa bosh hakami Qoraboyev Qosimjonga hayfsan e'lon qilindi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mazkur holat ishtirokchisi, karate bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar milliy jamoasi katta murabbiyi Bo‘riyev Azizbekni vazifasidan ozod qildi. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mazkur holatni o‘z nazoratiga olgan»,— deyiladi bayonotda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top