23:02 / 23.10.2019
0
8126
Milliy brendlar reytingi e'lon qilindi. O‘zbekiston 100 davlat ichida 70-o‘rinda   

Brand Finance’ning oxirgi tadqiqotiga ko‘ra, dunyoning eng qimmat milliy brendlari AQSh, Xitoy va Germaniya bo‘lib qolmoqda. Reytingda 100 ta davlat baholangan.

AQShning milliy brendi baholanishi 2018 yilga nisbatan 7,2 foizga o‘sib, 27,751 trln dollargacha, Xitoyniki 40,5 foizga yuqorilab, 19,486 trln dollargacha yetgan. Germaniya brendi esa 5,7 foizga arzonlashib, 4,855 trln dollarni tashkil qilgan. 

Brendning baholanishida davlatning yalpi ichki mahsuloti, investitsiyaviy va turistik jozibadorligi, siyosati va savdo qoidalari, ijtimoiy jihatlari va boshqa mezonlar hisobga olingan. 

Yaponiya avvalgi 5-o‘rindan 4-o‘ringa ko‘tarilgan, uning brendi 26 foizga qimmatlab, 4,533 trln dollarga yetgan. 5- o‘rinni Britaniya 3,851 trln dollarlik ko‘rsatkich bilan egallagan. Fransiya 6-o‘rinni (4 foiz arzonlashgan, 3,097 trln dollar), 7-o‘rinni Hindiston (+18,7 foiz, 2,562 trln dollar), 8-o‘rinni Kanada (-1,8 foiz, 2,183 trln dollar), 9-o‘rinni Janubiy Koreya (+6,7 foiz, 2,135 trln dollar) va Italiya 10-o‘rinni (-4,7 foiz, 2,11 trln dollar) egallagan.

MDH davlatlaridan Rossiya 14-o‘rinni, Qozog‘iston 51-o‘rinni, Ukraina 56-o‘rinni, O‘zbekiston 70-o‘rinni, Turkmaniston 79-o‘rinni, Ozarboyjon 86-o‘rinni egallagan.

Ta'kidlash joiz, O‘zbekiston 2018 yilga nisbatan reytingini 2 pozitsiyaga yaxshilab, 72-o‘rindan 70-o‘ringa ko‘tarilgan. 

Gana (67,1 foiz), Uganda (55,7 foiz) va Paragvay (55,4 foiz) brendlari eng ko‘p qimmatlashgan.

Reytingning so‘nggi o‘rinlarini Kamerun, Kamboja va Gonduras egallagan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top