Jamiyat | 20:47 / 25.10.2019
11603
5 daqiqa o‘qiladi

Namangan viloyati hokimligi Mingbuloqdagi teshik ko‘priklar masalasida izoh berdi

Mingbuloq tumanidagi ta'mirga muhtoj ko‘priklar haqida Kun.uz`da e'lon qilingan maqola yuzasidan Namangan viloyati hokimligi rasmiy izoh berdi.

Izohda aytilishicha, maqolada ko‘tarilgan masala yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilgan va quyidagilar aniqlangan.

«Mingbuloq tumani, «Uyurchi-Damko‘l» MFY, Jiyda qishlog‘idagi umumiy foydalanishdagi mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan, 1960 yillarda qurilgan, «Oxunboboyev» kanali ustidan o‘tgan temir-beton ko‘prikning uzunligi 42 metr, eni 7,6 metrni tashkil etadi. Ko‘prik egasiz, sobiq ittifoq davrida kolxoz balansida bo‘lgan. Ko‘prikning qatnov qismi yaroqli holatda. Ko‘prikning chegaralovchi panjara qismi buzilib ketgan, qolgan qismi noma'lum shaxslar yoki korxona tomonidan ta'mirlash bahonasida 8-10 yillar oldin kesib ketilgan, oqibatda ko‘prikning ikki yon tomoni ochiq holatda. Qishloq aholisining kanalga tushib ketish xavfi mavjud. Yuk ko‘tarish qobiliyati hozirgi kundagi transport oqimi va yuklar og‘irligiga hisob-kitob qilinmagan.

O‘rganish yakuniga ko‘ra, ko‘prikning ta'mirlash ishlari nuqson dalolatnomasi tuzildi va ta'mirlash uchun birlamchi smeta tayyorlandi. Smetaga asosan, ko‘prikni ta'mirlash uchun 110,8 mln. so‘m mablag‘ talab etiladi. Ushbu ishlarni Mingbuloq tumani mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi rejaga kiritildi. Egasiz ko‘prik ta'mirlangandan so‘ng tuman Obodonlashtirish korxonasi balansiga qabul qilinishi kerakligi belgilab berildi.

Mingbuloq tumani, Mehnatobod qishlog‘idagi umumiy foydalanishdagi mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan 4N-447 «Uyirchi q.-Qirqchek q.-Qolgandaryo q.» avtomobil yo‘lining 3+400 km.da joylashgan, 1960 yilda qurilgan, «Oxunboboyev» kanali ustidan o‘tgan temir-beton ko‘prikning uzunligi 27,8 metr, eni 7,6 metrni tashkil etadi. Metall sarroblar ustiga ko‘ndalang holatda yaxlit temir beton plitalar o‘rnatilgan, bu plitalar uzoq yillar tashqi ta'sir va og‘ir yuk transportlarini o‘tishi natijasida yemirilgan va yaroqsiz holga kelgan. Yuk ko‘tarish qobiliyati hozirgi kundagi transport oqimi va yuklar og‘irligiga xisob-kitob qilinmagan.

Mazkur masala yuzasidan Namangan viloyati Avtomobil yo‘llari hududiy Bosh boshqarmasi tomonidan 2019 yil 14 mayda «Namanganyo‘lloyiha instituti» MChJga ko‘prikni qayta qurish yuzasidan loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlab berish bo‘yicha buyurtma berilgan. Hozirgacha «Yo‘lloyiha Byurosi» MChJ Namangan viloyat bo‘limi va Namangan yo‘lchilar malakasini oshirish o‘quv markazidan mutaxassislar jalb etildi va ko‘prikni diagnostika hujjatlari rasmiylashtirildi.

Ko‘prikni 2020 yilda qayta qurish ishlari bajarilishi belgilandi, hozirgi kunda «Namanganyo‘lloyiha instituti» MChJ tomonidan ko‘prikning s'yomka qilish va geologik ekspertizasidan o‘tkazish ishlari yakunlangan va ko‘prikni qayta qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanmoqda.

O‘rganish yakuniga ko‘ra, ko‘prikning to‘la ta'mirlash ishlari 2020 yilda amalga oshirilishi munosabati bilan, piyodalar uchun xavf tug‘dirgan ko‘prikning qismi to‘la berkitilib, yonidan eni 1,5 metrlik piyodalar yo‘lakchasi tashkil etildi.

Aholi bilan to‘laqonli suhbat o‘tkazildi, ko‘rilgan choralarga ularda qoniqish paydo bo‘ldi.

Shuningdek, o‘rganish jarayonida «Mehnatobod» qishlog‘ini ikkiga bo‘lib o‘tgan 4R-126 «Pungan-Nayman-Baliqchi-Namangan» avtomobil yo‘li juda serqatnov bo‘lganligi sababli aholi o‘z farzandlarini yo‘lning ikkinchi tomonida joylashgan 19-sonli maktab va bolalar bog‘chasiga bexatar borib kelishlaridan xavotirda ekanligini bildirishdi.

Doimiy ravishda shu chorrahada yo‘l-transport hodisalari bo‘lib turishini hisobga olgan holda, mazkur sozlanmagan chorrahaga svetofor o‘rnatib berish borasida tegishli idoralarga ko‘rsatma berildi», – deyiladi viloyat hokimligi ma'lumotida.

Mavzuga oid