22:12 / 01.11.2019
2
16993

«Markaziy saylov komissiyasi – hukumat qo‘lidagi o‘yinchoq emas» – MSK raisi o‘rinbosari

Vakillik organlariga saylovlar arafasida Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Mahmud Istamov «Amerika ovozi» muxbiri bilan suhbatda bo‘ldi.

Istamov muxbirning: «Keng omma MSKga hukumatning qo‘lidagi o‘yinchoq sifatida qarab kelgan», deya bildirgan fikrini rad etib, komissiya hukumat bilan teng maqomga ega ekanini eslatib o‘tdi.

«Markaziy saylov komissiyasi – o‘yinchoq emas. Hukumat bilan teng konstitutsiyaviy maqomga ega, saylovlarni tashkil qiladigan davlat hokimiyati idorasi.

Uning mustaqilligi aynan nima bilan ta'minlanadi? Komissiyani shakllantirish tartibiga e'tibor beradigan bo‘lsak, bu jarayonda ijro hokimiyatining ishtiroki umuman yo‘q. Xususan, Markaziy saylov komissiyasi a'zolari – xalq tomonidan saylangan, viloyat kengashlari tavsiyasi asosida, parlamentimizning ikki palatasi tomonidan lavozimga tasdiqlanadi. Ularning vakolati ham xalq deputatlari viloyat kengashlari va parlamentimiz taqdimnomasi asosida tugatilishi mumkin.

Markaziy saylov komissiyasi emas, barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyatiga aralashish – qonun bilan ta'qib qilinadi va tegishli ma'muriy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Undan tashqari, MSK – kollegial idora. Bugungi kunda MSK a'zolari soni 21 nafardan iborat. Ularning 10 nafari – aynan demokratik tartiblarga asosan yaqinda tayinlangan a'zolardir. Har bir a'zo bir ovozga ega.

MSKning majlislari ochiq-oydin, OAV ishtirokida, hammaning e'tiborida o‘tkaziladi va ayni mana shu ochiqlik, oshkoralik tamoyili va MSKni shakllantirishdagi demokratik qonun-qoidalar – ularning mustaqilligini ta'minlovchi muhim kafolatdir», dedi MSK raisi o‘rinbosari.

Istamovning qayd etishicha, saylov komissiyalari deputatlikka nomzodlarni aniqlashda, ularni tanlab olishda ishtirok etmaydi. Bu – siyosiy partiyalarning mutlaq vakolatidir. Komissiya faqat ularni ro‘yxatga oladi.

«Nomzodlarni ro‘yxatga olish faqat bitta mezon asosida baholanadi – u ham bo‘lsa, tavsiya qilinganlar qonunda nomzodlarga belgilangan talablarga javob-beradimi yoki yo‘qmi, shu mezon bo‘yicha baholaydi», deydi Mahmud Istamov.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top