O‘zbekiston | 17:37 / 02.11.2019
36547
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident «To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi

Foto: KUN.UZ

Joriy yilning 1 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonun ma'qullandi. U 2020 yil 1 fevraldan kuchga kiradi.

Markaziy bank xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 19 sentyabrdagi “Milliy to‘lov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Yangi qonunda to‘lov tizimlariga va ularning tarkibiy qismlariga bo‘lgan talablar, to‘lov tizimlarini nazorat qilish va kuzatib borish, to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlarini litsenziyalash hamda ularning faoliyatini tartibga solish, elektron pul bozorini tartibga solish va elektron pul egalarini identifikatsiyalash tartibi hamda to‘lov tizimlarida xavfsizlik va axborot muhofazasini ta'minlashga doir normalar kiritilgan.

Bildirilishicha, ushbu qonunning qabul qilinishi bilan respublikada to‘lovlarni uzluksiz amalga oshirilishi va innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilinishi, shuningdek to‘lov tizimlarining samarali, ishonchli va xavfsiz ishlashini ta'minlashga imkoniyat yaratiladi.

Shuningdek, ushbu qonun qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining 2005 yil 2 noyabrda qabul qilingan “Elektron to‘lovlar to‘g‘risida”gi qonuni bekor qilinmoqda.

Mavzuga oid