12:23 / 06.12.2019
1
8499

MB mijozlar va tijorat banklari o‘rtasida kelib chiqayotgan nizolar tufayli murojaat bilan chiqdi

Foto: Markaziy bank

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklarining mijozlariga murojaat bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, Markaziy bankning Bank xizmatlari iste'molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga kelib tushayotgan murojaatlarning tahlili bank xizmatlarini ko‘rsatishga doir shartnomalarning ayrim shartlari bo‘yicha mijozlar va xizmat ko‘rsatuvchi banklar o‘rtasida nizolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Mijozlar, banklar bilan yuzaga kelayotgan nizolarning asosiy sabablaridan biri sifatida bank xizmatlarini ko‘rsatishga doir shartnomalar rasmiylashtirilgunga (imzolangunga) qadar ularning shartlari bilan tanishish imkoniyatining mavjud emasligini, banklar tomonidan shartnoma shartlarining mazmuni yetarli darajada oshkor etilmaganligini, shuningdek, shartnomaning imzolangan bir nusxasi taqdim etilmasligini bildirishmoqda. 

Qayd etilgan muammolarni hal etish maqsadida Markaziy bank tomonidan “Bank xizmatlari iste'molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risida”gi Nizomga qo‘shimcha kiritilgan bo‘lib, unga ko‘ra iste'molchi bank xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma (kredit, depozit, bank hisobvarag‘iga xizmat ko‘rsatish, lizing, bank kartalari va boshqalar bo‘yicha) imzolangunga qadar uning loyihasini batafsil tanishib chiqish uchun bank binosidan tashqariga olib ketishga haqlidir. 

Tijorat banki bank xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma imzolangan kunda shartnomaning bitta asl nusxasini iste'molchiga yoki uning vakolatli vakiliga taqdim etishi, shuningdek, shartnoma bilan mustahkamlangan huquqlar va majburiyatlar hamda taqdim etilayotgan xizmat bo‘yicha to‘liq va haqqoniy ma'lumotlarni oshkor etishi lozim.

Markaziy bank mijozlarga bank xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risida tijorat banklari bilan shartnomalarni imzolashdan oldin ushbu shartnomalarning matni, jumladan ularga kiritilgan moliyaviy majburiyatlar bilan bog‘liq matnlarni diqqat bilan tanishib chiqishni, zarur hollarda huquqshunoslardan tegishli maslahatlar olishni tavsiya etmoqda. Shu bilan birga, shartnoma shartlarini tushunmagan holatlarda esa, bank xodimlariga savol bilan murojaat etishdan tortinmaslikni so‘ragan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top