15:58 / 09.01.2020
0
39695
Ukraina «Boing» raketa bilan urib tushirilgan bo‘lishi mumkinligini istisno etmayapti

Ukraina milliy xavfsizlik kengashi Tehronda qulagan Boeing samolyotining halokati sabablari sifatida terakt, raketa hujumi yoki dvigatelning texnik sabablarga ko‘ra portlab ketishini ko‘rsatmoqda

Ukraina milliy xavfsizlik kengashi (SNBO) «Ukraina xalqaro avialiniyalari» aviakompaniyasining Tehronda qulagan Boeing 737 samolyoti halokati sabablari bo‘yicha versiyalarini ma'lum qildi.

Ushbu hodisa atrofidagi voqealarni yoritayotgan telegramdagi «Ukraina 24/7» kanali ma'lumot berishicha, Ukraina milliy xavfsizlik kengashi asosiy versiyalar sifatida zenit raketasi zarbasi, terakt va texnik nosozlik sabab dvigatelda portlash ro‘y bergani ko‘rib chiqilmoqda.

Shuningdek, layner uchuvchisiz uchish qurilmasi yoki boshqa «uchar obekt» bilan to‘qnashgani versiyalari ham istino etilmagan.

«Interfaks» agentligi Ukraina milliy xavfsizlik kengashi kotibiga asoslanib xabar berishicha, Eronga ushbu hodisa sabablarini o‘rganish jarayonida ishtirok etish uchun yetib kelgan Ukraina komissiyasi Rossiyaning 3RK «Tor» raketasi parchalarini qidirmoqchi.

Bundan avvalroq, internetda samolyot qulagan hududdan «Tor» zenit-raketa qurilmasidan uchirilgan raketa qismi topilgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Bundan tashqari, halokat ro‘y bergan soatlarda Iordaniyaning Al-Hadath nashri ushbu samolyotga o‘sha vaqtda eronlik harbiylar tomonidan AQShning Iroqdagi bazalariga uchirilgan raketalardan biri tegib ketgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxmin qilgandi.

Ma'lumot uchun, Eron armiyasida Rossiyada ishlab chiqarilgan «Tor-M1» zenit-raketa majmuasi mavjud. Rossiya Tehronga bunday qurollarni yetkazib berishni 2007 yil yanvarida yakunlagan.

  • 9 yanvar kuni Reuters AQSh, Kanada va Yevropadagi davlatlardan birining maxsus xizmatlariga asoslanib, aviahalokatga texnik nosozlik sabab bo‘lgani haqida xabar tarqatgandi.
  • Eronlik mutaxassislar ham aviahalokat samolyot dvigatelida texnik nosozlik tufayli yong‘in chiqqani oqibatida ro‘y berganini ma'lum qilishgan. Voqea guvohlari samolyot qulashdan oldin yona boshlagani va yerga urilgach portlab ketganini ko‘rishgan.
  • «Ukraina xalqaro avialiniyalari» esa ushbu samolyot 6 yanvar kuni texnik ko‘rikdan o‘tkazilgani va unda hech qanday kamchilik bo‘lmaganini qayd etgan. 
Mavzu
Eronda Ukraina samolyoti halokati
Eronda 8 yanvar kuni «Ukraina xalqaro avialiniyalari» (MAU)ning Boeing 737 samolyoti halokatga uchradi. Uning bortidagi 180ga yaqin kishi halok bo‘ldi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top