18:36 / 17.03.2020
7977
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ham karantin tartibi joriy etildi

16 martdan boshlab O‘zbekiston parlamenti quyi palatasida ham karantin qoidalari amal qila boshladi. Hukumat belgilagan chora-tadbirlardan kelib chiqib, palata qo‘mitalarining majlislari, fraksiyalar yig‘ilishlari, yalpi majlislar o‘tkazilishi to‘xtatildi.

Bu haqda deputat Doniyor G‘aniyevga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Deputatning aytishicha, Oliy Majlis binosiga kirishda tibbiy tekshiruvlar yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat'iy amal qilish uchun sharoitlar yaratilgan.

«Davlat hokimiyatining birdan bir manbayi bu xalqimiz ekanidan kelib chiqsak, davlat xalq manfaatlarini ko‘zlab, birinchi navbatda, uning sog‘lig‘i va xavfsizligini ta'minlash uchun xizmat qilishi lozim. Shu nuqtayi nazardan, koronavirus infeksiyasining respublikamizda tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha hukumat tomonidan qattiqqo‘llik bilan ko‘rilayotgan barcha karantin chora-tadbirlarini men ham deputat sifatida, ham bir fuqaro sifatida to‘laligicha qo‘llab-qavvatlayman.

Zero, koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Xitoy va Yevropa davlatlari tajribasidan kelib chiqib, xulosa qiladigan bo‘lsak, karantin qoidalariga qat'iy amal qilish hozircha bu infeksiyaga qarshi kurashishning eng samarali yo‘li hisoblanadi.

Karantin munosabati bilan qat'iy choralar ko‘rilalayotgani parlament quyi palatasi faoliyatini to‘xtatdi, degani emas. Hozirda parlamentda ichki elektron tizim yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, barcha hujjatlarni elektron almashinuvi uchun sharoitlar yaratilgan. Parlament va deputatlarning asosiy faoliyati elektron tarzda davom ettiriladi», deydi u.

Doniyor G‘aniyevga ko‘ra, qonun loyihalari muhokamalari, ijro hokimiyati tomonidan qonunlar ijrosi nazorati, fuqarolar murojaatlarini qabul qilish va ular ustida ishlash ham elektron tarzda amalga oshiriladi.

«Parlament va hukumat o‘rtasidagi aloqalar va hujjatlar almashinuvi elektron hukumat portali orqali o‘rnatilsa, deputatlarimizning fuqarolar bilan aloqasi esa, ularning ijtimoiy tarmoqlar (Facebook va Telegram)dagi shaxsiy sahifalari orqali davom etadi.

Qolaversa, mamlakatimizda karantin haftaligini joriy etilishi bahonasida, ehtimol, og‘riqli nuqtalarimizdan biri bo‘lgan «Elektron Hukumat» va «Elektron Parlament» hamda masofaviy ta'lim tizimlarini yanada rivojlantirish, ularning amalda qo‘llanilishini tezlashtirish, shuningdek, hududlarni tezkor va sifatli internet aloqasi bilan ta'minlash ishlarini jadallashtirishga katta bir turtki bo‘lar. Zero, har bir qiyinchilik yoki xavf insonlarni yangi imkoniyatlar «oynasini» izlashga undaydi», – deydi deputat Doniyor G‘aniyev.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganovning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, parlament faoliyatini to‘xtatmaydi.

Foto: UzReport TV efiridan kadr

«Qonun loyihalariga mas'ullar shu yerda qoladi, qolganlar joylarda koronavirus sababli parlament nazoratini o‘rnatish maqsadida o‘z saylov okruglarida faoliyat olib boradi.

Doniyor G‘aniyevning gapida jon bor. Gap shundaki, qonun loyihalarini ikkinchi, uchinchi o‘qishga tayyorlash jarayoniga mutaxassislar jalb etiladi. Endilikda ular bilan messenjerlar, elektron pochta orqali muloqotda bo‘lib turiladi», deydi u.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top