09:20 / 01.04.2020
15158
YeOII davlatlaridan piyoz, sarimsoq va guruch olib chiqilishi taqiqlandi

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlaridan koronavirus pandemiyasi sababli 30 iyungacha bir qator oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, grechka, guruch, kungaboqar urug‘i, piyoz va sarimsoq olib chiqilishi taqiqlandi.

Foto: Getty Images

Bu haqda Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeOIK) kollegiyasi bayonotida aytilgan.

“YeOIK kollegiyasi yig‘ilishi natijalariga ko‘ra, YeOII davlatlaridan bir qator oziq-ovqat mahsulotlari olib chiqilishini vaqtincha taqiqlashga qaratilgan choralar qabul qilindi. Bu mahsulotlar orasida piyoz, sarimsoq, sholg‘om, guruch, grechka, javdar, tariq, yorma, yirik tortilgan un, grechkadan tayyor oziq-ovqat mahsulotlari, maydalangan va maydalanmagan soya dukkagi va kungaboqar urug‘i bor. Ularning olib chiqilishi 30 iyungacha taqiqlanadi”, deyilgan xabarda.

YeOIKning ushbu qarori chop etilgandan 10 kun o‘tgach kuchga kiradi. Bayonotda aytilishicha, taqiqlovning kiritilishi YeOII davlatlari aholisini koronavirus pandemiyasi sababli sanitar-epidemiologik vaziyat yomonlashgan vaqtda yuqorida tilga olingan mahsulotlar bilan yetarlicha miqdorda ta'minlash imkonini beradi.

Ayni vaqtda YeOII tarkibiga Armaniston, Belarus, Rossiya, Qirg‘iziston va Qozog‘iston kiradi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top