21:28 / 12.04.2020
50454

Bugun – Gagarin koinotga parvoz qilgan kun. Fazoni zabt etgan ilk inson haqida

XX asr insoniyat uchun yuksak taraqqiyot asri bo‘ldi. Bu asrda inson suv ostiga tushdi, osmonda uchdi, undan oshib o‘tib ochiq koinotga chiqdi. Gap koinot haqida ketganda har qanday insonning xayoliga avvalo Yuriy Gagarin keladi.

Birinchi sinfga o‘n yoshida borgan Gagarin

Yuriy Gagarin 1934 yil 9 martda Rossiyaning Smolensk oblasti Klushino qishlog‘ida dunyoga keladi. 1941 yil sentabrda 1-sinfda o‘qiy boshlaganida uning qishlog‘iga nemislar bostirib keladi, maktab yopiladi.

Gagarin yashagan uy

1943 yilda sovet armiyasi qishloqni ozod qilganidan so‘ng maktab qayta ochiladi va qariyb o‘n yoshida Gagarin birinchi sinfga o‘qishga boradi.

Gagarinning o‘quvchilik yillari

1949 yilda Gagarin 6-sinfni tugatib, Lyubersk hunarmandchilik maktabiga o‘qishga kiradi. Shu bilan birga, u yosh ishchilarning kechki maktabida o‘qiy boshlaydi. 1951 yilda har ikkala maktabni a’lo baholar bilan bitirgan Gagarin Saratov sanoat texnikumiga o‘qishga kiradi.

1954 yilda Gagarin Saratovdagi Mudofaaga ko‘maklashuvchi tashkilot qoshidagi aeroklubga qatnay boshlaydi. Bu yerdagi bir yillik ta’lim davomida u uchuvchilik sir-asrorlarini o‘rganadi.

Harbiy xizmat va mohir uchuvchi

1955 yilda Gagarin harbiy xizmatga chaqiriladi. Uni Orenburgdagi Kliment Voroshilov nomidagi harbiy uchuvchilar tayyorlaydigan 1-aviatsiya harbiy bilim yurtiga jo‘natishadi. U yerda Gagarin taniqli uchuvchi-instruktor Yadgar Akbulatovdan tahsil oladi. 1957 yilda bilim yurtini a’lo baholar bilan tugatib so‘ng, Murmanskdagi 769 va 122-aviatsiya qiruvchi polklarida harbiy uchuvchi sifatida xizmat qila boshlaydi.

Kosmonavtlikka nomzodlar orasida

1959 yil 5 yanvarda KPSS Markaziy qo‘mitasining 22-10-sonli, 22 mayda Ministrlar Sovetining 569-264-sonli «Birinchi kosmik parvoz uchun kosmonavtlar tanlab olish haqida»gi qarorlari chiqadi.

1959 yil 9 dekabrda kosmonavtlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olishlarini so‘rab iltimosnoma yozgan Gagarinni Moskvaga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun chaqirishadi. U ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tadi va nomzodlar safiga qo‘shiladi. Nomzodlar, 25-30 yoshda, bo‘yi 170 santimetrdan yuqori, 70-72 kilogramm og‘irlikda bo‘lishi lozim edi.

1960 yil 11 yanvarda HHK bosh qo‘mondoni Konstantin Vershinin buyrug‘i bilan nomzodlar orasidan tanlab olingan 20 nafar uchuvchilarni maxsus harbiy qismga o‘tkaziladi. O‘sha yil 25 martdan boshlab ular kosmonavtlarni tayyorlash dasturi bo‘yicha muntazam mashg‘ulotlarga kirishadi.

Rejaga ko‘ra, ilk parvozda SSSR Ministrlar Sovetining alohida konstruktorlik byurosi boshlig‘i Sergey Korolyov uchishi lozim edi. Ammo, nomzodlar orasida favqulodda iste’dodlilarni ko‘rgan Korolyov kosmosga uchadigan kosmonavtni ular orasidan tanlashini bildiradi. Gagarin mashg‘ulotlarda o‘zini har tomonlama ko‘rsatadi. Korolyov unga jiddiy e’tibor bera boshlaydi.

Yuriy Gagarin va Sergey Korolyov.

So‘nggi tayyorlov bosqichi

Bu orada nomzodlar guruhidan oltita uchuvchini alohida ajratib olishadi. Ular orasida Gagarin ham bor edi. Bu guruhni Jukovskiy shaharchasidagi kosmonavtlarni tayyorlash markaziga olib borishadi. U yerda sinovchi-uchuvchi Mark Gallay boshchiligida mashg‘ulotlar davom ettiriladi.

1961 yil 17-18 yanvar kunlarida nomzodlar ilk parvozda kosmosga uchishi lozim bo‘lgan «Vostok» kosmik kemasining maketidan foydalanib imtihon topshiradi. Nomzodlarning to‘rttasi imtihondan a’lo bahoga o‘tadi. Ularga Gagarin komandir etib tayinlanadi.

1961 yil 3 aprelda KPSS Markaziy qo‘mitasi bosh kotibi Nikita Xrushchyov kosmosga parvoz masalasida maxsus yig‘ilish o‘tkazadi. Unda Dmitriy Ustinov parvozga tayyorgarlik haqida hisobot beradi. Yig‘ilishda parvozni amalga oshirish haqida qaror qabul qilinadi.

O‘sha paytda Korolyov juda shoshilayotgan edi. SSSRning kosmosga odam uchirishi haqida xabar topgan AQShliklar ilk parvozni 20 aprelga mo‘ljallaydi. Parvozni ulardan oldin amalga oshirish muhim edi. Shu uchun parvozni 11 yoki 17 aprelda amalga oshirishni mo‘ljallashadi. 8 aprelda SSSR Mudofa texnikalari bo‘yicha davlat qo‘mitasi boshlig‘i Konstantin Rudnev boshchiligida so‘nggi yig‘ilish o‘tkaziladi. Unda «Vostok» kosmik kemasi parvozga shay ekanligi haqida hisobot beriladi va koinotga Gagarinning uchishi tasdiqlanadi. German Titov zaxiradagi kosmonavt etib belgilanadi.

Koinotga parvoz

1961 yil 12 aprel kuni Moskva vaqti bilan soat 09:07 da «Boyqo‘ng‘ir» kosmodromidan ichida Yuriy Gagarin o‘tirgan «Vostok» kosmik kemasining uchishiga start beriladi. Parvoz muvaffaqiyatli amalga oshadi. Ochiq koinotga chiqqan Gagarin aloqa orqali o‘zining taassurotlari haqida gapirib turadi. Uning «Yer ustidagi bulutlarni va ulardan yerga tushayotgan soyani kuzatayapman. Juda chiroyli. Diqqat! Yerning gorizontini kuzatayapman. Barchasi juda go‘zal» degan so‘zlari bortdagi magnitofonga yozib olingan.

Bortida Gagarin parvoz qilgan «Vostok 1» kosmik kemasi

Gagarin bortda turli sinovlar o‘tkazib ko‘radi: yeb-ichadi, qalam yordamida surat chizadi. U barcha jarayon haqida hisobot yozib boradi. U bilan aloqa o‘rnatib turgan jamoaga vaznsizlik holatida uning ruhiyati qanday bo‘lishi muhim edi. Gagarinning o‘zini tutishidan vaznsizlik holati insonning ruhiyatiga mutlaqo ta’sir qilmasligi ma’lum bo‘ladi.

1 soatu 48 daqiqa davom etgan parvoz nihoyasiga yetganidan so‘ng pastga tushishda kosmik kemaning tormoz qo‘zg‘alish tizimi biroz pand beradi, impuls ko‘rsatkichi pastligi sababli avtomat tizimi yaxshi ishlamaydi. Natijada, atmosferaga kirishdan 10 daqiqa oldin kosmik kema sekundiga 1 aylanish tezligida aylana boshlaydi. Gagarin, parvozni kuzatayotgan rahbariyat va Korolyovni oshiqcha xavotirga qo‘ymaslikka qaror qiladi hamda ularga shartli ravishda kema bortida favqulodda vaziyat sodir bo‘lgani haqida xabar beradi. Kema atmosferaning zich qatlamiga kirganda undagi tutashtiruv simlari yona boshlaydi. Ungacha Gagarin bo‘limlarni ajratish buyrug‘ini qabul qilgan edi. Natijada Gagarin joylashgan bo‘lim yong‘in yuzaga kelgan bo‘limdan so‘nggi soniyalarda ajralib ulguradi. Yerga qo‘nishga 7 ming metr qolganda Gagarin maxsus katapultadan foydalanadi.

Gagarin parvozdan so‘ng Yerga qo‘ngan kapsula

108 daqiqalik parvozda Yer sharini bir bor aylanib chiqqanidan so‘ng Gagarin Saratov oblastining Smelovka qishlog‘i yaqiniga tushadi. O‘sha zahoti u yerni harbiylar o‘rab oladi va Gagarinni harbiy qismga olib ketadi. U yerdan Gagarin HHK Havo hujumidan himoya diviziyasining komandiriga qo‘ng‘iroq qilib, «HHK bosh qo‘mondoniga yetkazishingizni so‘rayman, vazifa bajarildi. O‘zimni yaxshi his qilmoqdaman. Jarohatlar yo‘q» deb hisobot beradi.

Shundan so‘ng Gagarinni Engels shaharchasiga olib borishadi. Shaharchada barcha koinotga uchgan qahramonni ko‘rish uchun ko‘chaga chiqqan edi. General Brovkoning xonasida Gagaringa hukumat telefonini ulab berishadi va u KPSS MQ birinchi kotibi Xrushchyov hamda SSSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi Brejnevga hisobot beradi.

«Olamshumul g‘alaba» va Gagarinning shon-shuhratga burkanishi

Gagarin sog‘-omon yerga qaytib tushgan zahoti SSSR matbuoti uning muvaffaqiyatli parvozini «sotsializmning kapitalizm ustidan qozongan buyuk g‘alabasi» tarzida talqin qilib butun dunyoga jar solishni boshlab yuboradi. O‘sha paytda insoniyatning yer atmosferasidan yuqoriga, ochiq koinotga chiqishi haqiqatdan ulkan voqealik edi.

Gagarin ota-onasi bilan

14 aprelda Gagarin Moskvaga uchib keladi. Samolyotdan tushiboq Gagarin o‘zini kutib olishga chiqqan Xrushchyovga raport beradi. Shundan so‘ng Xrushchyov va Gagarin o‘tirgan «ZIL-111V» kabrioleti Qizil maydonga qarab yo‘l oladi. U yerda o‘tkazilgan mitingda Xrushchyov Gagaringa «Sovet ittifoqi qahramoni» va «SSSR kosmonavt-uchuvchisi» unvonlarini beradi. Tantanalar Kremlda Gagarin sharafiga katta ziyofat berish bilan davom ettiriladi. Ziyofat davomida Xrushchyov Gagarinni Oltin yulduz va Lenin ordeni bilan mukofotlaydi.

Yu.Gagarin Lenin maydonida N.S.Xrushchyov bilan

Keyinchalik Xrushchyovning o‘g‘li Sergey «Otam mudofa vaziri Malinovskiyga qo‘ng‘iroq qildi va «Gagarinning harbiy unvonini darhol ko‘tarish kerak» dedi. Malinovskiy unga kapitan unvonini bermoqchiligini aytdi. Otam unga mayor unvoni berish lozimligini aytdi. Malinovskiy oldiniga e’tiroz bildirdi, yakunda esa ko‘ndi. Shu tariqa Gagarin hali Moskvaga yetib kelmasidan mayor unvoniga ega bo‘ldi. Undan keyin otam Kreml administratsiyasiga qo‘ng‘iroq qilib Gagarinni munosib kutib olish lozimligini aytdi», deb yozgan edi.

Gagarin avvaliga butun SSSR bo‘ylab, so‘ng ko‘plab xorijiy mamlakatlarni aylanib chiqadi. Hamma yerda u qahramon sifatida kutib olinadi. Chexoslovakiya, Finlandiya, Buyuk Britaniya, Bolgariya, Misr, Kuba, Braziliya, Kanada, Hindiston, Afg‘oniston va yana bir qator davlatlarda uni hatto mamlakat rahbari darajasida qabul qilishadi. Gagarin jami 30 ta davlatga tashrif buyurgan.

Buyuk Britaniyaga borganida uni qirolicha Yelizaveta II va bosh vazir Harold Makmillan qabul qiladi.

Gagarin SSSRdagi turli ittifoqdosh respublikalarga qilgan tashrifi davomida Toshkentga ham keladi va katta tantanalar bilan kutib olinadi.

Qahramonning keyingi faoliyati

1961 yil 3 sentabrda Gagarin Jukovskiy nomidagi harbiy-havo injyenerlik akademiyasida ilmiy ishlarini davom ettirish uchun o‘qiy boshlaydi. 1968 yilda u diplom ishini munosib himoya qiladi. Ungacha 1964 yilda Gagarin Kosmonavtlar tayyorlash markaziga rahbar o‘rinbosari etib tayinlanadi. 1966 yilda Gagarin Xalqaro astronavtlar akademiyasiga qabul qilinadi.

O‘sha yili iyunda u yangi turdagi «Soyuz-1» kosmik kemasida parvoz qilishi mo‘ljallangan Komarov uchun zaxiradagi kosmonavt etib tayinlanadi. Ushbu parvoz muvaffaqiyatsiz amalga oshiriladi va Komarov halok bo‘ladi. Bu paytga kelib Gagarinning asosiy rahnamosi Korolyov vafot etgan edi. Aks holda halokatga uchragan «Soyuz-1» da Komarov o‘rniga Gagarin parvoz qilishi ehtimoli katta edi.

 

Fojiali halokat

1968 yil 27 mart kuni Gagarin tajribali instruktor Vladimir Seryogin rahbarligida MiG-15UTI qiruvchi samolyotini sinovdan o‘tkazish chog‘ida halokatga uchrab, ularning har ikkalasi fojiali tarzda halok bo‘ladi. Ushbu halokatga o‘z vaqtida turli sabablar taxmin qilib ko‘rsatilgan. Surishtiruv davomida samolyot asboblarning pand berishi yoki ishdan chiqqani haqida hech qanday dalil topilmagan. Shunisi aniqki, Gagarin boshqargan samolyot yerga urilib, parchalanib ketadi.

Gagarin harbiy samolyot rulida

Halokatga Gagarin samolyotni boshqara turib o‘ta xavfli manyovr qilgani sabab bo‘lgan deb hisoblanadi.

 

Gagarin haqida qiziqarli ma’lumotlar

Kosmosga parvozidan so‘ng Gagaringa 15 000 rubl (1961 yil 1 yanvarda SSSRda rubl denominatsiya qilingan va yangi pulda bu juda katta mablag‘ hisoblangan), «Volga» avtomobili, Moskvadan yaxshi jihozlangan 4 xonali kvartira sovg‘a sifatida berilgan.

Gagarin farzandlari bilan

Gagarin nafaqat SSSR va uning tarkibidagi ittifoqdosh respublikalar, balki ko‘plab xorijiy mamlakatlarning turli orden va medallari bilan taqdirlangan hamda ularning faxriy fuqarosi bo‘lgan.

Bugun dunyoning turli davlatlarida Gagarin sharafiga uning nomi qo‘yilgan shahar va qishloqlar, ko‘chalar, maydonlar, xiyobonlar bor. Shu jumladan, O‘zbekistonda ham Jizzax viloyatida Gagarin shaharchasi, Samarqandda Gagarin ko‘chasi bor.

Gagarin O‘zbekistonda

Gagarin parvozdan so‘ng qaytib tushgan joy — Smolovka qishlog‘ida unga atab yodgorlik majmuasi barpo etilgan. Antarktida qoya, Qozog‘istonda Jungar Olatovi tog‘laridagi muzlik, astroid, Oyning orqa tomonidagi kraterlardan biri Gagarinning nomi bilan ataladi.

Bugun Rossiyaning ko‘plab shaharlarida Gagaringa yodgorliklar bor. Bundan tashqari Grinvich (Angliya), Hyuston (AQSh), Toshkent, Gagarin (O‘zbekiston), Nikosiya (Kipr), Monpele (Fransiya), Tiraspol (Moldaviya), Neapol (Italiya), Almati (Qozog‘iston), Klivlend (AQSh) kabi dunyoning ko‘plab shaharlarida Gagaringa yodgorlik o‘rnatilgan.

Gagarinning Hyuston (AQSh) shahridagi haykali

Bugun Rossiyada va yana dunyoning bir necha davlatlaridagi uchuvchilar tayyorlov maktablari Gagarin nomi bilan ataladi.

Dunyo bo‘ylab bir qancha davlatda Gagarin nomi bilan ta’sis etilgan turli mukofotlar bor. 2008 yilda Sharqiy Yevropada tashkil etilgan Kontinental xokkey ligasining bosh sovrini «Gagarin kubogi»deb nomlanadi.

Sharqiy Qozog‘istondagi shaxtalardan birida topilgan noyob mineral Gagarinit deb atalgan.

Nemislar tomonidan ishlab chiqarilagan ovoz yozish uskunasiga Gagarin Records deb nom berilgan. Gagarin sharafiga tiriklik paytida va halok bo‘lganidan keyin ko‘plab pochta markalari hamda suvenirlar chiqarilgan.

Gagarinning hayoti tasvirlangan ko‘plab badiiy va hujjatli filmlar, seriallar suratga olingan.

 

Gagarinning parvozi haqida shubhalar

1991 yil, SSSR tarqab ketguncha Gagarinning koinotga parvozi haqida g‘arbliklarning turli shubhalari bo‘lgan, Ammo unga hech kim e’tibor bermagan. Sababi — SSSRda ham AQShliklarning Oyga chiqqani yolg‘onligi haqida «tadqiqotlar» e’lon qilingan va dunyo ahli har ikki tarafning bir-birini yolg‘onchilikda ayblab chiqqan da’volariga e’tibor bermagan.

SSSR parchalanib ketganidan so‘ng ham Gagarinning parvozi haqidagi arxivlarning sir saqlanishi ko‘pchilikda shubha uyg‘otdi. Bugun «Gagarin koinotga parvoz qilmagan, hammasi uyushtirilgan», deb da’vo qiladiganlar bir nechta asos keltiradi:

1. Parvoz haqidagi hujjatlar hanuzgacha sir bo‘lib qolayapti.

2. Parvoz maydonchasiga o‘shanda bironta OAV vakili kiritilmagan.

3. Parvoz rekonstruksiyalari keyin suratga olingan.

4. Gagarin koinotda bo‘lgan paytida Yerning umumiy ko‘rinishini birorta ham suratga tushirmagan.

5. Gagarinning Yerga qaytib tushishi juda shubhali. Rasmiy hisobotda Gagarin o‘tirgan katapultaning parashyuti 7 ming metr balandlikda ochilgan, deyiladi. Ungacha esa koinotdan pastga uchib tushishda havo bosimi bilan to‘qnashgan katapulta qizib ketishi natijasida Gagarin halok bo‘lishi lozim edi. Ammo negadir u zarar ko‘rmagan.

6. Gagaringacha sinov tariqasida hech kim uchmagan. Bu holat ham ko‘pchilikda shubha tug‘dirgan.

Albatta, yuqoridagi da’volarning hammasiga jo‘yali javob berib bo‘lingan. Eng muhimi, Gagarinning parvozidan keyin koinotga keng miqyosda parvozlar boshlanib ketadi va shuning o‘ziyoq Gagarinning parvozi haqiqatda amalga oshgan, degan ishonchni uyg‘otadi. Qolaversa, ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, Gagarinning parvozi paytida kosmodromda OAV vakillari bo‘lmaganining sababi, agar Gagarinning parvozi muvaffaqiyatsiz tugasa u haqda hech kim bilmasligi uchun shunday qilingan. Axir, SSSRning yana bir muvaffaqiyatsiz parvozidan g‘oyaviy dushmanlar mutlaqo xabar topmasligi kerak edi.

Xulosa shuki, bugun insoniyatning aksar qismi Gagarinni koinotga ilk parvoz qilgan inson deb biladi. Shuni o‘ziyoq ko‘p narsani anglatadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid
Top