13:40 / 29.04.2020
20465

Suv xo‘jaligi vazirligi: Olot va Qorako‘lda suv toshqini yuz berishi ehtimoli yo‘q

O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi Olot va Qorako‘l tumanlari Amudaryo va Kaspiyning suvlari ostida qolishi mumkinligi haqidagi mish-mishlarni rad etdi.

Hozirgi kunda Amudaryoda suv toshqini yuz berishi ehtimoli umuman mavjud emas. Bu haqda O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Ma'lum qilinishicha, Amudaryoning O‘zbekiston hududiga kirib keladigan nuqtasidagi Termiz suv o‘lchash postida hozirda soniyasiga o‘rtacha 1,3 ming metr kub suv oqib o‘tmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘rtacha ko‘p yillik me'yorga nisbatan uch-to‘rt baravar kam.

Shuningdek, Amudaryoning Buxoro viloyatiga suv olish hududida joylashgan Atamirat suv o‘lchash postida ham bugungi kunda soniyasiga o‘rtacha 805 metr kub suv oqib o‘tayotgan bo‘lib, bu ko‘p yillik me'yorga nisbatan to‘rt baravarga kamdir.

Amudaryoning asosiy irmog‘i – Vaxsh daryosida joylashgan Tojikistonning Nurek suv ombori umumiy hajmi 10,5 milliard kub metr bo‘lib, bugungi kunda mazkur suv omborida suv hajmi bor-yo‘g‘i 6,2 milliard kub metrni tashkil etadi. Oddiy qilib aytganda, omborda suv zaxirasi deyarli qolmagan (suv omborining o‘lik suv hajmi 6,0 milliard kub metr).

O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev Amudaryodagi suv resurslariga bog‘liq vaziyatni Tojikiston suv va energetika vaziri Usmonali Usmonzoda bilan telefon orqali muhokama qilgan. Vazir Usmonzoda Amudaryoda hech qanday toshqin bo‘lishi mumkin emasligi, bunga biror-bir omil yo‘qligini ta'kidlagan.

«Shundan ko‘rinib turibdiki, Amudaryoda suv ko‘payishi kuzatilayotgani yo‘q va bunga hech qanday sabab ham mavjud emas», deyiladi vazirlik axborotida.

Bundan tashqari, Kaspiy dengizida suv toshqini bo‘lib, O‘zbekiston hududiga, jumladan Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlarigacha yetib kelishi borasida tarqalgan mish-mishlar mutlaqo asossizligi qayd etilgan.

Xalqaro sathlar shkalasiga (Boltiq tizimiga) nisbatan Kaspiy dengizining suv sathi 27 metr pastda, Olot va Qorako‘l tumanlarining yer sathi esa o‘rtacha 190 metr yuqorida joylashgan — Kaspiy dengizining suv sathi Olot va Qorako‘l tumanlari yer sathidan o‘rtacha 217 metr pastda hamda 950 kilometr uzoqlikda joylashgan.

«Suv xo‘jaligi vazirligi xalqimizga shuni katta ishonch bilan ta'kidlaydiki, Amudaryoda, qolaversa, Olot va Qorako‘l tumanlarida hech qanday suv toshqini kuzatilmayapti va hozirgi sharoitda buning aslo ehtimoli ham mavjud emas», deyiladi vazirlik ma'lumotida.

Eslatib o‘tamiz, 28 aprel kuniga o‘tar kechasi Buxoro viloyati hududida kuchli shamol yuz berishi ortidan Olot va Qorako‘l tumani aholisi o‘rtasida suv toshqini yuz berishi haqida mish-mishlar tarqalgan va odamlar o‘z turar joylarini tashlab qirliklarga chiqib ketishi kuzatilgandi.

Mavzu
Buxoro viloyatidagi bo‘ron
2020 yil 27 aprel kuni kechasi O‘zbekistonning qator hududlarida, ayniqsa Buxoro viloyatida kuchli shamol ko‘plab talafotlarga sabab bo‘ldi
Barchasi
Top