18:48 / 06.05.2020
232418
Sardoba fojiasi: «Asr o‘pirilishi» aybdorlari suvdan quruq chiqa olmasligi shart

2017 yili «Axborot» dasturida «asr qurilishi» deb e'tirof etilgan «Sardoba» suv omborida shu yil 1 may kuni «asr o‘pirilishi» ro‘y berdi va hammayoqni suv bosdi. Suv omborda o‘pirilgan tuproq ko‘proqmi yo o‘marilgan pullarmi, hali buni aniqlashtirish kerak bo‘ladi, toki uni qurganlar suvdan quruq chiqa olishmasin.

Ayni damda eng xijolatlisi — o‘zimiz qolib, qo‘shni Qozog‘istonda ham odamlarning uyini suv bosib turibdi. Sirdaryoda xavfli hududlardan 90 mingga yaqin kishi evakuatsiya qilingan bo‘lsa, Qozog‘istonda 31 mingdan ziyod aholi o‘z turar joyini tark etishga majbur bo‘ldi. Albatta, hali o‘zimizda hamma ham yordam ololmas, ammo Qozog‘istonga yetkazilgan ninadek zarar uchun ham tovon puli to‘lab berilsa kerak.

Dastlab suv ombori to‘g‘oni devori buzilishiga kuchli shamol va kuchli yomg‘ir sabab bo‘lgani aytildi. O‘zbekistonda har yili bahor faslida jaladan so‘ng u yoki bu qishloqlarda, hatto shaharlarda suv toshqinlari yuzaga kelishi kuzatiladi. Ko‘pchilik bu safargi hodisaga ham boshida ana shunday ahamiyat bilan qaragani rost. Lekin ko‘p o‘tmay oqibat nihoyatda ayanchli ekani ma'lum bo‘la boshladi: suv toshqiniga aslida turmagan shamol va yog‘magan yomg‘ir mutlaqo aloqador emasligi ham, 4 kishi halok bo‘lib, 1 kishi bedarak yo‘qolgani ham, sog‘ uyning o‘zi qolmagani ham…

Foto: Prezident matbuot xizmati

Suv ombori qurilishi

«Sardoba» suv ombori Janubiy Mirzacho‘l kanalining markaziy tarmog‘i oqib o‘tgan hududda barpo etilgan, qurilish ishlari 2009 yilda boshlanib, 2017 yilda yakunlangan.

Uni qurishdan maqsad Sirdaryo va Jizzax viloyatlari ekin dalalarini sug‘oradigan suv bilan ta'minlash, keyinchalik bu yerda mini-GES ham barpo etish bo‘lgan (Taqdirning o‘yinini qarangki, suv omborida mini-GES uchun tamal toshi qo‘yilgani haqidagi xabarlardan 10 kun o‘tmasdan ushbu texnogen falokat yuz berdi).

Suv sig‘imi qariyb 922 mln metr kub bo‘lgan «Sardoba» suv ombori qurilishi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ qoshidagi «O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj» korxonasi boshchiligida olib borilgani ma'lum qilinmoqda.

Suv sathi balandligi 28,8 metr bo‘lgan va 404 million AQSh dollari evaziga barpo etilgan suv ombor endi qancha zarar keltirgani ma'lum emas.

Yuzasi 67,4 km² bo‘lgan suv omboridan oqib chiqqan suv qariyb uch barobar kattaroq yuza - 175,29 km² joyda toshqin hosil qilib turibdi.

Foto: t.me/makarenko_channel

O‘pirilishga nima sabab bo‘lgan?

Google Earth arxiviga murojaat qilib, «Sardoba» suv omborining qurilishi tarixiga e'tibor qilinsa, o‘sha «suv urib ketgan 6-piket» deb atalayotgan joy eng so‘nggi bosqichda bunyod etilgani, u yer eng xavfli uchastka ham emasligi, suv omborning eng sayoz joylaridan biri ekani oydinlashadi (sputnikdan tushirilgan so‘nggi fotosuratlardan ko‘rinmoqdaki, suv omborining chuqurroq qismlarida hali ham suv saqlanib turibdi).

Foto: 2015 yil 25 aprelda koinotdan tushirilgan fotosurat. 6-piket barpo etilayotgan chog‘da suv omborning bir qismida suv to‘plash boshlangan.

«Sardoba» suv omborining dambalari gruntli ko‘tarma shaklida barpo qilingan. Yurtimizda tog‘ yon bag‘irlarida emas, tekislikda barpo etilgan suv omborlarda bunday ko‘tarmalardan azaldan foydalanib kelinadi.

Biroq, suv bosimi tuproqni yuvib ketmasligi uchun Sardobada barcha ishlar risoladagidek amalga oshirilganmikan? Chunki ijtimoiy tarmoqlarda o‘sha o‘pirilgan 6-piket hududida anchadan buyon suv oz-ozdan sizib, nam bo‘lib turgani haqida yozishmoqda.

Yurtimizda gruntdan to‘g‘onlar barpo etish bo‘yicha yagona qurilish me'yorlari qoidalari qabul qilingan. U O‘zbekiston Respublikasi Arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasi raisining 1998 yil 20 martdagi buyrug‘i bilan SNiP 2.06.05-84 o‘rniga qabul qilingan QMQ 2.06.05-98 dir.

Albatta, suv omborining shimol tarafdagi suv chiqadigan va kuchli bosimli suvni tutib turadigan qismi barcha shart va talablarga rioya qilib qurilgan bo‘lishi kerak. Biroq, taxmin qilish mumkinki, aynan bosim nisbatan kamroq bo‘lgan (1), sayoz (2) va eng oxirida (3) barpo etilgan qismida (6-piket) tuproqni shibbalash ishlari, dambani suv o‘tkazmaydigan, zich holatda barpo etish qurilish tashkiloti tomonidan nihoyatda o‘lda-jo‘lda bajarilgan.

O‘pirilgan joy yaqinida baliqchilik xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatgani sababli fojiaga ularning ham ta'siri bo‘lgani tekshirib ko‘rilishi kerak.

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik yoppasiga «O‘zgidroenergo» AJ rahbari Abdug‘ani Sanginov va uning qarindoshlarini ayblashga tushib ketdi. Emishki, «Sardoba» suv ombori shu insonning bevosita rahbarligi ostida barpo etilgan. Shu yil aprel oyida tamal toshi qo‘yilgan va kelgusi yilning iyul oyida ishga tushirilishi kerak bo‘lgan 10,7 MVt.lik «Sardoba» GES esa Sanginovning o‘g‘li Islom Abdurahmonov rahbarlik qilayotgan «TO‘PALANG HPD HOLDING» MChJ tarkibidagi «Topalang HPD irrigation systems» UK tomonidan qurilayotgani ham buni isbotlaydigandek.

Xo‘sh, chindan ham «Sardoba» suv ombori qurilishida A.Sanginov bevosita aloqador firma yo tashkilotlar ishtirok etganmi? Ishtirok etgan!

«O‘zbekgidroenergo» AJ matbuot xizmatiga ko‘ra, o‘sha vaqtda 10 subpudratchi ichida «Rezaksoy suv qurilish» MChJ (hozirgi nomi – «To‘palang Water Construction» MChJ) tomonidan ishlar olib borilgan, biroq bajarilgan ishlar o‘pirilish sodir bo‘lgan hududdan boshqa joyda bo‘lgan.

Ma'lumot uchun, Abdug‘ani Sanginov 2017 yilning may oyida, «Sardoba» suv ombori ochilganidan so‘ng yangi tashkil etilgan «O‘zgidroenergo» AJga rahbar etib tayinlangan.

Qurilish vaziri Botir Zokirov, «O‘zgidroenergo» AJ raisi Abdug‘ani Sanginov va prezident Shavkat Mirziyoyev Sardoba suv omborida. 2020 yil 2 may. Foto: Prezident matbuot xizmati.

Sanginovlar oilasiga tegishli «Rezaksoy suv qurilish» MChJ 2003–2010 yilda Namangan viloyati Chust tumanidagi «Rezaksoy» suv ombori qurilishini olib boradi. Shundan so‘ng tashkilot «Sardoba» suv ombori qurilishiga ham qo‘shiladi.

Foto: Chust tumanida 2003 yilda qurilishi boshlangan va foydalanishga topshirilgan Rezaksoy suv ombori

Abdug‘ani Sanginov rahbar bo‘lgan «O‘zgidroenergo» AJ matbuot xizmati Sanginovlarning o‘pirilgan joyga aloqasi yo‘qligini ma'lum qilmoqda. Lekin ular bo‘lmasa, baribir kimdir o‘sha uchastkani qurgan-ku? Tekshirish yakunlariga ko‘ra, ularning ham nomi ham ma'lum bo‘lishi tayin.

Qurilish sohasidagi o‘pirish va o‘pirilishlar

O‘zi nega suv ombori qurilishi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga berilgani ham juda katta savol bo‘lib turibdi. Temiryo‘lchilar shunchalik usta quruvchilarmidiki, O‘zbekistondagi temir yo‘lga tegishli bo‘lgan va tegishli bo‘lmagan barcha «yog‘li» joylar ularga nasib etaversa?!

Temiryo‘lchilar qurgan Qamchiq dovonidagi temiryo‘lda ko‘chki va o‘pirilish sodir bo‘lganini eslang. «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ oradan 2 yil o‘tib (!) bu voqeaga izoh berishga o‘zida kuch topa olgan edi.

Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on temir yo‘lida har yili tuproq va seldan o‘pirilish bor. Har yili!

Yunusobod metro liniyasi qurilishi vaqtida tuproq oddiy yomg‘irdan o‘pirilib, 6 o‘g‘lonni bosib qolganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi.

400 million AQSh dollari chakana pul emas axir! Shunchaki 27888 m masofaga tuproqni surib qo‘yish 400 million dollarga tushmasa kerak? Balkim xorijlik (aytaylik, Xitoy kompaniyasi) shu ishni 100 million dollarga sifatli va kafolatli qila olgan bo‘larmidi. Kimdir shu masalaning ham oxiriga yetarmikin?

Xullas, mana shunday oqibati qo‘shni davlatga ham ziyon yetkazadigan loyihalarni xalqaro miqyosda ekspertizadan o‘tkazib, tender e'lon qilib, imkoni bo‘lsa mahalliy quruvchilarni umuman yaqinlashtirmasdan xorijlik nomdor qurilish kompaniyalari ishtirokida qurish kerakmidi?

Faqat shaffoflik bizni qutqaradi

Umuman, eng korrupsiyalashgan hisoblanuvchi qurilish sohasi qachon shaffoflashadi? Nega bizda ulkan qurilishda xorijiy kompaniyalarning ishtirokiga yo‘l qo‘yilmaydi? Nima uchun faqat o‘zimiznikilar o‘z ammasining o‘g‘li, tog‘asining jiyani nomiga ochilgan firmalar yordamida nomigagina o‘tkaziladigan tenderlarda g‘olib chiqib, obektni «mendan ketguncha egasiga yetguncha» tarzida qurishi kerak?

Davlat ahamiyatidagi loyihalar nega allaqaysi amaldorning jimjimador imzosi bilan amalga oshirib ketilmoqda?

Ana shunday loyihalardan biri tufayli Shahrisabz shahrining tarixiy markazi YuNeSKO ro‘yxatida Afg‘onistondagi Bamiyon vodiysida «tolibonlar» tomonidan portlatilgan buddalar haykali bilan bitta ro‘yxatda turibdi. Ya'ni, Shahrisabzni obod (aslida vayron!) qilgan o‘sha loyihani tasdiqlaganlar va tolibonlarning farqi yo‘q, mohiyatan.

Yana bir masala: qurilish obektlarini ma'lum bir sanaga mo‘ljallab, haybarakallachilik va shoshma-shosharlik bilan qurib topshirishga qachon barham beriladi?

Olotda ko‘rdik namunaviy uylarning ahvolini. Men qo‘rqamanki, shahar va tumanlarda qurilayotgan 2 qavatdan 7 qavatgacha bo‘lgan arzon turar joy binolari 5-6 ballik zilzilaga dosh berarmikan? Xudo ko‘rsatmasin-u, 7-8 ballik zilzila ro‘y bersa qartadan yasalgan uychadek barchasi qulashi aniq. Qurilish sohasida qanaqa o‘g‘riliklar bo‘lishini hatto tasavvur ham qilish qiyin. Sifat esa eng oxirgi o‘rinda bo‘lib qolmoqda.

«Qishloqqurilishinvest», «Shaharqurilishinvest» deb ataladigan yuho tashkilotlarning ham barcha tenderlarini shaffoflashtirish kerak. Faqatgina shaffoflik va kuchli jamoatchilik nazorati bilan qurilish sohasidagi qing‘irliklarga barham berish mumkin. Bo‘lmasa, yeng ichida ish bitirish bo‘yicha bu insonlar faranglarga ham dars beradi. O‘zlariga balo ham urmaydi. Kerak bo‘lsa, Sardobaning suvidan ham quruq chiqishadi ular. Jabrini esa har doimgidek oddiy xalq tortadi.

Kecha prezident Shavkat Mirziyoyev ham videoselektorda qurilish sohasidagi sifatsiz ishlarga e'tibor qaratdi.

«Qayerda sifat bo‘lgan bo‘lsa, natijasi ko‘rinib turibdi. Qayerda sifat bo‘lmagan bo‘lsa, korrupsiya, o‘g‘rilik, tenderlarni «ura-ura» qilgan tashkilotlar... bosh vazir o‘rinbosarlari, «bajaramiz», «yest» qilamiz, degan odamlar endi ishlolmaydi. Bu ishning yakuni boshqacha bo‘ladi. Juda katta tahlil qilaman, majburman tahlil qilishga. Ko‘p odamlar bilan xayrlashishga majbur bo‘laman... Endi bunday ishlash bo‘lmaydi. Alloh taolo bu safar ham aytyapti: «Ey, bandam, ko‘zingni och! Xalqqa halol mehnat qilish kerak, deyapti. Halol!» deya gapirdi prezident. Bu so‘zlar prezident matbuot xizmati tomonidan ham, «Axborot» propaganda dasturida ham keltirilmagan.

Prezident odamlarning dilidagi, qilinishi shart bo‘lgan ishlarni gapirmoqda. Lekin kimlardir shuncha ko‘rguliklardan keyin ham prezidentning bu so‘zlariga qarshidek, o‘zgarishlar bo‘lmasligini, barchasi avvalgidek qolishini istayotgandek…

«Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda bo‘lsa ham chiqadi», deyishgan. U eski zamonlarning gapi. Hozirgi tezlashgan zamonda bunday «misi chiqishi»-yu, «fosh bo‘lish»lar 4 yilga ham bormayapti. O‘zimiz aql bilan o‘zgaraylik, yo‘qsa ona tabiat baribir o‘zgartiradi bizni.

Shuhrat Shokirjonov.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top