14:47 / 07.05.2020
10178

Termizda Rossiyaning Sharqiy Yevropa nodavlat instituti noqonuniy ta'lim faoliyati bilan shug‘ullanayotgani ma'lum bo‘ldi 

O‘zbekiston OTMlarida ta'lim jarayonlari masofaviy shaklda tashkil etilgani niqobi ostida ko‘plab konsalting tashkilotlari o‘z reklamalarida «diplomi O‘zbekistonda to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olinadi» kabi asoslanmagan ma'lumotlar bilan masofaviy ta'lim beradigan xorijiy OTMlarni targ‘ib qilmoqda.

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan ayni paytda O‘zbekistonda diplomi tan olinmaydigan OTMlarda o‘qish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib borayotgan konsalting xizmatlari va ayrim jismoniy shaxslar aniqlanmoqda.  

Inspeksiya ularning O‘zbekistonda diplomi tan olinmaydigan shakldagi ta'lim turiga yoki ta'lim muassasalariga hujjat topshirish uchun targ‘ibot ishlari bilan shug‘ullanayotgani haqida xabar berdi.

«Masalan, Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 22-sonli musiqa, san'at va baxshichilik maktabi binosida Rossiya Federatsiyasining Sharqiy Yevropa nodavlat institutining (Vostochno-yevropeyskiy institut)  masofaviy oliy ta'lim xizmatlarini ko‘rsatib kelayotgan konsalting xizmati aniqlandi. Buning uchun tashkilot O‘zbekistonda faoliyat yuritish uchun litsenziya  olmagan», - deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, inspeksiya matbuot xizmati bergan qo‘shimcha ma'lumotga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Ta'lim va fanni nazorat qilish xizmatining rasmiy sayti orqali tekshirilganda Sharqiy Yevropa nodavlat institutining akkreditatsiyasi ham bekor qilingani ma'lum bo‘ldi. Bu esa muassasa diplomi Rossiya Federatsiyasida ham tan olinmasligini anglatadi.

Bundan tashqari, inspeksiya karantin sababli OTMlarda ta'lim jarayonlari masofaviy shaklda tashkil etilgani niqobi ostida ko‘plab konsalting tashkilotlari o‘z reklamalarida «diplomi O‘zbekistonda to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olinadi» kabi asoslanmagan ma'lumotlar bilan masofaviy ta'lim beradigan xorijiy OTMlarni targ‘ib qilayotganidan ogohlantirmoqda.

«Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunda ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda (kunduzgi, sirtqi hamda kechki ta'lim shakllari ko‘zda tutilgan) ta'lim olish belgilangan, lekin masofaviy ta'lim shakli ushbu qonun hujjatida ko‘zda tutilmagan», deyiladi xabarda.

Ta'lim inspeksiyasi noto‘g‘ri ma'lumotlarga ishonib, faoliyati haqida yetarli ma'lumot to‘planmasdan, xorijiy OTMda o‘qib olingan hujjatlar amaldagi qonunchilikka to‘g‘ri kelmasligi turli e'tirozlarga sabab bo‘ladi, shuning uchun OTMga hujjat topshirishda e'tiborli bo‘lish zarurligini ta'kidlagan. 

Top