21:24 / 13.05.2020
39098
«Tomorqani bo‘sh qo‘ymanglar deyishdi, hosil tayyor bo‘lganda esa xaridor yo‘q» - piyoz yetishtirgan denovlik dehqonlar

Kun.uz tahririyatiga Surxondaryo viloyati dehqonlaridan murojatlar kelib tushyapti. Dehqonlarning aytishicha, Surxondaryoda har yilgidek katta miqdorda piyoz yetishtirilgan, hozirda mahsulot deyarli pishib yetilgan, ammo uni eksport qilish tadbirlari hanuzgacha yo‘lga qo‘yilmagan.

«Piyozimiz yana biroz yerda qolsa, chiriy boshlaydi, nobud bo‘ladi», – deyiladi Denov tumanidan bizga kelgan videomurojatda.

Denovlik dehqonlarning ta'kidlashicha, eksportga mo‘ljallangan temir yo‘l vagonlari Sirdaryo viloyati bekatlariga qo‘yilgan, piyoz hosili esa asosan Surxondaryoda.

«Mahalla raislari uyma-uy yurib, tomorqalaringizni bo‘sh qo‘ymanglar, mahsulotingiz eksport bo‘ladi, deb bizni ruhlantirgan edi, endi esa biz dehqonlar mana bunday vaziyatga tushib turibmiz — piyozimizni 400-500 so‘mdan so‘rashyapti, bu narx xarajatimizni hatto qoplamaydi», – deyishmoqda dehqonlar.

Ularning tushuntirishlaricha, 1 tonna piyoz yetishtirish tannarxining o‘zi 1 mln so‘mga tushgan.

Ta'kidlash kerakki, bahorgi (ertapishar) piyoz tarkibida suv miqdori ko‘p bo‘lgani bois, uni kuzgi piyoz kabi bir necha oy davomida saqlab turish dehqonlar uchun mushkullik tug‘diradi — piyoz tezda chiriy boshlaydi.

Yetishtiriladigan mahsulot hajmi katta bo‘lgani bois, uni tezda mamlakat bozorlariga yetkazish hamda chet elga eksport qilish muhim. Bu ish qilinmasa, ko‘plab dehqonlar xarajati va mehnatiga kuyib qoladi, bu esa piyoz yetishtirishga ixtisoslashgan hududlar aholisining moliyaviy holatiga zarba bo‘ladi.

Hozirgi qiyin, karantinli vaziyatda esa bu oilalarning yanada og‘ir ahvolda qolishiga omil bo‘ladi.

Shokir Sharipov

Top