00:53 / 15.05.2020
99824
Toshkentda ham kun davomida avtomobilda maxsus ruxsatnomasiz harakatlanishga ruxsat berildi

18 maydan boshlab «sariq» toifadagi hududlarda soat 06:00 dan 22:00 ga qadar shaxsiy avtotransportlarda maxsus ruxsatnomasiz harakatlanish mumkin bo‘ladi.

Respublika maxsus komissiyasining 14 may kungi qaroriga ko‘ra, 18 maydan boshlab shaxsiy avtomobillar harakati bo‘yicha cheklovlar bosqichma-bosqich bekor qilinadi.

«Yashil» toifadagi hududlarda — Respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishining 2020 yil 6 maydagi 21-son bayoni bilan avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishiga ruxsat berilgan.

Bunda avtotransport vositalarining salonida 4 kishidan ortiq bo‘lmasligi lozim.

«Sariq» toifadagi hududlarda soat 06.00dan – 22.00ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishiga ruxsat beriladi. Bunda avtotransport vositalarining salonida 4 kishidan ortiq bo‘lmasligi lozim.

«Qizil» toifadagi hududlarda — avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishiga faqatgina kunning muayyan vaqtida (07:00dan – 10:00gacha, 17:00dan – 20:00 gacha) fuqarolarning ish joyiga borib-kelishi, tibbiy buyumlar, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun harakatlanishiga ruxsat beriladi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahri Surxondaryo va Xorazm viloyatlari qatorida «sariq» hudud (so‘nggi 14 kun davomida koronavirus infeksiyasiga chalinganlar aniqlanmagan, biroq ushbu kasallikka chalingan va davolanayotgan bemorlar mavjud bo‘lgan hududlar) hisoblanadi.

Komissiya qaroriga ko‘ra, 8 may kunidan Navoiy, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari «yashil» hududlar (koronavirus infeksiyasiga chalingan shaxslar aniqlanmagan yoki aniqlangan shaxslar to‘liq sog‘aygan) sifatida tasniflangandi, ammo o‘tgan vaqt davomida Navoiy viloyatida yangi kasallanish holatlari aniqlandi, Farg‘ona viloyati esa 14 may kuni koronavirusdan xoli hududga aylandi.

Respublikaning boshqa hududlari «qizil» hududlar (so‘nggi 14 kun ichida koronavirus infeksiyasiga chalingan shaxslar aniqlangan hududlar) sifatida belgilangan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top