16:08 / 18.05.2020
52835
Toshkentdagi oilaviy poliklinikalardan biri karantinga yopildi

Uchtepa tumanidagi 62-sonli oilaviy poliklinika «Bilayn» kompaniyasida ishlaydigan karantindagi xodim poliklinikaga kelgani sababli yopilgan.

Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov 18 may kuni o‘tkazilgan onlayn brifingda Toshkent shahridagi oilaviy poliklinikalardan biri karantin tufayli yopilgani haqida ma'lumot berdi. 

«Uchtepa tumanidagi 62-sonli oilaviy poliklinika «Bilayn» kompaniyasida ishlaydigan, karantindagi xodim poliklinikaga kelgani sababli yopilgan.

O‘sha kuni smenada bo‘lgan 11 nafar shifokor Yuqori Chirchiq tumani va O‘rtasaroy aholi yashash punktidagi karantin zonasiga yuborildi. Qolgan xodimlar uy sharoitida karantinga olingan», degan Nurmat Otabekov. 

Uning qayd etishicha, hozircha 62-sonli oilaviy poliklinikaning karantinga olingan xodimlarining birortasida ham koronavirus aniqlanmagan, ular faqatgina muloqotda bo‘lgani uchun 14 kun davomida karantin sharoitida tibbiy nazorat ostida bo‘lishadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Bilayn» kompaniyasining 91 nafar xodimi karantinga olingani haqida ma'lumot berilgan edi. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top