00:17 / 18.05.2020
50196
Xorazmda kuchli shamol binolar tomiga zarar yetkazdi

17 may kuni soat 17:00 atrofida Xorazm viloyatida kuchli shamol esishi kuzatildi. Natijada bir nechta binolar tomiga zarar yetdi.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, shamol tezligi soniyasiga 15-25 metrni tashkil etgan.

Natijada ayrim korxona, tashkilot va ko‘p qavatli turar joylarning tom qismiga zarar yetgan.

Foto: Xorazm viloyati hokimligi

«Hodisalar oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan 3ta maxsus texnika va 20 nafar shaxsiy tarkib jalb etilib, zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda», – deyiladi FVV xabarida.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

«Ayni damda «Xorazm xududiy elektr tarmoqlari» AJ ham yuzaga kelgan avariyalarni bartaraf etib, navbatma-navbat elektr uzilishlarini bartaraf qilishmoqda. Qisqa muddatda avariyalarni bartaraf qilib, elektr energiyasi yetkaziladi», – deyiladi Xorazm viloyati hokimining Telegram`dagi kanalida.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Foto: Xorazm viloyati hokimligi

Bu yilgi bahor O‘zbekistonda qator talafotlar bilan kechmoqda. 27 aprel kuni Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilgan kuchli shamol oqibatida bir kishi vafot etib, 41 kishi jarohat olgan edi.

Tabiiy ofat Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlariga yetkazgan zarar davlat budjetiga kamida yuz milliard so‘mga tushdi.

Bundan tashqari, qator hududlarda sel kelib, aholi xonadonlarini suv bosdi, infratuzilma obektlari, xususan yo‘llar va ko‘priklarga zarar yetdi.

Jizzax viloyatida bir hafta ichida uch nafar voyaga yetmagan o‘g‘il-qiz sel qurboniga aylandi. So‘nggi bir hafta ichida Jizzax viloyatining Jizzax va Sharof Rashidov tumanlarida, Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy va Boysun tumanlarida, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida ham sel kuzatildi.

Top