21:15 / 23.05.2020
77265

17 yoshida 29ta universitetga o‘qishga kirgan litsey o‘quvchisi: «Inson o‘z kuchiga ishonishi kerak»

Toshkentdagi «International House Tashkent» akademik litseyining 2-bosqich talabasi Sunnatillo Mahmudov Yevropa mamlakatlari va Amerikada joylashgan 20dan ortiq universitetga hujjat topshirib, ijobiy javob oldi.

IELTS`dan 6,5 ball, SAT imtihonidan 1100 ball to‘plagan 17 yoshli o‘smir jami 29ta universitetga kirgan. Sunnatillo Kun.uz muxbiri bilan suhbatda qanday qilib bunday natijaga erishgani haqida so‘zlab berdi.

«Men umumiy hisobda 29ta universitetga kirishga muyassar bo‘ldim. 27tasi xorijda – Amerika, Angliya, Shveytsariya, Germaniya va Dubayda joylashgan, ikkitasi O‘zbekistonda.

Hujjat topshirish jarayoniga kelsak, Amerikada Common Application degan platforma bor. Siz u yerda 20ta universitetga hujjat topshirishiz mumkin. Men Common Application`dan 5ta universitetga topshirdim.

Qolgan univeritetlarga esa, har bir universitetning qabul uchun onlayn ariza yuborish tizimi bor, shu orqali ham hujjat topshirdim. Onlayn hujjat topshirishda sizga xalqaro talabalar bilan shug‘ullanadigan konsultant beradi. Siz o‘sha odam bilan hujjat topshirish jarayoni, universitetga qanday kirish, nimalar kerakligini so‘rasangiz bo‘ladi.

Angliyaga keladigan bo‘lsak, u yerda ham xuddi shunday platforma bor. Xalqaro va Angliyani talabalari uchun chiqarilgan platforma UCAS deyiladi. Men UCAS orqali 3ta universitetga kirdim. Qolganlariga esa Amerikadagi universitetlar bilan bo‘lgani kabi, onlayn ariza topshirish orqali kirdim.

– Bu hujjat topshirish jarayonida nimalarga e'tibor berish kerak? Xorijiy o‘quv yurtlari qanday talablar asosida qabul qiladi, nimalarga ahamiyat qaratadi?

– Xorijdagi universitetlar birinchi navbatda xalqaro talabalarning baholariga, IELTS sertifikati, SAT sertifikati ballari, litsey yoki maktabdagi baholariga juda katta e'tibor qaratadi.

O‘qishdan tashqari nimalar bilan band bo‘lganingizga ham ancha katta e'tibor qaratiladi. Misol uchun, volontyorlik, master-klasslarda qatnashganlaringiz, qaysi konferensiyalarda qatnashgansiz, sport sohasidagi yutuqlaringizni ham inobatga olishadi.

– Qabul qilingan oliy o‘quv yurtlaringizdan qaysi birida o‘qishni davom ettirmoqchisiz?

– Niyatim – Amerika yoki Angliyada o‘qimoqchiman. Sababi Amerika va Angliya universitetlari dunyo bo‘yicha eng yuqori o‘rinda turadi. Ularning reytingi juda baland.

Agar IELTS, SAT imtihonlaridan ballaringiz yoki maktab, litseydagi baholaringiz yaxshi bo‘lsa, ular sizga scholarship, ya'ni grant berishga tayyor. Ular qobiliyatli bolalarni qidirishadi.

Men Amerikaning Ohayo shtatida o‘qimoqchiman. U yerdagi bir nechta universitetga qabul qilinganman. Ohayo – boshqa shtatlarga taqqoslaganda xalqaro o‘quvchilar uchun ham yashash, ham o‘qish arzonroq.

Angliyaga keladigan bo‘lsak, men u yerda Manchester va Northempton universitetlariga kirganman. Shularning birida o‘qish niyatim bor.

Agar imkon berilsa, Angliyadan ko‘ra ko‘proq Amerikada o‘qish niyatidaman.

– Nima uchun aynan xorijda o‘qishni maqsad qilgansiz?

– O‘qishimni xorijda davom ettirishimning sababi, aytganimdek, u yerdagi universitetlar reytingi juda baland. Men u yerdagi muhit, ularning hayot tarzi, qanday yashashi, ishlashini o‘rganib, O‘zbekistonga kelib o‘zimning sohamga hissa qo‘shmoqchiman. Shuning uchun ham xorijda o‘qishni niyat qilib qo‘yganman.

– Bu orzu qachon tug‘ilgandi?

– Litseyimizda 3 yildan beri universitetga kirish rekordi yangilanib kelyapti. O‘tgan yili litseyimizdan bir qiz o‘qishga kirgan edi, men o‘sha qizga qarab havas qilib, harakat qildim. Litseyga kirdim, IELTS va SAT topshiraman, litseyni yaxshi baholarga bitirib, men ham shunday universitetlarda o‘qishga kiraman, deb oldimga maqsad qo‘ydim. Va orzularimga, maqsadimga erishdim.

– Nima deb o‘ylaysiz, orzu va maqsadlarga erishish uchun insondan nimalar talab qilinadi?

– Birinchi o‘rinda o‘ziga ishonishi kerak. Men buni qila olmayman, qo‘limdan kelmaydi desa, odam buni qila olmaydi. Lekin men qila olaman, qo‘limdan keladi, mayli achchig‘ini ham ko‘raman, deb agar odam harakat qilsa, maqsadga erishsa bo‘ladi.

Harakatda barakat. Agar harakat qilsa, Alloh ham beradi.

– Siz uchun eng katta qiyinchilik nima?

– Qiyinchilik bu – oyoqqa turib olish. Universitetni bitirgandan keyin oyoqqa turib, oilani boqib, yaxshi kasb egasi bo‘lish. Lekin aytganimdek, kuchli maqsad bo‘lsa, hamma ishning iloji bor. Ilojsiz narsaning o‘zi yo‘q.

– Kelajakdagi rejalaringiz qanaqa, o‘zingizni 10-15 yildan keyin qanday tasavvur qilasiz?

– Bu savolga aniq javob bera olmayman. Lekin universitetni bitirgandan keyin Amerika yoki Germaniyada magistraturada o‘qib, u yerda ishlab, so‘ng O‘zbekistonga kelib, o‘z soham bo‘yicha raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish.

– Hozir nimalar bilan bandsiz?

– Hozirga kunda «International House Tashkent» akademik litseyida 2-bosqich o‘quvchisiman. Biz davlat imtihonlariga tayyorlanyapmiz, onlayn darslar bilan bandmiz.

Undan tashqari, matematika fanidan o‘z ustimda ishlamoqdaman.

– Muvaffaqiyatga erishishda muhit ham sababchi bo‘ladi. Sizga ko‘proq nimalar va kimlar yordam berdi?

– Birinchi o‘rinda oila a'zolarimga katta minnatdorchilik bildirmoqchiman. Agar ular meni qo‘llab-quvvatlab, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmaganda, yutuqqa erisha olmagan bo‘lardim.

Akam Toshkentdagi Vestminster universitetini bitirgan. Ularga ham katta rahmat aytaman, chunki akam bo‘lmaganda ham menga juda qiyin bo‘lar edi. Ingliz tilini boshlashda, matematikada, universitetga topshirishlarda hammasida akam sababchi bo‘lganlar va yutuqlarimda katta rol o‘ynadilar.

Ikkinchi o‘rinda esa, litseyimga katta minnatdorchilik bildiraman. Litsey bizga katta yo‘l ochib berdi, har ikki haftada litseyimizga xalqaro universitetlar kelib, master-klass, prezentatsiyalar o‘tkazar edi. Ulardan biz motivatsiya oldik.

– Xorijda o‘qishga, qiyinchiliklariga o‘zingizni tayyor, deb his qilasizmi?

– Xorijga o‘qish uchun ketaman, degan maqsadni kecha o‘z oldimga qo‘yganim yo‘q. Bunga 2-3 yildan beri tayyorlanib kelmoqdaman. Akam ham Amerikada bo‘lganlar va tushuntirganlar: og‘irligi bo‘ladi, ham o‘qib, ham ishlash, begona yurt, til boshqa, atmosfera boshqa...

Lekin men shu narsaga tayyorlanib keldim. O‘ylaymanki, chetga ketishga tayyorman. Baribir hamma joyda qiyinchilik bo‘ladi – O‘zbekistonda qolsangiz ham, chet elga ketsangiz ham.

– Kelajakda qaysi sohani tanlamoqchisiz va qaysi kasb egasi bo‘lmoqchisiz?

– Men kelajakda Accounting and finance sohasini tanlamoqchiman, ya'ni buxgalteriya va moliya. Bu sohani o‘zimning davlatimda ham, xorijda ham rivojlantirmoqchiman.

Qiziqishlarim bu sohamga juda yaqin – matematika va ingliz tili. Univercitetga kirganimdan keyin to‘rtinchi tilni o‘rganish niyatim bor.

Suhbatni to‘liq Kun.uz`ning YouTube`dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Rahmatillo Isroilov suhbatlashdi.

Mavzu
“Optimist” rukni
Kun.uz tengdoshlaridan g‘ayrat-shijoati va kreativligi bilan ajralib turadigan yoshlar haqida turkum ko‘rsatuvlar berib bormoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top