22:12 / 09.06.2020
33850

Shuhrat G‘aniyev boshchiligidagi delegatsiya Botken viloyati gubernatori bilan uchrashuv o‘tkazdi

Qirg‘iziston delegatsiyasi a'zolari ular tomonidan mamlakat hududidan anklav So‘x tumani hamda Shohimardon va Yordon qishloqlariga aholining erkin borib-kelishida hech qanday to‘siq yoki muammolar bo‘lmasligini ta'kidladi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati

Bugun, 9 iyun kuni Qirg‘iziston Respublikasi Botken viloyati rahbariyati tashabbusi bilan uning hududida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev va Botken viloyati gubernatori Alisher Abdurahmonov  o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda shuningdek, chegara qo‘shinlari, xavfsizlik xizmati, ichki ishlar, bojxona boshqarmalarining boshliqlari hamda viloyat prokurorlari, Qirg‘iziston Respublikasi hukumati a'zolari ishtirok etdi.

Unda O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlarining oliy darajadagi uchrashuvlarida erishilgan o‘zaro do‘stona, strategik hamkorlik kelishuvlari o‘z kuchida qolishi va bundan buyon ham unda belgilangan vazifalar ijrosi izchil ravishda amalga oshirilishi ta'kidlandi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati

“O‘z navbatida transchegaraviy suv resurslaridan hamda yaylovlardan foydalanishda amaldagi qonunchilik me'yorlaridan tashqari bag‘rikenglik va azaliy do‘stona munosabatlarga asoslanadi.

Qirg‘iziston delegatsiyasi a'zolari ular tomonidan mamlakat hududidan anklav So‘x tumani hamda Shohimardon va Yordon qishloqlariga aholining erkin borib-kelishida hech qanday to‘siq yoki muammolar bo‘lmasligini, bu hududlarga oziq-ovqat, xalq iste'moli va qurilish mollari yetkazuvchi yuk mashinalarining harakati aslo chegaralanmasligini alohida urg‘uladilar”, deyiladi xabarda.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati

Muzokaralar chog‘ida har ikki tomon vakillari yaqinda bo‘lib o‘tgan So‘x tumanidagi ko‘ngilsizliklar O‘zbekiston va Qirg‘iziston, Farg‘ona va Botken viloyatlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga aslo putur yetkazmasligini qayd etdi.

Shuningdek, tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham hamfikr ekanliklarini bildirib, bir qator kelishuvlarga erishdi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati
Top