08:32 / 10.06.2020
28066
Toshkentda uch kun ichida 203 kishidan 221ta pichoq topildi 

Yil boshidan 5 oy ichida jami 4 548ta pichoq hamda boshqa sanchadigan va kesuvchi buyumlar, 20tadan oshiq bitalar hamda 50dan ziyod kastet va boshqa buyumlar topilgan.

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

Shayxontohur va Yashnobod tumanlarida so‘nggi payt sodir bo‘lgan hodisalar tufayli, “Xavfsiz hudud” tadbiri doirasida Toshkent shahar IIBB xodimlari O‘zbekiston Milliy gvardiyasi xizmatchilari bilan hamkorlikda, o‘zlari bilan bita, kastet, pichoq va boshqa kesuvchi va sanchadigan buyumlarni olib yuradigan shaxslarni aniqlash bo‘yicha profilaktik ishlar olib bormoqda.

IIBB xabariga ko‘ra, barcha pichoqlar juda yaxshi charxlangan bo‘lib, ularning aksariyati maishiy ehtiyojlarga mo‘ljallanmagan. Bundan tashqari, uch kun ichida 20ta metall tayoq, chiviqlar (qulaylik uchun ularning tutqichi izolenta bilan o‘ralgan), professional va qo‘lbola bitalar, kastetlar va boshqa insonga zarar yetkazish uchun qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan buyumlar topildi.  

Yil boshidan 5 oy ichida jami 4 548ta pichoq hamda boshqa sanchadigan va kesuvchi buyumlar, 20tadan oshiq bitalar hamda 50dan ziyod kastet va boshqa buyumlar topilgan.

“Hurmatli hamshaharlar va shahrimiz mehmonlari! Yaqinlaringizga tushuntiring: pichoq olib yurish ko‘pincha baxsiz hodisalarga olib keladi. Arzimas kelishmovchilik vaqtida ham shaxslar pichoq, bita, kastet va boshqa buyumlarni ishga solishadi. Natijada, bir kishi shifoxonaga, ikkinchisi – sudlanuvchilar kursisiga tushadi. O‘ylab ko‘ring: sizga pichoq olib yurishning nima keragi bor? O‘zingizni himoya qilish uchunmi? Kimdan himoya qilish uchun? Axir siz shuncha “qotillik qurollari”ni olib yurib, atrofdagilar uchun xavf tug‘dirmaysizmi?” - deyiladi IIBB ma'lumotida.

O‘zbekiston Respublikasining “Qurol to‘g‘risida”gi Qonunining 9-moddasiga binoan:

O‘zbekiston Respublikasi hududida kasbiy yoki sport faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan, sport va xo‘jalik-maishiy maqsadlar uchun mo‘ljallangan ashyolarni (beysbol bitalarini (chillaklarini), softbol o‘yini uchun bitalarni (chillaklarni), pichoqlarni, shu jumladan terini ajratib oladigan (shilib oladigan) pichoqlarni hamda sopol, plastmassa va boshqa nometall materiallardan yasalgan pichoqlarni jamoat joylarida ochiq (g‘ilofsiz) holda olib yurish taqiqlanadi.

Top