Kun.uz muxbiri Xurshida Ubaydullayeva bilan olimalik mashaqqatlari, ayol uchun ilmning ahamiyati xususida «O‘zbekoyim» ruknida suhbatlashdi.
Ayol olima uchun atrofdagilarning tushunishi muhim
– Ayol sifatida ham oila, ham ilmni qilishda qiyinchiliklar, oilada kelishmovchiliklar bo‘lgan. Ammo ayol kishi ilm qilishida atrofdagilarning qo‘llab-quvvatlashi muhim.
Inson ulg‘aygani sari hamma narsaga ulgursa bo‘ladi, degan ko‘nikma paydo bo‘lar ekan. Ham oilani, ham ilm-fanni baravar olib borishga harakat qilardim. Ilmiy ishlar jarayonida tungi 10-11gacha qolib ketardik. Turmush o‘rtog‘im avvaliga tushunmadilar, tushunishni istamadilar. «Sen uch bolaning onasisan. Oila birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak», derdilar. «Oilani ham, ilmni ham qilishga harakat qilaman», derdim. Odamzot o‘z oldiga to‘g‘ri maqsad qo‘ysa, shunga yarasha harakat qiladi. Ertalab biron ish qilmasam, qaynonam xafa bo‘lmasinlar, turmush o‘rtog‘im norizo bo‘lmasin deb ham ulgurishga harakat qilardim.
Yaqinda qaynonam: «Xurshida, balki endi bas qilarsiz, charchadingiz, bolalarni uyli-joyli qilish kerak», deb qoldilar. «Hammasi o‘z vaqtida bo‘ladi. Unisini ham, bunisini ham qilamiz. Men endi doktorlikka erishdim, nechta shogirdim qarab turibdi, qanday qilib bu qorako‘zlarni tashlab ketaman? Davlat oldida qancha qarzim turibdi, davlatimga qancha ishlab berishim kerak», deb tushuntirdim. Tushundilar. Ular tushunganlari uchun ham men bu faoliyatim bilan mashg‘ulman.

«Bolalarimga mehr bera olmadim, lekin ular mustaqillikka o‘rganishdi»
– Bolalarimga to‘laqonli ona mehrini bera oldim, deb o‘ylamayman. 2008 yillarda paxtaning «Porloq» navlari ustida ishlayotgan davrimizda dalalarga chiqib ketardik, kechki payt ham laboratoriyalarda ish davom etar, bolalarim bog‘chada kechki smenada qolib ketishardi. Bog‘cha opasiga qo‘ng‘iroq qilib, hozir ilmiy ishimni tashlab ketishim qiyin, qarab turing, deb iltimos qilardim.
Institutdan chiqib bog‘chaga yetib borgunimcha 10-11 bo‘lib ketardi. O‘sha bog‘cha opaga hozir mingdan-ming rahmat aytgim keladi. «Qizim, hech ham xijolat bo‘lma. Men ilmni yaxshi ko‘raman, bolalaringni ushlab turaman», derdilar.
Farzandlarimga «sizlarga to‘la mehr bera olmadim», desam, «ona, hech unday demang. Qiynalganimiz uchun ham o‘zimiz oyoqqa turdik. Agar siz hamma narsani muhayyo qilganingizda, balki maqsadlarimizga yetishmasmidik», deyishadi. Onamizning vaqti yo‘q, deb ko‘p joylarga o‘zlari borishar, masalalarini mustaqil hal qilishardi.















