18:44 / 19.07.2020
8492

Yangi davr yulduzlari: Meyson Grinvud

Yaqinda Messi va Ronaldudan bo‘shashi kutilayotgan taxt uchun da'vogarlar ko‘p. Mbappe, Holand... Bugungi qahramonimiz Meyson Grinvud kattalar ichidagi ilk mavsumini o‘tkazayotgan bo‘lsa-da, o‘ziga juda katta e'tiborni tortib ulgurdi.

IMAGO-IMAGES.DE/GLOBAL LOOK PRESS

Meyson Grinvud 18 yoshda. U kattalar futbolida ilk mavsumida o‘tkazmoqda. «Manchester Yunayted» tarkibida 43 o‘yin o‘tkazib, 15 gol urdi va yana 5 golga hammualliflik qildi. Mavsumda u jamoaning uchinchi to‘purari bo‘lib turibdi, klub safidagi gollar bo‘yicha Falkao, Sanches va Di Mariyaning umumiy ko‘rsatkichidan ham oshib ketib bo‘ldi.

Grinvudni nafaqat «MYu» yoki Angliya, balki butun Yevropada o‘ziga xos hujumchiga aylantirayotgan yana bir jihat bor – u vaziyatlardan foydalanish bo‘yicha eng yaxshi natijaga ega. Kutilgan gollar (xG) bo‘yicha atigi 3 gol urishi mumkin bo‘lgan Meyson 9 marta raqib darvozasini ishg‘ol qilib ulgurdi.

Yevropa chempionatlarida hech qaysi hujumchi xavfli bo‘lmagan vaziyatlarni golga aylantirish bo‘yicha bu qadar yuqori natijaga ega emas, agar yevrokuboklarni ham hisobga oladigan bo‘lsak, faqat Xoland biroz yaqin keladi.

Grinvudning siri nimada?

Grinvudning siri, u ko‘proq o‘tkir burchaklardan, jarima maydoni tashqarisidan yoki himoyachilar orasidan turib zarbani ijro etishidir. Bunday shartlarda darvozaga aniq zarba berishning o‘zi mushkul, to‘g‘ri borgan taqdirda ham, darvozabonlar qaytarishi ehtimoli katta – ammo Grinvud tepadi, darvozabonlar ushlay olishmaydi. Nega?

Birinchidan, u doim juda kuchli zarba beradi. Buning ustiga juda aniq, aslida, oddiy futbolchilarning kuchli zarbalari bu qadar aniq chiqmaydi, ko‘pincha.

Ikkinchidan, Grinvud deyarli tayyorgarliksiz tepadi. To‘pni o‘ziga bo‘ysundirishda, zarbani ijro etish uchun juda kam vaqt ketadi.

Tayyorgarlikning yo‘qligi va oyoqlar tezligi natijasida darvozabonlar zarba ijro etilishi pallasini ko‘rmay qoladilar. Hammasi shu qadar tez sodir bo‘lib, zarbaning kuchli ekanidan, darvozabonlarda muammo yuzaga keladi.

Va yana bir asosiy jihat, Grinvud har ikki oyog‘ida ham yaxshi tepa oladi. Deyarli farqi yo‘q. 

Har ikki oyoqda birdek tepa oladi

Umuman olganda, Grinvud chapaqay. Ammo bu shunchaki fakt. Joriy mavsumdagi 10 golini u chap oyoqda, 6ta golni esa o‘ng oyoqda urdi. O‘tgan mavsumda, yoshlar jamoasidaligida aksincha, 33 golning 19tasi o‘ng oyoqda urilgandi. 

«Olti yoshda u har ikki oyoqda ham yaxshi o‘ynardi», – deb eslaydi murabbiy, - «darvozaning quyi burchagiga har ikki oyoqda ham zarba beraveradi, darvozabonlarga imkoniyat qolmasdi. 6-7 yoshda Meyson 13 yoshli yigitchalar kabi tepardi».

Qizig‘i, Grinvud penaltilarni chap oyoqda tepadi. Sabab ham zo‘r – 12 yoshida chap oyoqda tepgan penaltisidan gol urolmagan. Shunda beri u penaltilar uchun o‘ng oyoqni tanlagan.

«Penalti va jarima zarbalarini asosiy bo‘lmagan oyoqda ijro etadigan futbolchini ilk bor Grinvudda ko‘rgandim», – deydi «MYu» akademiyasi murabbiyi Kleyton Blekmor, - «Akademiyada o‘ng oyoqda 25 metrlardan jarima zarbalarini ijro etayotganini ko‘rib, hayron qolganman».

Uning yangi jamoadoshi Lyuk Shou ham hayratini yashirmaydi.

«U ikkala oyoqni ham ishlatadi. Ba'zida u jarima zarbasini o‘ng oyoqda tepadi, keyin esa, chap oyoqda burchak to‘pini ijro etadi. U birinchi marta mashg‘ulotlarga kelib, shu ishni qilganda, yigitlar hayron qolgandik va «bu bola nimalar qilyapti?» deb bir-birimizga qaragandik. Hech qaysi birimiz uni deyarli bilmasdik, shuning uchun biroz shokka tushganmiz.

Uning har ikki oyog‘idan beradigan zarbalari 50ga 50, yo‘q, 60ga 60! Krishtianu ham ba'zida chap oyoqda tepadi, lekin Meysonniki umuman boshqacha. Uning zarba berish texnikasi ajoyib», deydi futbolchi.

Aynan mana shunday g‘aroyib texnikasi tufayli, uni anchadan beri Robin van Persiga o‘xshatishadi. Juda ko‘p gollari ham Grinvudni Robinga juda yaqinlashtiradi. Bu haqida hatto Robindan ham so‘rashgan. Niderlandiyalik hujumchi o‘ziga xos tarzda, agar Grinvud unga o‘xshashda davom etsa, yuqori cho‘qqilarni zabt etishini aytgandi.

Sulsher uning personal muxlisi

O‘tgan yozda «MYu» Lukakuni sotgan bo‘lsa-da, o‘rniga boshqa hujumchi olmadi, Sulsher Marsiyal va Reshfordga ishonch bildirdi. Grinvud esa asta-sekinlik bilan tarkibga kirib bormoqda.

Bir yil oldin 17 yoshli bolaga ishonch bildirish majburiyatdek tuyulgan bo‘lsa, hozir ayta olamizki, Sulsher ko‘p narsani bilgan. Hatto ba'zilar aynan Grinvudning kelajagi tufayli Holand transferidan voz kechilganini ham aytishmoqda.

Norvegiyalik murabbiy esa butun mavsum Grinvudni maqtash bilan ovora.

Mana ba'zilari:

«U ajoyib yakunlovchidir. Men yoshligimda u qadar emasdim. Faoliyatimda mana shunday kuchli va aniq zarbalar bilan gollar urgan 18 yoshli futbolchini eslolmayman»

«Bombardir sifatida Grinvud Reshforddan ham, Marsiyaldan ham kuchliroq»

«Albatta, men Ueyn Runining ham yoshligini ko‘rganman, lekin Meyson aynan hujumlarni yakunlash borasida tengsiz. U to‘pni qabul qilayotganda nima qilishni aniq biladi va agar zarba bersa, odatda golga aylanadi. Vaqt o‘tib u yanada kuchayadi»

«Grinvudni avvaldan biz uchun juda muhim to‘purar bo‘lishini bilardik. Shunchaki jarima maydoni yaqinida uni to‘p bilan ta'minlash kifoya, albatta, nimadir bo‘ladi»

«Meyson men ko‘rgan va ishlagan futbolchilar ichida eng yaxshi zarba sohibi. Vaziyatlardan foydalanishda sovuqqon ham»

Albatta, Grinvudning kamchiliklari borasida ham maslahatlar beradi:

«Agar bosh bilan o‘ynashni ham kuchaytirsa, Grinvud mukammal hujumchiga aylanadi»

«U Reshford kabi, ko‘p vaziyatlarni o‘z qo‘liga olishni o‘rganishi kerak»

Ba'zi faktlar

  • Ilk o‘yinda (6 yoshda) Grinvud «Galifaks» jamoasi safida 16 gol urgan. Jamoa 16:1 hisobida g‘alaba qozongan.
  • Sulsherdan qiziqarli hikoya: «Uning otasi menga bir rasm ko‘rsatdi. Meyson 7 yoshda va biz birgalikda rasmga tushganmiz. O‘g‘lim Noada shug‘ullanib yurganida, 8 yoshda edi, Grinvud esa 7 yoshda. U o‘shanda ham boshqalardan ajralib turgan va shuning uchun ham Noa bilan birga uni rasmga tushirgandim. O‘shandayoq, u «MYu» o‘yinchisi bo‘lishini bilganman»
  • 13 yoshida Grinvud 100 metrga yugurish bo‘yicha tengqurlari ichida rekord o‘rnatgan. Hatto Angliya Yengil atletika federatsiyasi uning ota-onasiga taklif bilan chiqqan. Lekin Grinvudlar oilasi futbolni tanlashgan.
  • U «Manchester Yunayted» safida yevrokuboklarda gol urgan eng yosh futbolchi – 17 yosh-u 353 kun.
  • U ko‘proq o‘ng qanot hujumchisi sifatida o‘ynaydi, ammo ba'zida istisnolar bo‘ladi, joriy mavsumning 14 o‘yinida Sulsher uni markaziy hujumga ham qo‘ydi. Akademiyada Grinvud deyarli barcha pozitsiyalarda o‘ynagan, hozir ham unda erkinlik bor, hujumning istalgan nuqtasida paydo bo‘lishi mumkin.
  • Hozirda Grinvud «MYu» futbolchilari ichida raqib jarima maydonida to‘pni qabul qilish bo‘yicha yetakchi ko‘rsatkichga ega.
  • 2017/18 mavsumda u 18 yoshgacha bo‘lgan tarkibda maydonga tushib, 17 o‘yinda 16 gol urgan. O‘shanda Grinvud 16 yoshda edi. O‘tgan yili esa, yoshlar jamoasida 13 o‘yinda qatnashib, 15 gol urdi. 
Top