13:27 / 23.07.2020
9715
«SSV har bir bemorga qancha pul sarflanayotgani, qancha shifokor himoya vositasi bilan ta'minlangan, qanchasi kasallanganini ochiq aytishi kerak» – deputat

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsud Qurbonboyev Sog‘liqni saqlash vazirligi har bir bemorga qancha pul sarflanayotgani, qancha shifokor himoya vositasi bilan ta'minlangani, qanchasi kasallangani, qayerda shifokorlar yetishmayotganini yashirmasdan ochiq aytishi kerakligini ta'kidladi.

«Joriy yilning 23 may holatiga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar haqida ma'lumot bergan edi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda har bir davolanib chiqqan bemor uchun davlat 32,3 million so‘mdan xarajat qilgani, kasalligi og‘ir kechayotgan bemorlarning har biriga 64,4 million so‘mdan ajratilgani, reabilitatsiya, karantinda bo‘lgan bemorlarga har biri uchun 2,2 million so‘mdan ajratilgani aytilgan edi.

Ayni paytda ahvol qanday? Har bir bemorga qanchadan mablag‘ sarflanyapti? Ularning tannarxi (qalkulyatsiyasini) aholimizga ochiq aytishimiz kerak. Bugungi kungacha qancha shifokor himoya vositasi bilan ta'minlangan, qanchasi kasallandi, qayerda shifokorlar yetishmovchiligi kuzatilmoqda? Qancha bemor uyida davolanmoqda?

Sog‘liqni saqlash vazirligi mana shular haqida ham batafsil ma'lumot berishga o‘tmas ekan, savollar ko‘payaveradi. Savollar ko‘paygan joyda esa gumon va shubha ko‘payadi, ular esa ishonchga putur yetkazadi. O‘zaro ishonch va bir-birini tushunish bo‘lmasa maqsadga yetishish murakkablashishi oddiy haqiqat», deya Maqsud Qurbonboyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Deputatga ko‘ra, tibbiyot xodimlarining maoshlari kamida 2 barobarga oshirilishi, mehnat ta'tili va o‘z hisobidan ta'tilga chiqqan tibbiyot xodimlarining barchasi ishga qaytarilishi, shuningdek, tibbiyot yo‘nalishida ta'lim olayotgan oliy ta'lim muassasalarining 5–6-kurs talabalari koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga jalb etish kerak.

«Prokuratura organlari eng quyi muassasa bo‘lgan dorixonalarni emas, balki dori-darmonlarni yetkazib beruvchilarni nazoratga olishi lozim. Toshkent shahri va hududlarda mavjud imkoniyatlardan kelib chiqqan holda sanatoriyalar, o‘yingoh(stadion)lar va shunga o‘xshagan bino va inshootlarni koronovirus bilan kasallangan bemorlarga yordam berish uchun foydalanishga tayyorlash zarur.

Bosh prokuratura “Shifoxona info” telegram botini ishga tushiradi. U kasalxonalardagi bo‘sh o‘rinlarni aniqlashga yordam beradi

Tibbiyot xodimlari (qo‘riqlovchi, sanitarka, haydovchilar)ni ishga jalb qilish uchun ularning oylik maoshlarini yetarli darajada (kamida 2 barobarga)oshirish kerak. Mehnat va o‘z hisobidan ta'tilga chiqqan tibbiyot xodimlarining barchasini ishga jalb etish, shuningdek, tibbiyot sohasida o‘qiyotgan 5,6 kurs talabalarini ommoviy ishga jalb etish kerak. Ularni ham munosib ish haqi bilan ta'minlash zarur. Tibbiyot kolleji bitiruvchilarini ham o‘zi yashab turgan mahallasi, ko‘chasiga, ko‘p qavatli uylarga patronaj hamshira sifatida biriktirish orqali ham har bir xonadonga tibbiy xizmatni ta'minlashimiz mumkin», deydi u.

«Adolat» SDP fraksiyasi a'zosi respublikada tibbiyot xodimlarining yetishmayotgani, dorixonalarda ayrim dori-darmonlar narxlari oshib borayotgani, kasallanganlar uchun koykalarning kamligi, bemorlarni davolash bo‘yicha yaxlit tizimning yo‘qligi aholining haqli e'tirozlariga sabab bo‘layotganini ta'kidlab, pandemiyaga qarshi yetarlicha hozirlik ko‘ra olmagan mutasaddilarni tanqid qiladi.

«19 martdagi «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoniga ko‘ra, Moliya vazirligi huzurida 10 trln. so‘m miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etilib, uning mablag‘laridan bir qator yo‘nalishlarda foydalanish nazarda tutilgan edi. Ya'ni jamg‘arma mablag‘lari hozirgidek holatni yuzaga kelmasligi uchun sarflanishi lozim edi.

Endi o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi. Bugungi kunda tibbiyot xodimlarining keskin yetishmasligi, dori-darmon narxlari oshgani, fuqarolarimizning koronavirusga test topshirishi deyarli imkonsiz bo‘lib qolgani, tabbiyot sohasidagi xodimlar mehnat ta'tili yoki bo‘lmasa o‘z hisobidan ta'tilga chiqib ketganiga nima sabab bo‘ldi? Bu bo‘yicha ayrim mulohazalarni keltirib o‘tishimiz joiz.

Birinchidan, farmonda berilgan topshiriqlar to‘liq ijro etilmagan;

Ikkinchidan, dori-darmon bilan shug‘ullanuvchi ayrim shaxslar xalqning qiyin davridan foydalangan holda mo‘may pul ishlashni o‘zining asosiy maqsadi etib belgilab oldi;

Uchinchidan, butun dunyoda kasallikning o‘sish sur'ati keskin oshib, koykalar yetishmovchiligi kuzatilgan bir vaqtda mas'ullarimiz bizda unday bo‘lmaydi, deb xotirjamlikka berildi;

To‘rtinchidan, koronavirusga qarshi tun-u-kun kurashayotgan tibbiyot xodimlarning ijtimoiy himoyasi yetarli ta'minlanmagani uchun ishdan bo‘shashlar, o‘z hisobidan ta'tilga chiqish holatlari ko‘paygani uchun kadrlar yetishmovchiligi kelib chiqdi», deydi Maqsud Qurbonboyev.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top