14:39 / 26.07.2020
33288
«DTM o‘zgarmasa, foydasi yo‘q» - ta'limdagi ikki imtihon birlashtirilishi haqida ekspert bilan suhbat

O‘zbekistonda umumta'lim maktablari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi va oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarini unifikatsiya qilish va yagona imtihonni joriy etish rejalashtirilmoqda.

Bu bo‘yicha e'lon qilingan prezident qarori loyihasida 2021-2022 o‘quv yilida tajriba sinov tariqasida Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan hududdagi umumiy o‘rta maktab va akademik litsey, 2022-2023 o‘quv yilidan esa barcha imtihonlar unifikatsiya qilinib, yagona test sinovlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilishi taklif qilinmoqda.

Kun.uz muxbiri ta'lim dasturlari, pedagogika va testologiya bo‘yicha ekspert Komiljon Jalilov bilan intervyu tashkil qildi va yangi tizim bo‘yicha paydo bo‘layotgan bir qator savollarga javob oldi.

– Maktab bitiruvchilari attestatsiyasi va OTMga kirish imtihonlari birlashtirilishi – ta'lim tizimida sezilarli, keskin qadam. Sizningcha, o‘zgarish nima uchun qilinyapti va u bizga real ijobiy o‘zgarishlarni bera oladimi?

– Bu, albatta, juda katta qadam. Men o‘zim anchadan beri bunday birlashtirish zarurati haqida bong urib kelaman va nihoyat, bu borada real qadamlar tashlana boshlangani quvonarli.

Qiziq jihati – real qadamlar prezident gapidan, qaroridan keyin tashlana boshlandi. Ya'ni bizda shuncha vazirliklar va boshqa tashkilotlar bo‘lsa ham, har birining aniq vazifasi, vakolat doirasi bo‘lsa ham, negadir biror sohaga biron bir yangilik kirib kelishi uchun albatta prezident aralashishi, prezident nimadir deyishi kerak. Hech bir tashkilot o‘zidan bilib, «mana bu sohaga mana bu yangilikni olib kiraylik», demaydi. Unda shuncha tashkilotning nima keragi bor, degan savol tug‘iladi.

Asosiy masalaga qaytsak. Nazarimda, maktab bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi va kirish imtihonlarini birlashtirishning eng katta ijobiy tarafi – bolalar uchun ortiqcha stressning oldini olinadi. Tasavvur qiling, maktabni bitirayotgan bola qisqa vaqt ichida ham maktabida yakuniy davlat attestatsiyasini topshirishi kerak, ham OTMga kirish imtihonlariga tayyorlanishi kerak. Bu har qanday bola uchun ortiqcha yuklama. Endi bu ikkita jarayon birlashib, bola ortiqcha yuklamadan xalos bo‘ladi.

Ikkinchi jihati. Tan olish kerak, maktabdagi yakuniy davlat attestatsiyasi aksar hollarda formal, nomiga o‘tadigan, bolaning real bilimini ko‘rsatib bermaydigan jarayon. Oddiy savol. Bitta maktab yakuniy davlat attestatsiyasida bir fandan o‘quvchiga «besh» baho qo‘ydi. Shu «besh» bilan boshqa maktab o‘z bitiruvchisiga qo‘ygan «besh» teng kuchli, ya'ni ikki bitiruvchining bilim darajasi teng deb ishonch bilan ayta olamizmi? Nazarimda, yo‘q. Sababi – maktabda qo‘yiladigan baholar ko‘p hollarda sub'yektiv, bolaning haqiqiy bilim darajasini aks ettirmaydi. Maktab bitiruvchilari bilimiga tashqaridan baho berilishi maktablarni obektiv solishtirish imkonini beradi.

Shu bilan birga, e'lon qilingan qaror loyihasini o‘qib shunday xulosaga keldim: bizda, mavjud shart-sharoitlarda bu o‘zgarishning o‘zbek ta'lim tizimiga haqiqatda real ijobiy o‘zgarishlar olib kelishi dargumon. Buning sababi test sinovlarini o‘tkazishga mas'ul tashkilot – Davlat test markazining test savollarini (testologiyada, ya'ni baholash haqidagi fanda «test topshiriqlari» deyiladi) tuzishga bo‘lgan yondashuvidir.

Shu soha mutaxassisi sifatida menda shunday taassurot paydo bo‘ldiki, Davlat test markazi uchun test topshiriqlarining testologiyada qabul qilingan talablar, standartlarga javob berishi, ularning validligi, ishonchliligi – o‘ninchi, boring-ki, yigirmanchi darajadagi masala. Asosiysi – jarayonni «silliqqina» o‘tkazib olish va hisobot berish: «shuncha abituriyent qatnashdi, o‘rtacha ball shunchani tashkil etdi». Biroq test topshiriqlarining yaratilishi, aprobatsiyasidan boshlab, test natijalarining qayta ishlanishi va e'lon qilinishiga – biron bir bir bosqich testologiyaning hatto eng oddiy talablariga javob bermaydi.

Misol uchun, darslikda ko‘zga «chiroyli» ko‘ringan har qanday jumla olinadi va uning asosida test topshirig‘i tuziladi. Hech kim o‘ylab o‘tirmaydi: to‘xta, o‘zi bu test topshirig‘i maktab bolasi egallashi kerak bo‘lgan qanday kompetensiyani tekshiryapti? Hatto elementar test topshiriqlari spetsifikatsiyasi ham mavjud emas. Vaholanki, bunday hujjat (spetsifikatsiya) rasmiy manbada e'lon qilinishi va test tuzishda unga qat'iy rioya qilinishi kerak.

Mana shunday test topshiriqlari bilan baza to‘ldiriladi, bu bazaning ma'lum bir kichik foizigina tor doirada aprobatsiyadan o‘tkaziladi va shu asosda butun baza haqida xulosa chiqariladi. Vaholanki, har qanday test topshirig‘i keng miqyosda aprobatsiyadan o‘tkazilishi kerak – bazadagi ayrim topshiriqlar asosida butun bazadagi topshiriqlarning sifati haqida xulosa chiqarish mumkin emas.

Keyin, topshiriqlar kompyuterda generatsiya qilinib, test variantlari tuziladi, lekin test natijalarini e'lon qilishda natijalar yagona shkalaga keltirilmaydi, shunchaki abituriyentning to‘g‘ri javoblari soni ma'lum bir koyeffitsiyentga (3.1, 2.1 va hokazo) ko‘paytiriladi. Vaholanki, keng miqyosda va doimiy ravishda o‘tkaziladigan har qanday test natijalari yagona shkalaga keltirilishi kerak, chunki turli test variantlarini yechgan abituriyentlarning natijalarini solishtirish imkoni bo‘lishi kerak.

Ko‘rib turganimizday, jarayon boshdan oxirigacha bironta ham ilmiy talabga javob bermaydi.

Jarayonning ilmiy talablarga javob bermasligi juda katta muammoni tug‘diradi: ilmiy asoslanmagan testlar ta'lim tizimini xarob qilishi ilmiy adabiyotlarda ko‘p davlatlar misolida yetarlicha o‘z isbotini topgan. Shunday muammolardan biri – maktab berishi kerak bo‘lgan kompetensiyalar boshqa, test esa butunlay boshqa narsani tekshiradi. Bu degani o‘sha-o‘sha holat qaytarilaveradi: yuqori sinflar o‘quvchilari maktabga nomiga qatnaydi yoki ularning ota-onalari bolasining imkon qadar maktabga qatnamasligi chorasini qidiradi, bola esa test uchun xotirasini charxlash va mexanik tezligini oshirish maqsadida repetitorma-repetitor yuguradi.

Davlat test markazi o‘z ishiga bo‘lgan yondashuvni o‘zgartirmas ekan, yoki yuqori turuvchi tashkilotlar, jamoatchilik DTMni shunga majburlamas ekan, maktab bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi va kirish imtihonlarini birlashtirish o‘zbek ta'lim tizimiga ijobiy o‘zgarishlar olib kelishini kutish mantiqsizlikdir.

Qariyb 30 yil davomida DTM tomonidan ishlatiladigan testlarning validligi, ishonchliligi bo‘yicha bironta hisobot e'lon qilinmagan. Bironta matbuot anjumani yoki brifingda DTM bunday natijalarni jamoatchilikka e'lon qilmagan.

E'lon qilingan qaror loyihasida ham faqat tashkiliy, jarayon bilan bog‘liq masalalar haqida gap ketgan, hatto test natijalari asosida maktablar rahbarlari va o‘qituvchilari rag‘batlantirishi aytilgan, lekin loyiha muallifi bo‘lmish DTM qaror loyihasining biron joyida o‘ziga testlarni ilmiy asoslab berish vazifasini yuklamagan.

AQShda, masalan, testga mas'ul tashkilotlar o‘z testlarining validligi va ishonchliligini isbotlay olmasa, har qanday abituriyent sudda ularni «olib borib, olib keladi». Biz ham yoki shunday ishlashimiz kerak, yoki qo‘pol qilib aytganda karam sho‘rvani yig‘ishtirishimiz kerak.

– Bu tizimdagi korrupsiya haqida ham ko‘p gapirishadi. Oliy ta'limga kirishdagi korrupsiya holatlari endi birlashgan imtihon jarayonlariga ko‘chadi, deb taxmin qilayotganlar kam emas. Yanada kengroq masshtabda. Shu kabi taxminlarga fikringiz qanday?

– Balki. Bu bo‘yicha fikr bildirishim qiyin. Shu yoz davomida OAVlarda necha marta hali u, hali bu oliygoh vakillarining «o‘qishga kiritaman» deb pul olayotganda qo‘lga tushgani haqida yangiliklar tarqaldi? Kunda-kunora shunday yangiliklar chiqib turdi, to‘g‘rimi? Lekin biron marta o‘sha o‘qishga kiritishni va'da qilayotganlarning orqasida qanday kuchlar turgani o‘rganilmadi, ish mantiqan oxirigacha olib borilmadi.

Axir o‘sha oliygoh vakili ham qo‘lidan kelmaydigan ishga birovni ishontirib pulini olmaydi, nazarimda. Bir narsaga ishongan, bir narsani rejalashtirgan bo‘lishi kerak.

Korrupsiyaga qarshi kurash samimiy bo‘lishi kerak va faqat pastdagi «mayda baliqlar» bilan cheklanmasligi kerak. Aks holda har qanday tizimda korrupsion holatlar bo‘laveradi.

– Xalqaro tajriba haqida gaplashsak. Ayting-chi, birlashgan tizimdan hozirda qaysi davlatlar foydalanmoqda va bu ularda qanday natija beryapti? To‘g‘ri, yuqorida aytganingizdek, qaysidir tizim aprobatsiyasi turli davlatlarda turlicha natija berar, lekin qandaydir xulosalarni qilish mumkin.

– Bunday tizimda ishlaydigan davlatlar ko‘p. Masalan, Buyuk Britaniyada maktab bitiruvchisi topshiradigan «A level» (A daraja) deb ataladigan imtihonlar natijalariga qarab OTMlarga qabul qilinadi. Qizig‘i – u yerda bunday imtihonlarni o‘tkazishga mas'ul bir qancha nodavlat tashkilotlari mavjud va maktab istalgan biriga murojaat qilishi mumkin.

AQShda ham maktab bitiruvchilarining imtihonlarini bir qancha nodavlat tashkilotlari o‘tkazishadi. OTMlarning bunday tashkilotlar beradigan natijalariga ishonishi sababi – yuqorida qabul qilingan qaror yoki farmon emas, balki shu tashkilotlarning o‘z testlarini ilmiy asosda isbotlab bera olishi.

Rossiyada maktab bituruvchilari topshiradigan «YeGE» (yagona davlat imtihoni) deb nomlanadigan imtihon mavjud. Ko‘p Yevropa davlatlarida – «Matura» yoki «Abitur». Bu tizim ishlatiladigan davlatlarda ularning tarafdorlari ham, qarshilar ham yetarlicha topiladi. Lekin eng asosiysi – testlarning ilmiy asosi, validligi, ishonchliligi bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib boriladi, maqolalar, hisobotlar e'lon qilinadi, testlarning ta'limga ijobiy yoki salbiy ta'siri doimiy monitoring qilib boriladi. Bu esa soha mutaxassislari va jamoatchilik nazoratini ta'minlaydi, test bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarni o‘z bilganicha ish qilmasdan, ilmiy talablar bilan hisoblashishga majbur qiladi.

– Imtihonlar birlashtirilishi haqida o‘ylar ekansiz, xayolga beixtiyor dunyoning eng kuchli OTMlari: Yyel, Harvard, Stenford yoki Oksfordga bo‘ladigan imtihonlar keladi. Bu juda murakkab va mustaqil tizim. Bizda bu masala qanday hal qilinadi?

– Yuqorida aytdim, bunday tizim amal qiladigan davlatlarda tizimni qo‘llab-quvvatlaydiganlar ham, qarshilar ham topiladi. Yana bir narsa. Harvardga o‘xshagan oliygohlar xususiy, ular moliyaviy jihatdan ham, akademik jihatdan ham mustaqildirlar. Bunday oliygohlarning ichki ishiga mamlakat prezidenti ham aralasha olmaydi.

Umuman, AQShda, Yevropa davlalarida har qanday masala davlat rahbari yoki hukumat qarori bilan tartibga solinishi odati mavjud emas. Hech eshitganmisiz Britaniya OTMlarida yangi yo‘nalishlar Yelizaveta II farmoni bilan tashkil qilinishini? Yoki Germaniya oliygohi Angela Merkel farmoni bilan kimgadir fan doktori darajasi berganini?

Balkim Harvard boshqalarga nisbatan kuchliroq talab qo‘ya olgani uchun ham Harvarddir? Axir hamma ham Harvardda o‘qiyvermaydi-ku. Kimlarni, qay asosda o‘qishga qabul qilishini ham mustaqil hal qila olmaydigan oliygohdan olamshumul ilmiy yangiliklar kutish mantiqsizlik, nazarimda.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzu
Abituriyent-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top