Jahon | 09:37 / 26.07.2020
25438
2 daqiqa o‘qiladi

KXDRda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq ilk holat bo‘yicha gumon qilinmoqda, bir shahar karantinga olindi

Koronavirus Shimoliy Koreyaga kirib kelgan bo‘lishi mumkin - hukumat mamlakatda ilk marta koronavirusga chalingani gumonlanayotgan shaxs haqida xabar berdi.

Foto: Kyodo / Reuters

Markaziy telegraf agentligi (KMTA) axbrotiga ko‘ra, ehtimoliy bemor KXDR chegarasini «noqonuniy kesib o‘tgan». Qayd etilishicha, gumonlanuvchi uch yil oldin mamlakatdan chiqib ketgan qochoq bo‘lib, u 19 iyul kuni Janubiy Koreyadan chegaradagi Keson shahriga kelgan. Uning testi natijasi noaniq natija bergan. Ayni vaqtda bemor qat'iy karantinga joylashtirilgan, u bilan aloqada bo‘lganlar aniqlanmoqda.

Kesonda karantin rejimi joriy etilgan, hukumat shahardagi tumalarni bir-biridan alohidalagan.

Hodisa munosabati bilan KXDRda hukmron Mehnat partiyasi Siyosiy byurosining favqulodda yig‘ilishi chaqirilgan. Unda Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In ham ishtirok etgan.

Shimoliy Koreyaning rasmiy statistikasiga ko‘ra, mamlakatda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq birorta holat qayd etilmagan. Mart oyi oxirida KXDR maxfiy ravishda epidemiya bilan kurashda yordam so‘ragani haqida xabar tarqalgandi. Xabarlarda Pxenyan xalqaro hamjamiyatga infeksiyani aniqlash testlari o‘tkazishda yordam so‘rab murojaat qilgani aytilgandi. Janubiy Koreya nashrlar, KXDRda koronavirus bilan bog‘liq ilk holatlar 2020 yil fevral oyidayoq qayd etilgani haqida yozgan.

Worldometer ma'lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq holatlar soni 16 milliondan oshgan. Shuningdek, 648 mingdan ortiq kishi virus qurboni bo‘lgan, 10 millionga yaqin kishi tuzalib chiqqan.

Shu vaqtgacha KXDRdan tashqari, Osiyodagi yana bir davlat - Turkmanistonda koronavirusga chalinish holatlari rasman tasdiqlanmagan. Shuningdek, Afrikadagi bir necha mamlakat, okeandagi Kiribati, Marshall orollari, Mikroneziya, Nauru, Palau, Samoa, Solomon orollari, Tonga, Tuvalu, Vanuatu kabi orol mamlakatlar koronavirusdan xoli hududlar sifatida qolmoqda.

Mavzuga oid