18:03 / 31.07.2020
31676
«Ular reysga kechikishgan» – Rossiya elchisi «vagnerchilar» Minskda nima qilayotgani haqida

Shu kunlarda Belarusda qo‘lga olingan rossiyaliklar xususiy qo‘riqlash korxonasi xodimlari bo‘lishi mumkin. Rossiyaning Belarusdagi elchisi Dmitriy Mezensevning ma'lum qilishicha, ular Minskdan Istanbulga uchishni rejalashtirgandi. Belarus hukumati esa ular «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangchilari ekanini iddao qilmoqda.

Rossiyaning Minskdagi elchixonasi / VIKTOR DRACHEV/TASS

«Reysga kechikishgan»
«Minsk yaqinidagi «Belorusochka» sanatoriysida joylashgan rossiyaliklar respublika poytaxtidagi milliy aeroport reysiga kechikishgani uchun shunday qilishga majbur bo‘lishgan. Ular Minskdan 25 iyul kuniyoq uchinchi davlatga jo‘nab ketishlari kerak bo‘lgan va respublikada buncha ko‘p vaqt qolib ketishni o‘ylashmagan», - deyiladi Mezensevning elchixona saytida e'lon qilingan bayonotida.

Keyinroq xabar tahrirlandi - undagi tuzatishga ko‘ra, rossiyaliklar Minskdan Istanbulga uchishlari kerak bo‘lgan.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, ushbu rossiyaliklar keyinroq Belarusga kirmasdan boshqa davlat orqali samolyotda Moskvaga qaytishni rejalashtirgandi.

«Hali aniqlashtirishga zarurat bo‘lgan ma'lumotga ko‘ra, bu rossiyaliklar xususiy qo‘riqlash korxonasi xodimlari bo‘lishi mumkin. Ular tijoriy shartnoma bo‘yicha, Belarusda emas, boshqa davlat hududida energetik infratuzilma va resurslarni qo‘riqlash uchun yollangan», degan Mezensev.

Elchi ularning Minskka borishini Belarusda ro‘yxatdan o‘tkazilgan tijoriy firma bilan shartnoma tuzilgani orqali izohlagan.

«Ularning har biri bu firma bilan mehnat shartnomasi tuzishgan», - degan u.

Rossiyaliklar elchisining so‘zlariga ko‘ra, bu hodisani hech qanday asosga ega bo‘lmagan holda Rossiyaning qo‘shni davlat ichki ishlariga aralashuvi sifatida baholash «faqatgina do‘st bo‘lmagan uchinchi tomonga ikki qardosh davlat munosabatlarida ziddiyat keltirib chiqarishga yordam beradi».

Belarus tergov qo‘mitasi qo‘lga olingan rossiyaliklar mamlakatda qo‘poruvchilik harakatlariga tayyorgarlik ko‘rganini gumon qilmoqda. 9 avgust kuni mamlakatda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Tergov qo‘mitasi va Davlat xavfsizligi qo‘mitasi qo‘lga olinganlar Ukraina, Suriya, Liviya va dunyoning boshqa chekkalaridagi harbiy harakatlarda ishtirok etib keladigan rossiyaliklarning «Vagner» guruhi a'zolari ekanini aytmoqda.

Iyun oyi oxirida Liviya hukumati AQSh va Yevropa Ittifoqini «Vagner» XHKga sanksiyalar qo‘llashga chaqirgandi, Tripolidagilar ushbu tashkilot jangchilari yaqinda Liviya hududidagi neft konlarini bosib olganini aytishgan. Avvalroq OAVda ushbu xususiy harbiy kompaniya jangchilari Suriyadagi neft obektlarini ham qo‘riqlashi haqida yozilgandi.

Voqealar qanday rivojlandi?
29 iyul kuni Belarusdagi BeLTA davlat agentligi Minsk tashqarisidagi sanatoriyada «Vagner» XHK jangchilari ekani gumonlangan 32 nafar rossiyalik qo‘lga olingani haqida xabar berdi. Keyinroq bu ma'lumot Belarus respublika davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB) tomonidan tasdiqlandi. Mamlakat janubida ham yana bir rossiyalik qo‘lga olindi.

«Minsk yaqinida Rossiya Federatsiyasining 32 fuqarosi - harbiylashgan tashkilot, Vagner xususiy harbiy kompaniyasi a'zolari qo‘lga olindi», dedi Belarus KGB rahbari Valeriy Vakulchik mamlakat prezidenti Aleksandr Lukashenko ishtirokida Xavfsizlik kengashi a'zolari bilan o‘tkazilgan shoshilinch yig‘ilish vaqtida.

Prezidentning bu ma'lumotga aniqlik kiritish bo‘yicha bergan savoliga javoban Vakulchik tasdiq ishorasini qilgan. Belarus rahbari mamlakat hududida rossiyaliklarning qo‘lga olinishini favqulodda hodisa deb atadi va Rossiya tomonidan tushuntirish talab qildi.

Belarus hukumati «Vagner» a'zolarining mamlakat poytaxtiga kelishini 9 avgust kuniga belgilangan prezidentlik saylovlari oldidan mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinish sifatida baholadi.

Belaruslik tergovchilar rossiyaliklarning qo‘lga olinishini Sergey Tixanovskiy bilan bog‘lashmoqda

Rossiyaliklar qo‘lga olinishi ortidan Lukashenko Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishini chaqirdi
NIKOLAI PETROV/BELTA/TASS

Payshanba kuni Belarus tergov qo‘mitasi qo‘lga olingan rossiyaliklar ommaviy tartibsizliklarni tayyorlashda gumonlanayotganini ma'lum qildi. Muassasa bayonotida qayd etilishicha, gap Belarus prezidentligi uchun nomzod bo‘lmish Svetlana Tixanovskayaning turmush o‘rtog‘i qo‘lga olinishiga sabab bo‘lgan tartibsizliklar haqida (u iyun oyida «jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzuvchi harakatlar» tayyorlaganlikda ayblanib qo‘lga olingan va saylovda nomzod sifatida qatnashishiga yo‘l qo‘yilmagandi) ketmoqda.

Belarus Xavfsizlik kengashi davlat kotibi Andrey Ravkov qo‘lga olingan rossiyaliklar ko‘rsatma berishni boshlagani, ularga nisbatan terakt sodir etish ayblovi bo‘yicha jinoiy ish ochilgani, maxsus xizmatlar esa respublika hududida bo‘lishi mumkin bo‘lgan 200 nafarga yaqin jangarini qidirayotganini ma'lum qilgan.

Belarus nashrlari «Belorusochka» sanatoriyasida qo‘lga olinganlar sayyohlarga xos bo‘lmagan harakatlari bilan shubha tug‘dirishgani haqida yozishgan - xususan, ular umuman spirtli ichimliklar so‘rashmagan va barchasi militari uslubidagi kiyimda bo‘lgan. Rossiya elchisi bu haqdagi savolga javoban, «kamuflyaj formada bo‘lish va slavyancha mehmondo‘stlik an'analariga zid ravishda qadah qo‘tarmaslik» hibsga olish uchun sabab bo‘la olmasligini aytdi.

Payshanba kuni Minsk Kiyevga qo‘lga olingan rossiyaliklarning Ukrainada sodir etilgan jinoyatlarga aloqadorligi bo‘yicha ma'lumotni tekshirishni so‘rab murojaat qilgani ma'lum bo‘ldi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml rossiyaliklarning qo‘lga olinishiga nima sabab bo‘lgani haqidagi ma'lumotni kutayotganini bildirdi, ammo u Rossiya va Belarus rahbarlarining bu masalada telefon muloqoti rejalashtirilmayotganini ma'lum qildi.

«biz bu borada to‘liq ma'lumotga ega emasmiz. Aytishim mumkin bo‘lgani shuki, Rossiyaning 33 fuqarosi Belarusda qo‘lga olingan va yana 200 kishi qidiruvda. Rossiyaliklar qo‘lga olishga sabab bo‘ladigan qandaydir harakat qilgani haqida ma'lumotga ega emasmiz», - degan Peskov.

U ukrainalik jurnalistning Rossiya nima uchun «Vagner» XHKni Donbassdagi harbiy harakatlardagi ishtiroki uchun ta'qib qilmasligi haqidagi savoliga shunday javob qaytargan: « Aytingchi, «Vagner» nima o‘zi? Rossiyada yuridik jihatdan, de-yure XHK «Vagner» degan tushuncha yo‘q. Xususiy harbiy kompaniya nima u o‘zi? Masalan, xususiy qo‘riqlash korxonasi bor. Ammo Rossiya qonunchiligida xususiy harbiy kompaniya degan tushuncha yo‘q».

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Top