Foto: «Belarus 1» / youtube.com

29 iyul kuni kunduzi Belarus nashrlari, xususan, rasmiy davlat agentligi bo‘lmish BeLTA Minsk tumani hududida xususiy harbiy kompaniya jangchilari bo‘lgan o‘ttizdan ortiq kishi qo‘lga olingani haqida xabar berdi. Keyinroq nashr gap rossiyaliklarning «Vagner» XHK jangchilari haqida ketayotganini va ularning maqsadi saylovlar vaqtida vaziyatni beqarorlashtirish ekanini ma'lum qildi. Prezident Aleksandr Lukashenko esa buni «favqulodda hodisa» deb atadi va Xavfsizlik kengashini chaqirdi.

«Tunda Belarus huquq-tartibot organlari xodimlari Minsk yaqinida Vagner xususiy harbiy kompaniyasining 32 jangarisini qo‘lga olishdi. Bundan tashqari, mamlakat janubida yana bir kishi aniqlandi va qo‘lga olindi», deya yozadi BeLTA. Bu yangilik prezidentlik saylovlariga 10 kun qolganda paydo bo‘lmoqda.

Xabarda Tergov qo‘mitasi tomonidan tekshiruv o‘tkazilayotgani aytilgan. Qo‘lga olinganlar «Vagner» a'zolari ekani haqidagi ma'lumotga hozircha asos keltirilmadi. Agentlik qo‘lga olinganlar ro‘yxatini keltirgan, ularning barchasi Rossiya fuqarolari.

Kun oxirida prezident Lukashenko vaziyat bo‘yicha izoh berdi va kuchishlatar tizim vakillariga voqea yuzasidan tushuntirish olish uchun Rossiyadagi tegishli tuzilmalarga murojaat qilishni topshirig‘ini berdi. Bungacha Tergov qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Belarus xavfsizlik kengashi kotibiyati hamda Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB) matbuot xizmati hodisa yuzasidan izoh bermagandi.

«Spirtli ichimliklar iste'mol qilishmagan, ko‘ngilochar maskanlarga borishmagan»

BeLTA agentligi talqiniga ko‘ra, maxsus xizmatlar mamlakatga «saylov kampaniyasi davrida vaziyatni beqarorlashtirish uchun 200dan ortiq jangari» kelgani haqida ma'lumot olishgan.

«Rossiyaliklar yuk bilan yurgan - ularning har birida uchtadan katta og‘ir chamadonlar bo‘lgan. Poytaxtga 24 iyuldan 25 iyulga o‘tar kechasi kelgan guruh Minskdagi mehmonxonaga joylashgan, ular avvaliga bir kunga joy olishgan, ammo 27 iyulgacha mehmonxonada qolishgan va shundan keyin Minsk rayonidagi sanatoriylardan biriga ko‘chib o‘tishgan», deyiladi yangiliklarda.

«Ular rossiyalik turistlarga xos bo‘lmagan xulq-atvor namoyish qilgan va militari uslubida kiyinib yurgan. Spirtli ichimliklar iste'mol qilmagan, ko‘ngilochar maskanlarga bormagan, omma oldiga behuda chiqishdan tiyilgan. Gumonlanuvchilar kichik guruhlarga bo‘linib hududni o‘rgangan va sanatoriy atrofini aylangan. Bugun tunda Belarus Davlat xavfsizlik qo‘mitasining «A» guruhi va IIVning maxsus bo‘linmasi OMON guruhi hamkorligida 32 kishini qo‘lga oldi», deyiladi xabar matnida.