15:36 / 12.08.2020
20156

«Quruvchi»ga o‘tish, kelishilgan o‘yinlar va Siddiqovni Qo‘qonga qaytarish haqida Baxtiyor Ashurmatov bilan ochiq suhbat

Vodiyga safarimiz chog‘ida «Qo‘qon-1912» bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov bilan suhbat uyushtirdik. O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq himoyachisi va bir necha yildan buyon murabbiylik bilan shug‘ullanib kelayotgan Ashurmatovni ko‘pchilik dangal odam deb biladi. Suhbatimiz ham dangal o‘tdi.

«Onamning yonlarida bo‘lishni istadim...»

Ashurmatovning aytishicha, Qo‘qonga qaytganining ikkita sababi bor: «Men Qo‘qon futboli tarbiyalanuvchisiman. Shu bois hozir bu yerdaligimdan xursandman. Avvalo Qo‘qon futboli oldidagi qarzimizni uzishim kerak edi. Bundan tashqari, 26 yildan buyon onamdan uzoqda yashadim. Shu bois endi yonlarida bo‘lishni xohladim. Bundan juda xursandman».

«Titul uchun baquvvat homiy kerak»

Baxtiyor Ashurmatovning aytishicha, klub sovrin qo‘lga kiritishi uchun avvalo baquvvat homiy va pul kerak: «Klub sovrin yutishi uchun avvalo baquvvat homiy kerak. Klub mablag‘ borasida hech bo‘lmasa ligadagi 6-7 jamoa ichiga kirishi lozim. Masalan, OKMK bilan kubok yutganimiz katta natija bo‘lgan. «Andijon», «Navbahor», «Buxoro»da esa qiyinroq holatda ishlaganmiz. Menga qolsa, bir klubda uzoqroq ishlagan bo‘lardim, chunki daraxt bir joyda ko‘karadi. Aytaylik, Olmaliqda yaxshi jamoa tuzgandik, O‘zbekiston Kubogini yutdik, lekin keyin menga bog‘liq bo‘lmagan sabab bilan jamoadan ketdim».

«Qo‘qondan hech qanaqa pul evaziga ketmayman, faqat milliy jamoaga ketishim mumkin»

Baxtiyor Ashurmatov suhbat davomida bizni ajablantirgan ma'lumotlarni keltirdi. Uning aytishicha, oylik maoshi 1000 dollar ekan. Mukofot va ko‘tarma pullarisiz, albatta. Shuningdek, murabbiy uni Qo‘qondan hech qanday pul evaziga olib ketib bo‘lmasligini aytdi. Ashurmatovning aytishicha, faqat O‘zbekiston milliy jamoasiga yoki chet el klublariga ketishi mumkin.

Ashurmatov va totalizator

Baxtiyor Ashurmatovning totalizatorga aralashgani haqida mish-mishlar doim bo‘lgan. Suhbatdoshimiz bu boradagi savolga shunday javob berdi: «Totalizator futbolimizning dushmanlaridan biri. Hozir o‘z yo‘limni tanlab, qilgan xatolarimdan to‘g‘ri xulosa chiqarganman. Yorug‘ yuz bilan ishlayapman. Hamma xato qiladi, asosiysi, odam o‘zini to‘g‘ri yo‘lga solib olishi. Futbolimizda totalizator bor ekan, u rivojlanmay qolaveradi. Men totalizatorga qarshi kurashishga ham tayyorman».

Maydondagi jangchi Ashurmatov

Baxtiyor Ashurmatov O‘zbekistonning kuchli jamoalarida, milliy jamoada o‘ynaganiga sabab sifatida xarakterini, maydonda jangchi bo‘lganini keltirdi. Uning aytishicha, vaqti kelganda qovurg‘asi yoki burni singan holatda ham futbol o‘ynagan: «Kurashuvchan, yakkakurashlardan qochmaydigan futbolchi bo‘lganman, buni aqlsiz futbol demagan bo‘lardim. To‘g‘ri, shu sabab ko‘p jarohat olganman, uch marta operatsiya qildirganman. Jarohatlar milliy jamoada, Rossiya klubida stabil o‘ynab ketishimga xalaqit bergan».

Babayan sabab «Paxtakor»dan ketgani

Ashurmatov «Paxtakor»dan «Bunyodkor»ga o‘tganini moliyaviy sabab bilan bog‘lamadi: «Yo‘q, bu yerda gap pulda emas. Men Rossiyada jarohat olib kelgach, 1,5 yil futbol o‘ynamaganman. Kelganimda, Babayan menga ishonchsizlik bilan qaragan va «Qayerga ham ketarding, taklifing yo‘q-ku», degan. O‘zimga bo‘lgan bunday munosabat sabab ketishgan qaror qilganman. «Quruvchi»ga «Paxtakor» qancha taklif qilgan bo‘lsa, shu pulga o‘tganman. Shunchaki «Paxtakor»da menga ishonishmagan».

«Qo‘qon-1912» Javohir Siddiqovni qaytarmoqchi

Ashurmatovning aytishicha, «Qo‘qon-1912» davralar oralig‘ida Javohir Siddiqovni jamoaga qaytarishga harakat qilib ko‘radi. Shuningdek, qo‘qonliklar «Paxtakor»ning yana bir futbolchisi Asadbek Sobirjonovni ham o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. «Paxtakor»da Masharipovning o‘rinbosari hisoblangan bu futbolchi «Buxoro»da Ashurmatov bilan birga ishlagan.

Bobur Akmalov suhbatlashdi
Tasvirchi Sherzod Egamberdiyev
Montaj ustasi Muhammadjon G‘aniyev 

Mavzuga oid
Top