16:20 / 21.08.2020
24300
Afg‘onistonda temiryo‘lchilarga hujum oqibatida bir o‘zbekistonlik jarohatlangani ma'lum bo‘ldi

20 avgust kuni Mozori-Sharif shahri yaqinidagi temir yo‘l qo‘riqchilariga hujum uyushtirilishi oqibatida O‘zbekistonning bir fuqarosi jarohatlangan.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati Afg‘onistonning Balx viloyatida «So‘g‘diyona trans» korxonasi vakillariga uyushtirilgan qurolli hujum bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlarni ma'lum qildi. Qayd etilishicha, ushbu hodisa oqibatida O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘lmagan.

«Korxona ishchi-xodimlarini ish joyiga olib ketish uchun kelgan korxona koordinatsiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, haydovchi va Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligining temir yo‘lni qo‘riqlash bataloni askari Hayraton ishchilar yashash bazasidan chiqishgan.

Shundan so‘ng temir yo‘lning taxminan 43-kilometri yaqinida ularga noma'lum shaxslar tomonidan qurolli hujum uyushtirilgan.

Hujum natijasida korxona koordinatsiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari jarohat olgan, ikki nafar Afg‘oniston fuqarosi (Ichki ishlar vazirligining temir yo‘lni qo‘riqlash bataloni askari va bir nafar hujum qilgan noma'lum shaxs) halok bo‘lgan», deyiladi xabarda.

Hujum vaqtida jarohat olgan korxona koordinatsiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari korxonaga tegishli avtomashinada Termiz shahridagi kasalxonaga yetkazilgan.

21 avgust soat 7:00dan Hayraton stansiyasi o‘z ishini davom ettirish uchun ochildi. Mozori-Sharif va Naibobod stansiyalarida ochilishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Bundan avvalroq O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilov Afg‘oniston TIV rahbari Hanif Atmar bilan telefon orqali muloqoti vaqtida ushbu hodisani muhokama qilgani, O‘zbekiston tomoni Afg‘onistonda faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston kompaniyalari va korxonalari xodimlari uchun xavfsizlik choralari kuchaytirilishini so‘ragani xabar qilingandi.

Top