14:29 / 10.09.2020
1957
Intellektual mulk agentligi supermarketlarda kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurash bo‘yicha yangicha yondashuv ishlab chiqdi

“Siz eng yaxshisiga loyiqsiz! Kontrafaktga ko‘nmang!” shiori ostida o‘tkaziluvchi targ‘ibot loyihasi orqali respublika barcha viloyatlaridagi yirik savdo shoxobchalarida bosqichma-bosqich kontrafaksiz hudud yaratish ko‘zlangan.

Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi kontrafakt mahsulotlar savdosining oldini olish va iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish sohasida hamkorlikni tashkil qilish hamda supermarketlarni kontrafaksiz hududga aylantirish maqsadida yirik supermarket tarmoqlari bilan hamkorlik memorandumini imzoladi.

To‘lqin Abdusattorov / Foto: Intellektual mulk agentligi

Intellektual mulk agentligi direktori To‘lqin Abdusattorovning ta'kidlashicha, memorandumni imzolashdan ko‘zlangan maqsad kontrafakt mahsulotlar aylanmasining oldini olish, tadbirkorlar o‘rtasida halol raqobatni ta'minlash, iste'molchilarni qalbaki mahsulotlardan ogoh etish, intellektual mulk obektlaridan noqonuniy foydalanganlik uchun qonuniy javobgarlikni kuchaytirishdan iborat.

“Siz eng yaxshisiga loyiqsiz! Kontrafaktga ko‘nmang!” shiori ostida o‘tkaziluvchi targ‘ibot loyihasi orqali respublika barcha viloyatlaridagi yirik savdo shoxobchalarida bosqichma-bosqich kontrafaksiz hudud yaratish va buning natijasida fuqarolarga ko‘rsatilayotgan savdo va xizmatlar sohasida intellektual mulk huquqi obektlarining va iste'molchilar huquqlari, qonuniy manfaatlarini hamkorlikda himoya qilish, mahsulotlarning o‘zga shaxslarga tegishli bo‘lgan tovar belgisi yoki xizmat ko‘rsatish belgisi bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoxud unga aynan o‘xshash bo‘lgan boshqa mahsulotlarning reklama qilinishining oldini olish ko‘zlangan.

Foto: Intellektual mulk agentligi

Intellektual mulk agentligi bo‘lim boshlig‘i Farrux Fayziyevning so‘zlariga ko‘ra, memorandum doirasida iste'molchilar savdo do‘konlarida sotilayotgan mahsulotlar bo‘yicha Agentlikka so‘rov yo‘llash orqali mahsulotlarning kontrafakt yoki kontrafakt emasligi bo‘yicha mutaxassis fikrini olish huquqiga ega bo‘ladilar. 

Agentlik loyiha orqali barcha ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan halol tadbirkorlarni hamkorlikka chaqirgan. Bildirilishicha, o‘z mahsulotlarining kontrafakt nusxasiga duch kelgan taqdirda intellektual mulk agentligining 1008 yoki (71) 232-50-50 ishonch telefonlari hamda @ima_monitoring_bot telegramm boti orqali xabar berish imkoni yaratildi.

Top