20:08 / 15.09.2020
10245
Dasturchilik kasbi, unga o‘qish narxlari va maoshlar - dasturchi Botir Ziyatov bilan suhbat

Dasturchilik – jahon miqyosida juda qadrlanadigan, kelajagi porloq va anchagina daromadli kasbga aylanib bormoqda.

O‘zbekistonda ham dasturchilikka qiziqish ortib borayotganini hisobga olib, muvaffaqiyatli dasturchilardan biri Botir Ziyatov bilan suhbat uyushtirdik va ko‘plab yoshlarni qiziqtirayotgan savollarga javob oldik.

― Botir aka, siz bilan ko‘rishishdan oldin ish takliflari joylanadigan saytlardagi dasturchilar va umuman IT sohasidagi mutaxassislarga bo‘lgan talab va maoshni ko‘rib, hayron qoldik. Nima uchun dasturchilar bunchalik qadrlanadi?

― Bunga asosiy sabab – IT sohasining rivojlangani. Ya'ni biz doim hayotimizda texnologiya bilan birga yurganimiz uchun ham shunday. Misol uchun, siz ish qidirish uchun qidiruv tizimidan foydalandingiz. Darrov ko‘chaga chiqib, biror korxonaning oldiga bormadingiz yoki e'lonlarni ko‘rmadingiz. Shunchaki, o‘tirgan joyingizdan qidirdingiz. Bu qidiruv tizimini aynan dasturchilar yaratgan.

Bundan tashqari, millionerlar ro‘yxatidagi badavlat insonlarning ko‘pi IT sohasidagi gigantlardir. Misol uchun, Jyef Bezos (Amazon), Mark Tsukerberk (Facebook), Bill Geyts (Microsoft)... Ularning dasturlari doimiy ishlab turishi uchun ularga aynan dasturchilar kerak.

― Siz tashkil etgan «dasturchilar inkubatori»ning boshqa markazlardan farqi nimada?

― Biz ularga dasturlashni boshqacha usulda o‘rgatamiz, ya'ni ularning qo‘liga real loyihalar beramiz. O‘quvchilarimiz dasturlashni loyihani amalga oshirish jarayonida o‘rganishadi. Nazariya va leksiyalar kam bo‘lib, ular loyiha ustida jamoa bo‘lib ishlashadi. Ular doimo ish jarayonida bo‘lishadi. Biror korxonaga ishga borsa ham, jamoa bo‘lib ishlashda qiynalishmaydi.

― Sodda qilib tushuntirganda, dasturlash o‘zi nima?

― Kundalik hayotimizda ko‘p shu holatga duch kelamiz. Misol uchun, kimdir bilan suhbatlashsam, nima ish qilishimni so‘raydi. Dasturchiman desam, ko‘pchilik telefon yoki kompyuterini ko‘rib berishimni iltimos qilib qolishadi. Ko‘pchilik dasturchilarni kompyuter yoki telefonni tuzatib beruvchi sifatida tushunadi. Aslida tuzatish vazifasini bajaruvchilar dasturlardan foydalanishadi. Dasturchilar esa ular foydalanadigan dasturlarni yaratib berishadi. Ular ijodkorlar hisoblanadilar.

― Kurslarning davomiyligi qancha?

― Kurslar ikki xil: intensiv va odatiy shaklda tashkillashtiriladi. Intensiv shaklda davom etadigan kurslar odatda 4 oy, odatiy kurslar esa 6 oy davom etadi. Kurslar 4 oydan kam emas. Biz bolaning ishlab keta olishi uchun zarur bilimlarni shuncha vaqt ichida bera olamiz.

― Dasturchi bo‘lish qanchalik qiyin, ya'ni bunga o‘zgacha bilim, xohish kerakmi? Har kim ham dasturchi bo‘la oladimi?

― Dasturchi bo‘lish uchun xohishning o‘zi kamlik qiladi. Ochig‘ini aytsam, dasturchi bo‘lish qiyin, lekin dasturlashni o‘rganish mumkin.

Juda ko‘pchilik maosh yaxshiligi sabab dasturchi bo‘lishni xohlaydi. Maosh sabab dasturchi bo‘lishni istaganlarning ko‘pi muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Boshida pul emas, yaxshi dasturchi bo‘lish maqsad qilinsa, dasturlashni o‘rganish mumkin.

Bundan tashqari, dasturchi bo‘lishni xohlagan kishida fikrlash qobiliyati yaxshi bo‘lishi kerak.

― Aytaylik, menda dasturchi bo‘lishga xohish bor. Sizning oldingizga keldim. Menga yana nima kerak bo‘ladi?

― Dasturlashga kirib kelgan vaqtingizda sizdan noutbuk talab qilinadi. Biz o‘zimiz ham noutbuk berishimiz mumkin. Ammo sizning o‘zingizda doimiy ishlashga shaxsiy noutbuk bo‘lishi kerak.

Shuningdek, sizdan kompyuter savodxonligi ham talab etiladi. Axir dastur tuzmoqchi bo‘lgan odam eng oddiy dasturlardan foydalanishni bilmasligi mumkin emas.

― Dasturlash tillarining bir-biridan farqi nimada va hozirda istiqboli dasturlash tillariga qaysilar kiradi?

― Dasturlashning alohida-alohida yo‘nalishlari bor. Misol uchun, veb-saytlar – dasturlashning veb dasturlash yo‘nalishi, telefonlar esa mobil dasturlash yo‘nalishida amalga oshiriladi. Kompyuterlar esa desktop dasturlash olami, o‘yinlar uchun o‘yin dasturlash olami kabilarga bo‘linib ketadi.

Aynan shu yerda siz dasturlash tillarini tanlab olishingizga to‘g‘ri keladi. Ya'ni veb dasturlash uchun siz php, python, javascript dasturlash tillaridan birini tanlashingiz mumkin. Yoki mobil dasturlar uchun java, swift kabi dasturlash tillari bor.

Dasturlash tillarini bir-biri bilan solishtirish to‘g‘ri emas. Har bir dasturlash tilining o‘z maqsadi bor.

Hozirgi kunda juda ko‘p dasturchilar ishlatadigan mashhur dasturlash tillari – python, javascript va java kabilardir. O‘zbekistonda esa php, python, java ko‘proq ommalashgan.

― Yaxshi dasturchi bo‘lishga qancha vaqt va mablag‘ kerak bo‘ladi?

― Yaxshi dasturchi bo‘lish qimmat hamda uzoq vaqt talab qiladi. Boshlovchi dasturchilar kurslarni tugatib, yaxshi dasturchiman deya olmaydi. Chunki yaxshi dasturchi yillar davomida shakllanadi.

Boshlovchi dasturchi darajasiga erishish uchun 10–11 million so‘m mablag‘ talab qilinadi. Ammo buncha mablag‘i bo‘lmaganlar dasturlashni YouTube orqali o‘rganishsa ham bo‘ladi. Faqat bu uzoq vaqt talab qilishi mumkin. Masalan, o‘zim ham dasturlashni o‘rgatadigan videolarni YouTube'ga joylab boraman.

― Dasturlash bilan shug‘ullanayotganingizga qancha vaqt bo‘ldi?

― Dasturlashni 2009 yilda boshlaganman. 2011 yildan boshlab IT korxonalarida dasturchi bo‘lib ishlaganman. U paytda bepul ishlaganman. Shu vaqtgacha 50dan ortiq loyihada qatnashganman. Bularning ichida O‘zbekistondagi yirik loyihalar ham bo‘lib, ularda bosh dasturchi bo‘lganman.

― O‘zbekistonda dasturlashga bo‘lgan talab qanday va yosh dasturchilar qancha oylik olishi mumkin?

― O‘zbekistonda yaxshi dasturchilarga doim yuqori talab bor. Ko‘pchilik ularni qidirib yuradi. Yosh, ya'ni dasturlashga yangi kirib kelgan dasturchilar 200 dollar atrofida oylik oladi. Ular tajriba orttirish uchun bepul ishlashsa ham bo‘ladi, chunki boshida ularga talab yuqori bo‘lmaydi. Shu holatda sabr qilib, yosh dasturchi 1 yil ishlasa, maoshi 800 dollarga chiqishi mumkin.

Dasturchilarning maoshi ularning ish tajribasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq.

― O‘zbekistonda ko‘p yillik tajribaga ega kuchli dasturchilarning maoshi qancha?

― O‘zbekistonda yaxshi dasturchilarga 1000–3000 dollargacha oylik berishadi. Bu asosan ularning qiladigan ishiga bog‘liq.

― O‘zbekistonda turib, chet el uchun ishlash imkoniyati dasturlash sohasida ham bormi?

― Hozirgi kunda chet eldagi IT korxonalari boshqa davlatlardagi arzon ishchi kuchini o‘sha davlatning o‘zida ishlatishadi. Ya'ni ular o‘z dasturlarini autsours qilib, boshqa davlatga chiqarishadi. Bunda win-win holati yuzaga keladi, ya'ni bunda IT korxonasi kam xarajat qiladi, ular berayotgan maosh esa dasturchi uchun juda yaxshi hisoblanadi. Bunda ikki tomon ham yutadi.

O‘zbekistonda ham hatto jamoa bo‘lib, ishlab, o‘z xizmatini chet elga sotayotgan dasturchilar ko‘paymoqda. Ular 4000–6000 dollargacha daromad olishadi.

― Dasturlovchi o‘qituvchi sifatida O‘zbekistonda yoshlarning dasturlashni o‘rganishga bo‘lgan qobiliyatini qanday baholaysiz?

― O‘z tajribamdan aytadigan bo‘lsam, dasturlashni o‘rganadigan bolalarni ikki toifaga bo‘lish mumkin: birinchi toifadagilar pul topish uchun dasturchi bo‘lishni istaydiganlar. Ikkinchisi – dasturlashga qiziqqani uchun dasturlashni o‘rganishni istaydiganlar. Ikkinchi toifadagilarning muvaffaqiyat qozonishi ehtimoli ko‘proq.

O‘zbekistoning turli joylaridan dasturlashni o‘rganishga istak bildirganlar bor. Ammo ularning ba'zilarida mablag‘, kompyuter bo‘lmaydi yoki ba'zi joylarda internet yaxshi ishlamaydi. Umuman olganda, o‘zbek dasturchilarining iqtidori yaxshi, hatto buni chet elda ham e'tirof etishadi.

Ma'lumot o‘rnida, Botir Ziyatov asos solgan o‘quv markazi bilan quyidagi forma orqali ariza berilsa, markaz vakillari siz bilan bog‘lanishadi: https://forms.amocrm.ru/ccrmmm

Manzil: Toshkent shaxar shayxontoxur tumani Navoiy kuchasi 37

Telefon: +998 95 341 42 42

Telegram: t.me/proneo_uz

Top