18:58 / 22.09.2020
51748
Mavsumiy kasalliklarni koronavirusdan qanday farqlaymiz?

Insoniyatni eng ko‘p kasallikka uchratgan virus bu – gripp. Zamonamizga kelib oddiygina «shamollash» deya o‘tkazayotganimiz bu kasallik o‘z davrida yuz millionlab odamlarning yostig‘ini quritgan. Har yili kuzatiladigan mavsumiy dardlarga e'tibor bu yil alohida bo‘lishi tabiiy – sababi, koronavirus pandemiyasi hamon davom etmoqda.

Foto: Depositphotos / Anna Subbotina

Ayni paytda tibbiyot va jamiyat yana bir jiddiy muammo, to‘g‘rirog‘i muammolar shodasiga duch keldi – mavsumiy gripp hamda boshqa kasalliklarni va koronavirusni ajratib olish, bir necha kasallik qo‘shilib kelganda munosib darajada qarshi kurashish zarurati tug‘ilmoqda.

Eng jiddiy masala – gripp va COVID-19 ayniqsa dastlabki bosqichlarida juda o‘xshash kechadi. Harorat ko‘tarilishi, bosh aylanishi, yo‘tal kabi umumiy belgilar har ikki kasallikning asosiy simptomlari hisoblanadi. Ammo o‘tgan qisqa muddat tajribasi shuni ko‘rsatdiki, aksariyat hollarda yengil o‘tadigan COVID-19 kasalligi asoratlarga sabab bo‘lganida nihoyatda og‘ir kechadi va o‘limga ham sabab bo‘ladi.

Grippning belgilarini deyarli hamma biladi; sababi – bu kasallikka chalinmagan odamning o‘zi yo‘q. Koronavirus yuqqanda grippga o‘xshash belgilardan tashqari yana qator simptomlar borki, bular kasalliklarni test topshirmasdan ham ajratib olishda qo‘l keladi:

1. COVID-19 kasalligiga chalinishning o‘ziga xos xususiyati – insonning surunkali kasalliklarini qo‘zg‘atishidir. Agar sizni shu paytga qadar bosh og‘rig‘i bezovta qilgan bo‘lsa, kasallik shu belgi bilan kechadi. Kishida surunkali jigar kasalliklari mavjud bo‘lsa, asoratlar ko‘p hollarda shu a'zoda kuzatiladi.

2. Koronavirus infeksiyasi keltirib chiqargan o‘ziga xos belgilar orasida hid va ta'm bilish xususiyatlarining yo‘qolishi ko‘p uchraydi. Ba'zan kasallik kechganda bu belgilarning o‘zigina kuzatilib, faqat shu simptomlar COVID-19'dan dalolat beradi.

3. Aynan COVID-19'ga xos belgilardan yana biri, erta yuzaga chiqadigani – og‘iz bo‘shlig‘ida paydo bo‘ladigan toshmalardir. Garchi yaqqol va doimiy simptom bo‘lmasa-da, bu belgi ham grippdan farqlashda qo‘l keladi.

4. Eng jiddiysi – COVID-19'ning asoratlari grippga nisbatan ancha jiddiy kechadi. Agar organizmda surunkali kasalliklar bo‘lsa, vaziyat keskinlashadi. So‘nggi davr statistikasi koronavirusga chalinganlar orasida surunkali kasalliklar bo‘lmasa ham o‘lim holati anchagina kuzatilayotganini ko‘rsatyapti va bu COVID-19 kasalligi muammosi yanada jiddiylashayotganini bildiradi.

5. Har ikki kasallikni uzil-kesil ajratib olish test topshirish orqali amalga oshiriladi.

Aynan mana shu muammo – ya'ni pandemiya davrida mavsumiy kasalliklar, xususan bronxitning kechish xususiyati, uni COVID-19'dan qanday farqlash bo‘yicha Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Sevara Ubaydullayevaga ham savol berilgan.

«Farzandimda bir-ikki kun burni oqdi, isitmasi yo‘q. 2 kundan beri ertalab soat 5-6larda balg‘amli yo‘tal tutadi, to‘liq balg‘amni chiqarib tashlab yana uxlab qoladi. COVID-19 shunday boshlanishi mumkinmi?» – deya so‘ralganida, mutaxassis quyidagicha javob bergan:

«Bolada dastlabki 1-2 kun kuzatilgan burun oqishi, qisqa yo‘tal davrida organizmiga boshqa bir o‘tkir respirator virusli infeksiya tushgan bo‘lishi, unga nisbatan bola organizmida oldingi yillari immun javob hosil bo‘lgani bois, bola organizmi virus bilan bu safargi uchrashuvda kasallikni yengil o‘tkazayotgani, lekin shunday bo‘lsa-da mazkur virus bronxit ko‘rinishida asoratlanganini ko‘rsatmoqda.

COVID-19 kasalligidan farqli o‘laroq, bugungi kunda bolangiz kasallanganiga 5-6 kun bo‘lgan bo‘lsa-da, oilada boshqalarda kasallik alomatlari paydo bo‘lmagani hamda bunday bemorlari bo‘lganlar bilan muloqotda bo‘lmagani bu koronavirus emasligidan dalolat.

Shunday bo‘lsa-da, COVID-19 kasalligini tasdiqlash maqsadida shifokor ko‘rsatmasiga ko‘ra antigenni aniqlash uchun PZR yoki ekspress test topshirib aniqlik kiritish mumkin.

Bronxit kasalligi – bronxlar shilliq qavatlarining yallig‘lanishi bo‘lib, virus yoki bakteriya yoxud zamburug‘lar sababli kelib chiqadi. Undan tashqari, ko‘p hollarda allergik omil (dorilar, turli xil kimyoviy vositalar va hokazolar) ta'sirida kuzatilishi mumkin. Shu bilan birga, kattalarda ko‘p chekish oqibatida va kasb kasalligi sifatida (asoratlangan bronxit) ko‘rinishida ham uchrashi mumkin.

Bronxit alomatlari kasallik boshlanishida kelib chiqaruvchi omillarga bog‘liq bo‘lib, bolalarda ko‘p holatda bu O‘RVI virusi organizmga tushib tomoq, hiqildoq, traxeya va bronx yo‘llarining shilliq qavatlarini zararlashi oqibatida kelib chiqadi.

Mazkur holatda ko‘proq zararlanish traxeya va bronxlarda kuzatilmoqda, shu bois ertalab tonggi soat 4–7ga qadar inson organizmida o‘pka va nafas yo‘llarining qon bilan ta'minoti kuchayishi hamda faoliyati faollashuvi davrida shu traxeya va bronx yo‘llarida yig‘ilgan yot narsalarni organizm yo‘tal mexanizmi bilan tashqariga chiqarib tashlashga urinadi.

Farzandingizda balg‘am ertalabki soat 5-6larda yo‘tal bilan ajralib chiqishi kuzatilmoqda. Mazkur holat bolaning organizmida immun tizimining holatiga bog‘liq, bu tonggi yo‘tal ma'lum bir davrda (7 kundan 14 kungacha oralig‘ida) o‘tib ketadi.

Agarda bolada tana harorati 38°S dan yuqori bo‘lmasa va bolaning faolligi yaxshi, ishtahasi yaxshi bo‘lsa, dori vositalari kerak emas.

Asosiy maqsad – bolaning bronxlarida O‘RVIdan so‘nggi qolgan balg‘amli ajralmalarni tashqariga chiqarish va uning bronxlari tiklanishiga yordam berishdir. Bunday holatda fizioterapevtik muolajalar ham yordam beradi».

Abror Zohidov

Mavzu
COVID-19: Foydali ma'lumotlar
COVID-19 profilaktikasi, simptomlari, davo choralari va mutaxassislar tavsiyalari
Barchasi
Top