21:30 / 26.09.2020
7399
Markaziy Osiyo davlatlari tajribasi BMTning diqqat markazida

25 sentabr kuni “Markaziy Osiyo mamlakatlarining Suriya va Iroqdan qaytgan shaxslar bilan ishlashdagi tajribasi: muvaffaqiyatlar, muammolar va olingan saboqlar” mavzusida xalqaro videokonferensiya o‘tkazildi. Tadbir BMTning Aksilterrorchilik boshqarmasi tomonidan preventiv diplomatiya bo‘yicha BMTning Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy markazi (PDMOMM) hamkorligida o‘tkazildi.

BMT Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasiga parallel tadbir sifatida o‘tgan muloqot 35 mamlakatdan 200 nafardan ziyod ekspert, jumladan, BMTning maxsuslashtirilgan idoralari — UNICEF, UNESCO, UNDP, UNODC, Inson huquqlari bo‘yicha BMT bosh komissarining boshqarmasi vakillarini yig‘di.

Unda Markaziy Osiyo davlatlaridan sudyalar korpusi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, diplomatlar, tadqiqot markazlari ishtirok etishdi.

Xalqaro onlayn forum moderatori sifatida O‘zbekiston Respublmkasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqaviy tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov chiqish qildi.

Tadbir davomida qatnashuvchilar terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish masalalarini muhokama qilishdi, Markaziy Osiyo davlatlarining ekstremistik dunyoqarash tarafdorlarini radikallikdan xalos etish, qurolli to‘qnashuvlar zonasidan qaytarib kelingan shaxslarni ijtimoiy reintegratsiya va reabilitatsiya qilish, bu sohadagi xalqaro amaliyot bilan tanishishdi.

Onlayn forumni ochar ekan, Eldor Aripov xalqaro kun tartibida ekstremizm va terrorizm tahdidlari hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganligini qayd etdi. Shu sababli u O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasi 75-sessiyasida ilgari surgan, BMTning Markaziy Osiyodagi global aksilterrorchilik strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilinganining 10 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi o‘rinli va zarur bo‘lganiga urg‘u berdi.

BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, BMT aksilterrorchilik boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkovning ta'kidlashicha, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning qurolli to‘qnashuvlar zonasidan ayollar va bolalarni olib chiqish to‘g‘risidagi chaqiriqlariga Markaziy Osiyo davlatlari birinchi bo‘lib javob bergan.

Shavkat Mirziyoyevning Qo‘shma reja qabul qilinganligining 10 yilligiga bag‘ishlab tashkillashtiriladigan xalqaro konferensiya bo‘yicha taklifini bor imkoniyatlar bilan qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirar ekan, Voronkov Markaziy Osiyo davlatlari xalqaro majburiyatlar hamda BMT Xavfsizlik Kengashining terrorchilikka qarshi kurashish sohasidagi tegishli rezolyutsiyalarni bajarishda barcha davlatlarga o‘rnak ekani, bu tajriba xalqaro hamjamiyat uchun o‘rganishga arzirli ekanini ta'kiladi.

BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, PDMOMM rahbari Natalya German Global aksilterrorchilik strategiyasini amalga oshirishda BMTning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligi tajribalari bilan o‘rtoqlashar ekan, mintaqa mamlakatlari Suriya va Iroqqa borib qolgan fuqarolar, ayniqsa ayollar va bolalarni ortga qaytarish masalasini yechishda ancha ildam qadam bosib qo‘yganini qayd etdi.

Markaziy Osiyo mintaqasida jangarilar va ularning oila a'zolarini repatriatsiya, reabilitatsiya va reintegratsiyasiga kompleks yondashuv shakllanganini ta'kidlab, preventiv diplomatiya bo‘yicha BMTning Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy markazi bundan keyin ham mintaqa mamlakatlarini terrorchilikka qarshi kurashishning keng kontekstida ham, xususan, xorijiy jangarilarga qarshi turish kabi muayyan sohalarda ham qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Natalya German Markaziy Osiyo davlatlari bilan birgalikda global aksilterrorchilik strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasini qayta ko‘rib chiqish, xorijiy jangari-terrorchilar fenomenini hisobga olib, yangi reallikka moslashtirish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021 yilda Qo‘shma reja qabul qilinganligining 10 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konfenrensiya o‘tkazish tashabbusini BMTning narkotiklar va jinoyatlar bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) ning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Ashita Mittal ham qo‘llab quvvatladi.

A.Mittal inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, terrorchilikka sabab bo‘luvchi tub sabablar masalasiga e'tibor qaratish muhim ekanligini ta'kidladi.

Tadbir davomida Markaziy Osiyo davlatlari hamda BMTning boshqa maxsus idoralari vakillari so‘zga chiqishdi. Qatnashuvchilar diqqatiga real voqealar asosida suratga olingan, terrorchi-jangarilar va ularning oilalarini repatriatsiya qilish sohasida mintaqa davlatlarining tajribasidan hikoya qiluvchi animatsion rolik qo‘yib berildi.

Muloqot qatnashuvchilari mintaqa hukumatlari repatriantlarga ularning ijtimoiy moslashuvi va reintegratsiyasi uchun har tomonlama ijtimoiy-huquqiy va moddiy yordam ko‘rsatishganini qayd etishdi. Radikallashuvdan xalos qilish — bu jamoat tashkilotlari, ta'lim muassasalari va OAV jalb etiladigan murakkab choralar majmui ekanligi, uni faqat davlatning oliy darajadagi qo‘llovi sharti bilan bajarish mumkinligi ta'kidlandi.

Videokonfrensiyada ishtirok etgan BMTning maxsuslashtirilgan idoralari vakillari, ekspertlar va mutaxassislar Markaziy Osiyo tajribasi qimmatli saboqlar chiqarishga xizmat qilishi va boshqa davlatlar uchun foydali bo‘lishi mumkinligi borasida yakdil fikrga kelishdi.

Tadbir yakunida qatnashuvchilar Markaziy Osiyo davlatlari repatriatsiya bo‘yicha xalqaro sa'y-harakatda yetakchi ekanligi, taqdir taqozosiga ko‘ra qaynoq nuqtalarda bo‘lib qolgan fuqarolari uchun jipslik va mas'uliyat namoyon etayotganligi ta'kidlandi.

Top