19:38 / 09.10.2020
51517
Almazbek Atambayevga suiqasd qilindi

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevga suiqasd qilindi. Bu haqda uning maslahatchisi Qunduz Joldubayeva ma'lum qildi. 

Joldubayeva Facebook’da Atambayev ishtirokidagi videoni e'lon qilgan. Unda sobiq prezident o‘z avtomobilidagi o‘q izlarini ko‘rsatgan. Joldubayevaning ta'kidlashicha, Atambayevning mashinasiga jangovar o‘qlar uzilgan, sobiq prezidentga shikast yetmagan. 

“Axir rezina o‘qlar bilan zirhni teshib o‘tish mumkinmi, Mercedes esa teshib o‘tilgan”, deb aytadi Atambayev videoda. Sobiq prezidentdan “Bu sizni yo‘q qilishga urinish bo‘ldi, deb hisoblayapsizmi?” deb so‘ralganda, “Nima deb o‘ylaysan, mashinamga jangovar o‘qlar bilan yana nimaga otishlari mumkin?”, deb javob qilgan.

 

 

9 oktyabrda Bishkekda bir nechta namoyishlar o‘tgan, ulardan birida Atambayev va uning tarafdorlari ishtirok etgan. Atambayev o‘z chiqishi vaqtida mamlakatda yuz berayotgan voqealarni “uchinchi inqilob” deb atagan va hokimiyatga qaytishni ko‘zlamayotganini hamda hech qanday lavozimlarni egallamoqchi emasligini ta'kidlab o‘tgan.

“Agar menga hokimiyat kerak bo‘lganda, ikkinchi muddatga qolgan bo‘lardim. Ko‘pchilik, jumladan Markaziy Osiyo va hattoki Yevropa davlatlari yetakchilari qolishimni so‘rashgandi. Men ataylab o‘rnak ko‘rsatdim [hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirish bo‘yicha] va boshqa odam uchun tashviqot yurgizdim. Mening aybim shuki, atrofimdagi odamlarga ishongandim”, deb aytgan sobiq prezident. Atambayevning ta'kidlashicha, unga “na hokimiyat, na kursi emas”, balki xalq kelajagi muhimdir.

Birozdan keyin Atambayev tarafdorlari tomon sobiq deputat, parlament tomonidan bosh vazir lavozimiga ilgari surilgan Sadir Japarov tarafdorlari yo‘nala boshlagan va ikki tomon o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlangan. Natijada Atambayev va u bilan birga bo‘lgan sobiq bosh vazir Omurbek Babanov Ala-Too maydonini tark etishgan. Ular mashinaga o‘tirishganda, noma'lum shaxs mashinaga qarata bir necha marta o‘q uzgan. 

Bishkek ichki ishlar bosh boshqarmasi hozircha ushbu voqeaga izoh bermagan. 

Bundan tashqari, Ala-Too maydonida yuz bergan tartibsizliklarda “Ata Meken” partiyasi yetakchilaridan biri Tilek Toktogaziyev yaralandi. Ta'kidlanishicha,  Toktogaziyevga tosh tekkan va uning tarafdorlari siyosatchini hushsiz holatda shifoxonaga yetkazishgan. 

Avvalroq Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov Bishkekda favqulodda holat rejimini kiritdi va shaharga qo‘shinlar olib kirishni buyurdi. Ushbu rejim mahalliy vaqt bilan 9 oktabr soat 20dan boshlab amal qila boshlaydi va 21 oktyabrgacha davom etadi. Shuningdek, ommaviy tadbirlar, jumladan ish tashlashlar, namoyishlar, ko‘cha yurishlari, yig‘ilishlar o‘tkazishga taqiqlov kiritilgan.  

Mavzu
Qirg‘izistonda hukumat almashinuvi
Qirg‘izistonda parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan muxolif partiyalar inqilob amalga oshirishdi.
Barchasi
Top