O‘zbekiston | 11:37 / 23.10.2020
6725
5 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyati hokimi ayrim mahsulotlar narxi oshishiga «chaqqon olibsotar»lar sabab ekanini aytdi

Bugun, 23 oktabr kuni xalq deputatlari Navoiy viloyat kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda depuatlar tomonidan 2020 yil yakuni va 2021 yil may oyigacha oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.   

Foto: Navoiy viloyat hokimligi

Sessiyada Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov so‘zga chiqib, viloyat aholisini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish, bozorlarda narxlar barqarorligini ta'minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar xususida ma'lum qildi.

Hokimning ma'lumot berishicha, viloyatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, kartoshka, sabzi, piyoz, meva, poliz ekinlari, uzum, go‘sht, sut, tuxum, baliq aholi iste'moli uchun belgilangan me'yorlardan ortiq yetishtirilgan. Bu mahsulotlarning ehtiyojdan ortig‘i boshqa hududlarga sotilgan, 17 mln 378 ming dollarlik 12 ming tonnadan ortiq meva-sabzavot esa eksportga yo‘naltirilgan.

Viloyat rahbari Navoiyda yiliga 103,3 ming tonna go‘sht ishlab chiqarilib, buning 41,3 ming tonnasi hudud aholisi ehtiyojlari uchun yo‘naltirilishini, ayni paytda viloyatda 502,7 ming bosh yirik shoxli mol, 2,3 mln bosh qo‘y va echki, 20,2 ming bosh ot hamda 3 milliondan ortiq parranda boqilmoqda. Chorvachilikni rivojlantirish maqsadida yil yakuniga qadar 43ta xo‘jalikka 6,7 mlrd so‘mlik subsidiya mablag‘lari evaziga xorijdan 2,5 ming bosh zotdor qoramol keltirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 31ta loyiha bo‘yicha 5,1 ming bosh chorva mollari boqiladigan xo‘jaliklar tashkil etiladi. 2021 yilda esa 46ta loyiha bo‘yicha 19 ming bosh qoramolchilik xo‘jaliklari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Muhim jihati, shundan 14tasi yirik bo‘rdoqchilik kompleksi bo‘lib, ularining har birida ming boshdan ortiq qoramol boqiladi.

«2021 yilning aprel oyiga qadar viloyat aholisining un mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji 37,7 ming tonnani tashkil etadi. Shundan 37,2 ming tonnasi mahalliy va 0,5 ming tonnasi import mahsulot hisobidan qoplanadi. Bugungi kunda hududda 2ta yirik va 5ta kichik un ishlab chiqaruvchi korxona mavjud. Yil yakuniga qadar yana 2ta donni qayta ishlash korxonasi ishga tushiriladi. Buning hisobiga aholining un mahsulotiga bo‘lgan talabi to‘liq qondiriladi va eksportga yetkazib berishga ham erishiladi.

Bundan ko‘rinib turibdiki, viloyatimiz aholisini un mahsuloti bilan ta'minlashda hech qanday muammolarga duch kelinmaydi va ortiqcha tashvishlanishga hojat yo‘q», deya Qobul Tursunovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, 2020 yil noyabrdan 2021 yil maygacha viloyatda aholining kartoshkaga bo‘lgan ehtiyoji 21,7 ming tonnani tashkil etadi. Shundan 13,7 ming tonnasi yurtimizda yetishtirilgan mahsulotlar hisobidan, 8 ming tonnasi esa import hisobidan qoplanadi. Viloyatda qish-bahor mavsumi uchun 12 ming tonna kartoshka zaxirasi yaratish rejalashtirilgan. Hozirda 94ta tayyorlov korxonalari bilan yetkazib beruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalari o‘rtasida shartnomalar tuzilib, jamg‘arish ishlari boshlangan. Shuningdek, 8,2 ming tonna guruchga bo‘lgan ehtiyojning asosiy qismi zaxira manbalari orqali jamg‘arilib, yanvar-aprel oylarida tayyorlov korxonalari tomonidan ichki iste'mol bozorlarida arzon narxlarda sotilishi ta'minlanadi.

Viloyat hokimi 2021 yilda yangi tajriba asosida 5 ming gektar g‘o‘za oralariga, 12 ming gektar g‘alladan bo‘shagan takroriy ekin maydonlariga kungaboqar va soya ekish rejalashtirilayotganini ham aytib o‘tdi. Bu yog‘ mahsulotining importini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega. Chunki, qish-bahor mavsumi uchun Navoiy aholisining o‘simlik yog‘iga bo‘lgan ehtiyoji 4,7 ming tonnani tashkil etib, buning 2,2 ming tonnasi import mahsulot hisobidan qoplanadi. Hozirda viloyatda quvvati 14 ming tonna bo‘lgan 3ta yirik moy ishlab chiqaruvchi korxona mavjud. 2020 yilda Qiziltepa va Xatirchi tumanlarida quvvati 10 ming tonna bo‘lgan 2ta moy ishlab chiqaruvchi korxona ishga tushirilgan.

Keyingi vaqtlarda Navoiy bozorlarida ham go‘sht, tuxum, o‘simlik yog‘i, shakar kabi mahsulotlar narxining beqarorligi kuzatilmoqda. 

«Buning asosiy sababi esa fidoyi fermer va dehqonlarimizning peshona teri evaziga yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari «chaqqon olibsotar»lar tomonidan 4-5 marta qo‘lma-qo‘l bo‘lib, keyin xalqimiz dasturxoniga yetib borayotganidadir. Ishontirib aytamanki, xalqimizni barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta'minlashda muammolar yuzaga kelmaydi hamda ortiqcha sarosima va xavotirga o‘rin yo‘q», degan hokim.

Sessiya ishida boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilgan.

Mavzuga oid