20:47 / 06.11.2020
2544
Xavfsizlik va xarajat o‘rtasidagi balansni topish bo‘yicha o‘rganishlar olib borilyapti - Mas'ul AES qurish haqida

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha ekspertlarni jalb qilgan holda o‘rganishlar olib borilayotgani haqida ma'lum qildi.

«Elektr stansiyasini qurish uchun juda katta o‘rganish va tadqiqotlarni amalga oshirish lozim. Xabaringiz bor, elektr stansiyasini qurish maydonchasi aniqlanganidan so‘ng xorijiy mutasaddi, ekspertlarni jalb qilgan holda u yerda bir qator o‘rganishlar amalga oshirilyapti.

O‘rganishlardan asosiy maqsad nima – xavfsizlik va xarajat o‘rtasidagi balansni topish. Agar biz bu loyihaga faqat xavfsizlik nuqtayi nazaridan yondashib, xarajatlarni umuman hisobga olmaydigan bo‘lsak, ertaga shu stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasi narx jihatidan raqobatbardosh bo‘lmay qoladi. Buning og‘irligi respublika iqtisodiyoti, aholi yelkasiga tushadi.

Shuning uchun optimal loyihalashtirish ustida ekspertlar ishlashyaptiki, tannarxi ham odatiy issiqlik elektr stansiyalari yoki quyosh va shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan energiya narxi bilan taqqoslaydigan darajada bo‘lishi kerak», dedi u «Energetika tizimidagi eng so‘nggi yangiliklar, kuz-qish mavsumiga ko‘rilayotgan choralar» mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning oktabr oyida Rossiya va O‘zbekiston prezidentlari Vladimir Putin hamda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish loyihasiga start berishgan edi.

AES quriladigan maydon sifatida Jizzax viloyati Tuzkon ko‘li yaqinidagi maydonlardan biri tanlab olindi.

Xalqaro atom energiyasi agentligining mustaqil hukumatlararo tashkilot sifatidagi faoliyati — atomdan tinchlik yo‘lida foydalanish sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. O‘zbekiston mazkur tashkilot bilan ilmiy-texnik hamkorlik doirasida atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish bo‘yicha ko‘plab loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

2019 yil sentyabrida «Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachev korporatsiya yil oxiriga qadar AES qurilishi bo‘yicha asosiy shartnomani imzolash hamda 2020 yil avvalidan stansiya qurilishi bo‘yicha maydonchada ishlar boshlanishi rejalashtirilayotgani haqida aytgandi.

Mavzu
O‘zbekistonda birinchi AES qurilishi
O‘zbekistonda Rossiya bilan hamkorlikda birinchi Atom elekt stansiyasi qurilishi bo‘yicha harakatlar boshlandi
Barchasi
Top