19:31 / 12.11.2020
21430
Badiiy ta'lim-tarbiyaning o‘zbekcha muammolari va Stalinning dahshatli amaliyoti haqida - Badiiy akademiya olimi bilan suhbat

Bugun, 12 noyabr kuni AOKA binosida «Tasviriy va amaliy san'at sohasi samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2020 yil 21 aprelda qabul qilingan prezident qarori ijrosi yuzasidan brifing o‘tkazildi.

Unda Badiiy akademiya bosh ilmiy-kotibi Feruza Obidjonova qaror yuzasidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma'lumot berdi.

Kun.uz muxbiri tadbir yakunida Feruza Obidjonova bilan brifing mavzusidan kelib chiqqan holda mustaqillik yillarida o‘zbek maktablarida sifatli badiiy ta'lim va tarbiya berish rejasi nega to‘liq amalga oshmay qolgani, umuman, bolalarning ishga ijodiy munosabatda bo‘lishi, ularni yuksak did va madaniyatli qilib tarbiyalash borasida uchrayotgan muammolar borasida kichik intervyu uyushtirdi.

Unda Badiiy akademiyaning bosh ilmiy kotibi badiiy tarbiya va sifatli badiiy ta'lim muammolarining kelib chiqish sabablarini bir qancha yo‘nalishlarda ko‘rishini ta'kidlaydi.

Foto: Badiiy akademiya matbuot xizmati

Iosif Stalinning jamiyatda kashfiyotlar va san'atni to‘xtatish maqsadida qilgan dahshatli amaliyoti haqida

— Men estetikman va barcha san'at turlari bo‘yicha o‘z fikrlarimni bildirishga haqliman deb o‘ylayman.

Bilasizmi, sifatli badiiy ta'lim berish muammolari haqida gapirganda, barcha muammo ixtisoslikdan boshlanishini eslatib o‘tmoqchiman.

Yana shuni eslatish kerakki, 1929 yilda Iosif Vissarionovich Stalin jamiyatda kashfiyotlar va san'atni to‘xtatish maqsadida nomutaxassislarning mutaxassislar taqdirini hal qilish tizimini o‘ylab topadi. Ya'ni bu amaliyot bo‘yicha tanlangan kishilar 4 oylik malaka kurslarida o‘qitib «Qizil faylasuflar» nomi bilan barcha faylasuflarni yo‘q qiladi. Yanayam dahshatlisi, o‘sha amaliyot bo‘yicha keyingi navbat adabiyot va san'at sohasi vakillariga edi va bu sodir bo‘ldi ham.

Bu sohalar kishilarga ma'rifat va san'atni o‘rgatadigan sohalar hisoblanadi. Kashfiyot va taraqqiyotlar rivoji natijasida esa nafaqat mamlakatlar mustaqillikka intiladi, balki davlatlar jahon bilan tenglashib, diktatorlik rejimiga qarshi chiqishi ham mumkin edi.

Shuning uchun san'at va kashfiyotlar uni tushunganlar qo‘lida bo‘lishi kerak.

— Haqsiz, lekin 1960-70 yillarda adabiyotda yoki san'atda katta, buyuk ijodkorlar yetishib chiqdi-ku.

— Ha, lekin o‘ziga hos uyg‘onish davri bo‘lgan bu davr va undagi avlodlarning yetishib chiqishi, aslida, 1919 yillardagi o‘sishning natijasida paydo bo‘lgan meva edi. Bu o‘sha davrda avjiga chiqish edi. Qaytaraman, nomutaxassislar mutaxasislar taqdirini hal qilar ekan muammolar tugamaydi, ko‘payaveradi.

Badiiy ta'limning «o‘zbekcha» muammolari haqida

— San'at muassasasi bor, madaniyat muassasasi bor. Madaniyat san'atning orqasidan vujudga keladi. Unda axloqiy, huquqiy, estetik madaniyat bor. San'at muassasasi aynan ijodkor bilan ishlaydi. Masalan, Teatr birlashmasi, konservatoriya, Yozuvchilar uyushmasi kabi.

Bizda sekin-sekin madaniyat ham shunga qarab kelyapti. Badiiy ta'limdagi oddiy muammo: dars beradigan o‘qituvchining taqdiri o‘ylanishi kerak bo‘lgan jiddiy masala.

Bizda olimlar uzoq vaqt ta'lim muassasalarida oylik olib ishlashgan, lekin badiiy akademiyaning akademigi ham, professori ham bo‘lolmagan. Ya'ni bizning oliy ta'lim tizimida ilmiy darajalar bilan ilmiy unvonlarning farqiga borilmaydi. Masalan, dunyoning ko‘plab rivojlangan davlatlarida kishi mutaxassis, o‘zbekcha aytganda usta bo‘lsa, unga to‘g‘ridan to‘g‘ri professorlik beriladi. Endi «xalq rassomi», «xalq ustasi» deb tanlangan odam Badiiy akademiyaning saylovi va prezidentning tasdig‘idan o‘tib, akademik bo‘lsa-yu, ta'lim muassasalarida o‘z-o‘zidan professor lavozimiga tasdiqlanish o‘rniga faqat «vazifasini bajaruvchi» deb olingan. Nega desangiz, «bu olim emas» deyishadi.

Afsuski, jamiyatimizda olim bilan haqiqiy ijodkorni ajratish kabi eski holat hamon yashayapti.

2017 yilda va nihoyat, Oliy attestatsiya komissiyasi va Oliy va o‘rta mahsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda ilmiy unvonlarni istisno tariqasida berish tartibini yo‘lga qo‘ydik. Nega, chunki davlatning beradigan oyligi xalq rassomlari va xalq ustalariga yetmasa, ular ketadi.

Ikkinchidan, ijodkorning davlat tizimida ishlashi uni qolipga, bir xil rakursga solib qo‘yadi. Chunki ijodkor inson erkinlikni xohlaydi. Agar uni yaxshi mablag‘ va hech bo‘lmaganda hurmat bilan qabul qilib olmasangiz ular talabaga to‘g‘ri dars bermaydi. Natijada o‘sib kelayotgan yoshlarga darslar to‘g‘ri yetib bormaydi, u sifatli dars bo‘lmaydi.

Siz menga badiiy ta'lim tushunchasini ishlatgan holda savol berdingiz, men esa badiiy ta'lim tushunchasi yo‘q, bo‘lsa ham tushunchaligicha qolib ketgan, deb javob beraman.

Bu tushuncha faqat 2020 yildagina prezident Mirziyoyev tomonidan qayta ishlatildi. Ya'ni bizda badiiy ta'lim bo‘yicha O‘zbekistonda biror qaror bor ekanligi esimda yo‘q ekan, siz eslatdingiz. Demak, u ishlamagan.

Yana bir masala, biz ta'limda barcha sohalarni ixtisoslashtirishimiz kerak. Masalan, rassom o‘zi biladi san'at uchun, uning rivoji va kelajagi uchun qanday rassom tayyorlashi kerakligini.

Adashmasam, faqat 3 yoki 4 yil avval san'at sohasidagi test tizimini bekor qilish masalasi ko‘tarilgandagina Bosh vazir Abdulla Aripov aytgandi: «Rassom biladi har holda kimni yetishtirish kerakligini». Chunki test tizimi nafaqat rassomlarga, adabiyotshunoslarga, umuman, barcha ijodkorlarga ham noto‘g‘ri ta'sir qiladi. Masalan Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlari»ni haqiqatda o‘qigan odam bo‘ladi yoki shu asarni bilgan, eshitgan odam.

Biz ta'limning o‘tgan yillari davomida bolaga fikrlash imkonini, umuman, bermadik. Maktablardagi o‘qitish tizimi, o‘qish ham shunga asosan faqat yodlashga qaratilardi.

Ikkinchi masala esa, tasviriy san'at o‘qituvchilarining bilimini, ishini baholovchi kishilar bizda doim nomutaxassislar bo‘lgan.

Bolalarga dars berishda ham shunday. Maktablarda nomutaxassis soha vakili tasviriy san'at yoki musiqa darslarini o‘tib ketaveradi. Bu yillar davomida davom etayotgan juda og‘riqli holat. Natijada bo‘lajak ta'lim inspeksiyasi xodimi musiqa qanday qilib yaratilishi yoki tasviriy san'at qanday yaratilishini bilmaydi. Shuning natijasida biz hozir ham o‘z loyihalarimizni oylab, yillab himoya qilishga, o‘tkazishga majbur bo‘lyapmiz.

Biz vazirliklarga o‘z loyihalarimiz nega kerakligini tushuntirolmayapmiz. Aniqrog‘i, ular tushunishni istashmaydi. Masalan, ijodkorlar uchun ijodiy aspirantura taklifini berganimizda Innovatsiya vazirligi mas'ulining sochi tikka bo‘lib ketgani esimda. Ular qanday qilib, degan savolni bizga berishadi. Yoki Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Moliya vazirligi bilan ham shunday holat bo‘lgan.

Demoqchimanki, mas'ullar san'atni qo‘llab-quvvatlashi uchun ular, avvalo, san'atni o‘zi nimaligini, nega kerakligini tushuna olishlari kerak.

San'at o‘qituvchilariga munosabat o‘zgarishi kerakligi haqida

— Yana bir masala san'at o‘qituvchilariga qo‘yiladigan talablar haqida. Masalan, men ijtimoiy fan vakiliman va 80-100 ta talabani boshqara olaman. Buning uchun pedagogikani o‘qishim, o‘rganishim kerak. Lekin rassomlar uchun 1-3 ta talaba yetadi. Rassom 3 ta talabadan ko‘pini o‘qityaptimi demak, bu degani dars sifati buzilgan. Chunki rassom dars davomida har bir narsani o‘zi bajarib, qo‘lda ko‘rsatadi. Ammo bizdagi ta'lim muassasalarida hozir ham 8 tadan 12 tagacha talabani o‘qitish talabi amal qilyapti. Sifatsizlik shundan kelib chiqmoqda.

Avvallari dars o‘tadigan bitta rassomga 2 ta assistent berilardi. Talabalar soni ham 5 tadan oshmasdi. Natijada bizda Akmal Nur, Javlon Umarbekov, Bahodir Jalolov kabi xalq rassomlari yetishib chiqqan.

San'at sohasidagi kadrga individual yondashuv bo‘lsagina u rivojlanadi.

San'at va tasviriy san'at maktablari o‘rtasidagi raqobat haqida

— Bilasiz, hozir madaniyat maktablari xalq ta'limi tizimidan chiqarilgan. Ko‘plab san'at va tasviriy san'at maktablari Badiiy akademiyaga berildi. Hozir bizning tizimga qarashli 15 ta maktab bor. Xalq ta'limi tizimida shu kabi ayrim maktablar saqlanib qolgan. Qolaversa, ijod maktablarida ham san'at va tasviriy san'at yo‘nalishlari bor. Bu to‘g‘ri ish, chunki bu sohalarni bitta tizim tomonidan monopoliya qilib boshqarilishi raqobatni o‘ldiradi, ijodni yo‘q qiladi. Shu jihatdan men bu yo‘nalishda endi raqobat va rivojlanishni kutaman. Bitta vazirlik o‘z aybini istagancha yashira oladi.

Maktablarda etika va estetika fanining o‘qitilishi haqida

— Maktablarimizda shu kabi darslar yo‘q, o‘tilmay qo‘ygandi. Dars soatlari olib tashlangan. Biz, avvalroq, prezidentga Badiiy akademiyadagi san'at va ijod maktablarida etika va estetika fanini o‘qitish kerakligi borasida taklif bergandik. Hozir bizning tizimda bu fanlar majburiy o‘qitilyapti.

Xalq ta'limi tizimidagi maktablarda etika va estetikaning o‘qitilishiga kelsak, ular buni tarbiya fani deb atashyapti. Davlat rahbari esa, aslida, tarbiya fanlari deganda gumanitar fanlarni nazarda tutgandi, chunki gumanitar fan tarjima qilinishi juda qiyin. Lekin negadir Xalq ta'limi vazirligi buni boshqacha tushunib, tarbiya degan fanni dars soatlariga kiritib qo‘ydi. Bu «kasha». Aslida, har bir fanning o‘z ildizi bor. Adabiyot, etika, estetikaning o‘z ildizlari bo‘lgani kabi. Buni umumlashtirib yuborish samara va o‘z o‘rnida bolaga bilim bermaydi. Taklif qildimki, maktablarda tarbiya fanlari tarkibida alohida fan – estetika va etika fanlari alohida o‘qitilishi lozim.

Mana Xalq ta'limi vazirligi endi shu tizimga o‘tyapti. Unga ko‘ra, endilikda barcha maktablarda 1-sinfdan 5-sinfgacha tarbiya fani va 7-sinfdan 11-sinfgacha etika va estetika fani o‘tiladi. Psixologiya ham. Bu jahon standarti, aslida.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Top