19:16 / 12.11.2020
16728

Turkmanistonda Olabay itiga oltin yodgorlik o‘rnatildi

Ashxobodda Olabay iti yodgorligining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda ushbu yodgorlikni o‘rnatish tashabbusi muallifi – prezident Gurbanguli Berdimuhamedov ham ishtirok etdi.

Oltin haykal balandligi 6 metr. U 9 metr balandlikdagi poydevorga o‘rnatilgan. Bu haqda «Turkmaniston Bugun» agentligi xabar berdi.

Poydevorga monitor qadalgan bo‘lib, 10 noyabrdagi ochilish marosimida monitorlar orqali shu zotli itlar ishtirokidagi videoroliklar namoyish etilgan.

Gurbanguli Berdimuhamedov «bu ajoyib hayvonlarning mislsiz jasorati va insonga naqadar g‘amxo‘rligiga hurmat va ehtirom ko‘rsatish» joizligini aytib, millatning tarixiy taqdirida olabaylar tutgan rolni va ularning xalq hayotida egallagan o‘rnini e'tirof etgan.

Turkmaniston ilgaridan oltin yodgorliklari bilan tanilgan. Ular respublikaning birinchi prezidenti Saparmurod Niyozov davrida o‘rnatila boshlangan. 2017 yilda Niyozovning oltin yodgorliklaridan biri demontaj qilingan. 2015 yilda Ashxabodda amaldagi prezident Berdimuhamedovga atab yodgorlik o‘rnatilgandi.

Ikki yil oldin Gurbanguli Berdimuhamedovga oltin shtanga sovg‘a qilishgan, u mamlakat Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishi paytida hukumat a'zolariga o‘zining shtanga ko‘tarish mahoratini namoyish etgan.

Top