11:27 / 29.11.2020
55691

«Eron bombasining otasi» o‘ldirildi. Eron qasos olishni va'da qilmoqda

Eron hukumati yetakchi fizik olim, Isroil va G‘arb davlatlari maxsus xizmatlari tomonidan «Eron bombasining otasi» deya nisbat beriladigan Muhsin Faxrizodaning o‘ldirilishi uchun qasos olishga va u boshlagan ishlarni davom ettirishga va'da bermoqda.

Foto: EPA

27 noyabr kuni Eronda shov-shuvli qotillik sodir bo‘ldi. Eronning maxfiy yadro dasturi boshqaruvchisi ekani aytiladigan Muhsin Faxrizoda terakt qurboni bo‘ldi. Uning o‘ldirilishini Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining «Al Quds» maxsus bo‘linmasi komandiri Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishiga o‘xshatishmoqda. Eronda Faxrizodaning o‘limi sabab naq 40 kunlik motam e'lon qilindi.

Bu ishni kim qildi?

Eron yadro dasturining rahbari ekani aytilayotgan fizik olim Muhsin Faxrizodaning o‘limini ko‘pchilik Isroil bilan bog‘lamoqda. Axir Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu ikki yil oldin tashkil etilgan maxsus anjumanda Eronning maxfiy «Aman» yadro dasturi haqida gapirib, Faxrizodani uning rahbari sifatida ta'kidlagandi. «Bu nomni eslab qoling – Faxrizoda», degandi o‘shanda Netanyahu olimning suratini ko‘rsatib.

Shu sababli eronlik juda muhim olimning o‘ldirilishini Isroil bilan bog‘lashmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp eronlik Muhsin Faxrizoda o‘ldirilgani va u uzoq yillar MOSSADning kuzatuvida bo‘lgani haqida yozilgan tvitni retvit qildi (o‘quvchilariga ulashdi). Bu esa AQSh prezidenti go‘yoki sodir bo‘lgan voqealardan xabari borligiga ishora sifatida ham qabul qilindi. Trampning bu harakati beixtiyor shaxsan uning topshirig‘iga ko‘ra o‘ldirilgan Qosim Sulaymoniyga uyushtirilgan suiqasdni eslashga majbur qilgan.

Foto: EPA

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy shanba kuni tongda chiqish qilib Faxrizodaning o‘limi ortida Isroil turganini ma'lum qildi: «Shahid Faxrizodaning o‘limi dushmanlarimizning bizga bo‘lgan nafrati qay darajada ekanini ko‘rsatadi. Uning o‘limi bizning ishlarni to‘xtatmaydi», dedi Ruhoniy. Eron oliy yetakchisi oyatulloh Ali Xominaiy qotillik ortida turganlarni jazolashni talab qildi.

Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif bu voqeani davlatga qarshi uyushtirilgan terror deb atadi. Ali Xominaiyning maslahatchisi esa bu ishda to‘g‘ridan to‘g‘ri Isroilni aybladi.

Reuters agentligi bu borada Isroil bosh vaziri vakillaridan munosabat olishga uringan, lekin javob olishmagan. Isroil bu qotillikda bejiz ayblanmayapti. Chunki 2010-2012 yillarda 4 nafar eronlik yadro mutaxassislari o‘ldirilgan va o‘shanda ham Tehron Isroilni ayblagandi.

Jerusalem Post nashri xabar berishicha, Isroil Eron hukumatining qasos haqidagi va'dalari ortidan butun dunyodagi elchixonalari va vakolatxonalarini qo‘riqlashni kuchaytirgan.

Muhsin Faxrizoda Ali Xominaiy nomidagi atom fizika universiteti professori hisoblanadi. Uni bundan bir necha yil oldin ham o‘ldirishga urinishgandi. 2014 yilda Reuters'ga intervyu bergan g‘arblik diplomatlardan biri bu olim haqida shunday degandi: «Agar Eron uranni harbiy maqsadda qayergadir yuborsa, Faxrizoda «Eron bombasining otasi» ekanini hamma biladi».

Eron yadrodan doim tinch maqsadlarda foydalanishini aytib keladi. Mamlakatning BMTdagi vakili Majid Taxt-Ravanchi tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrishga xat yozib, Eronning manfaatlari va xalqini himoya qilishni so‘ragan. Guterrish esa hududda (ya'ni, Yaqin Sharqda) vaziyatni yomonlashtiruvchi har qanday harakatdan cheklanish kerakligini aytgan.

Suiqasd qanday sodir bo‘ldi?

Foto: EPA

Muhsin Faxrizoda mamlakatning eng muhim shaxslaridan biri sifatida jiddiy qo‘riqlanardi. Uni qo‘riqlash bilan mamlakatning eng asosiy harbiy tashkiloti bo‘lgan Islom inqilobi muhofizlari korpusi vakillari shug‘ullangan. Shu sababli, bu qotillik Eronning oliy harbiy tashkiloti uchun ham qattiq zarba hisoblanadi. Chunki ular qo‘riqlayotgan olim Tehronda o‘ldirib ketildi.

Qotillik poytaxt yaqinidagi trassalardan birida sodir etilgan. Olimning mashinasi yo‘lda ketayotganda o‘qqa tutilgan va Faxrizoda qo‘riqchilari bilan birga o‘ldirilgan. Fizik olim zirhli mashinada yurishi inobatga olinsa, uning mashinasi harbiy quroldan o‘qqa tutilgan. Mashina to‘rt tomondan o‘qqa tutilgan, lekin Faxrizoda voqea joyida halok bo‘lmagan. Uni tezda kasalxonaga olib borishgan va olimning joni kasalxonada uzilgan.

Voqea sodir bo‘lgan Absard shahrida mashina portlagan va uch kishi o‘lgan. Ular terrorchi bo‘lgani aytilmoqda.

«Urush alangasi»

Foto: Reuters

Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif tvitterdagi sahifasida bu ish urush alangasini yoqish uchun qilinganini aytib o‘tdi: «Terrorchilar eronlik yetuk olimni o‘ldirishdi. Bu qo‘rqoqlarning ishi. Isroil qilgani haqiqatga o‘xshayotgan bu voqea urush olovini yoqish uchun qilingan».

Islom inqilobi muhofizlari korpusi Faxrizodaning o‘limi uchun qasos olishini ma'lum qildi. Oyatulloh Ali Xominaiyning harbiy maslahatchisi Husayn Dehqon qotillikda Isroilning aloqasi borligini aytdi: «Ittifoqchisining oxirgi kunlarida (Trampning prezidentlikdagi oxirgi kunlari nazarda tutilmoqda, Tramp Isroil tarafdori hisoblanadi) yahudiylar Eronga bosimni kuchaytirib, urush boshlamoqchi».

Muhsin Faxrizoda kim edi?

Foto: Reuters

Oddiy fizik olimning o‘limiga nega bunchalik e'tibor berib, 40 kunlik motam e'lon qilingani ko‘pchilik uchun tushunarsiz bo‘lmoqda. Tabiiyki, 40 kunlik motam bo‘rttirishdan boshqa narsa emas, lekin Muhsin Faxrizoda chindan Eron uchun muhim shaxs edi. So‘nggi yillarda AQSh sanksiyalari sababli 160 milliard dollardan ko‘proq zarar qilgan Eron (mamlakatning yillik YaIM hajmi 454 milliard dollardan ortiq) uchun yadro dasturi juda muhim hisoblanadi. Chunki sanksiyalar sabab qurol-yarog‘ sotib olishda muammolarga duch kelayotgan Eronda yadro dasturi mudofaa uchun muhim hisoblanadi.

Yil boshida Daily Mail nashri Isroil razvedkasidagi manbalariga asoslanib Eron 2002 yildan buyon o‘z yadro qurolini yaratish bo‘yicha ishlab kelishini yozgandi. Loyiha boshida esa aynan Muhsin Faxrizoda turgan. Faxrizoda olim bo‘lishi bilan birga Islom inqilob muhofizlari korpusining yuqori mansabli zobiti ham hisoblangan.

New York Times Faxrizodani Ikkinchi jahon urushi vaqtida AQSh yadro qurolini ishlab chiqqan Robert Oppengeymerga o‘xshatishgan. Isroil bosh vaziri ta'kidlagan «Aman» dasturi esa chindan mavjudligi va uning ustida ishlar 1989 yilda boshlangani aytiladi. Loyiha ballistik raketalar uchun yadroviy o‘q-dori ishlab chiqishga qaratilgandi. Eronning ballistik raketalari esa uzoq yillardan buyon turli sinovlardan o‘tib keladi.

Xalqaro Atom energiyasi agentligi (MAGATE) 2003 yilda Erondagi yadro tadqiqotlari o‘tkaziladigan markaz yopilganini ma'lum qilgan, lekin keyinchalik ham markaz faoliyatini to‘xtatmagani haqida ko‘plab xalqaro tashkilotlar yozgan. 2010 yilda Eronning yadro quroli ishlab chiqarayotgani bo‘yicha shubhalar shunchalik jiddiylashdiki, Yevropa Ittifoqi, AQSh va BMT Eronga nisbatan sanksiyalar qo‘llashni boshladi. 2015 yilda Eron olti yirik davlat – AQSh, Britaniya, Fransiya, Xitoy, Rossiya va Germaniya bilan o‘ziga xos yadro kelishuvini tuzdi. Unga ko‘ra, o‘zining yadro dasturi mavjudligini tan olgan Eron dasturni asta-sekin kamaytirish evaziga sanksiyalar yumshatilishiga erishishi kutilgandi.

Foto: Reuters

2018 yilda AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp kelishuvning «oyog‘ini osmondan qiladi». U AQShning kelishuvdan chiqqanini e'lon qiladi va bu hol Isroil uchun ayni muddao bo‘ldi. Chunki Isroil doim Eron bilan yadro kelishuviga qarshi bo‘lgan. AQShning kelishuvdan chiqishi sabab Eron yadro kelishuvi shartlarini bajarishdan bosh tortadi. Oqibatda Eron boyitilgan uran qazib olish hajmini kelishuvda belgilanganidan 12 baravarga oshiradi. O‘shandan buyon Eron va AQShning munosabatlari yana yomonlasha boradi.

2020 yil 3 yanvarda esa Islom inqilobi muhofizlari korpusi maxsus bo‘linmasi «Al Quds» qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy shaxsan Donald Trampning topshirig‘i bilan o‘ldiriladi. Bu voqea ikki mamlakat o‘rtasida urush boshlanishiga olib kelishi kutilgandi, lekin Eron AQShning Iroqdagi askarlar tark etib ulgurgan bazasiga raketa zarbalari berish bilan cheklandi.

AQShning saylangan prezidenti Jo Bayden esa Eron bilan munosabatlarni tiklashini ma'lum qilgandi. Bu holat Eron hukumatida iliq kutib olindi. Chunki sanksiyalar bekor qilinishi Eron iqtisodiyotiga juda katta foyda keltiradi.

VVS tahlilchisi Pol Adamsning fikricha, Faxrizodaning o‘limidan AQSh va Eronning tiklanishi kutilayotgan munosabatlariga qarshi bo‘lgan tomon manfaatdor. Chunki Bayden har qancha munosabatlarni tiklashga urinmasin, Eron bu voqeadan so‘ng yadro dasturiga yanada zo‘r berishi tabiiy. Ha, barcha xulosalar o‘z-o‘zidan Tramp va Isroilning munosabati yaxshiligiga borib taqalaveradi. Erondan yo‘q joydan dushman yasagani uchun Tramp AQShda keskin tanqidga sabab bo‘lgandi. Isroilning esa Eronga bo‘lgani munosabati aniq. Albatta, bunday miqyosdagi suiqasdlarni kim uyushtirgani o‘n yillardan keyin ham aniqlanmasligi haqiqatga yaqin. Aytiladigan barcha gaplar esa faraz yoki aybni kimgadir ag‘darishga urinishdan boshqa narsa emas. Bir narsani unutmaslik kerak – katta odamlarni odatda juda katta odamlar o‘ldirtiradi...

Mavzuga oid
Top