15:39 / 20.12.2020
13257
Farg‘ona derbisida hakamni tepgan futbolchiga jinoiy ish ochilgan. Hakam uni kechirmoqchi

Pro-Liga 20-turidan o‘rin olgan «Neftchi» – «Turon» o‘yini tugagach, bosh hakam Shavkat Nasibullayevga oyog‘ining tag qismi bilan zarba bergan «Neftchi» futbolchisi Jamshid To‘raqulovga nisbatan jinoiy ish ochilgan.

Foto: O‘zA

Tribuna.uz muxbirining aniqlashicha, To‘raqulovning xatti-harakatlari Jinoyat kodeksining 277-modda 2-qismi «v» bandi bilan (ommaviy tadbirlar vaqtidagi bezorilik qilish) tasniflangan. Bu ayblov isbotlansa, 277-modda 2-qismining sanksiyasiga ko‘ra, futbolchi uch yildan besh yilgacha qamalishi mumkin.

Futbolchining otasi Lochinbek To‘raqulov agar o‘g‘li tepgan hakam Shavkat Nasibullayev arizasini qaytib olsa, vaziyat yengillashishi mumkinligidan xabar topgan va To‘raqulovlar oilasi hakam bilan shu masalada gaplashishgan. Shavkat Nasibullayev futbolchining onasiga arizani qaytarib olishini va'da qilgan.

Ma'lumot uchun, 1 dekabr kuni Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida o‘tkazilgan «Neftchi» – «Turon» o‘yini mamlakat yuqori divizioni – Superliga yo‘llanmasi uchun hal qiluvchi bahs bo‘lgandi. Uchrashuvda Yaypanning «Turon» klubi g‘olib bo‘lib, Pro-Liga g‘olibi sifatida Superligaga yo‘llanma olgandi. O‘tish o‘yinida qatnashish huquqini saqlab qolgan «Neftchi» esa Superliganing 13-jamoasi «Andijon»ga o‘z maydonida yengilib, Superliga yo‘llanmasidan quruq qoldi.

«Neftchi» – «Turon» o‘yinidagi tartibsizlikdan so‘ng 5 kishi 15 sutkaga qamalgan va 6 kishiga nisbatan jinoiy ish ochilgandi. Keyinchalik O‘FA etika qo‘mitasi «Neftchi» klubini uchta o‘yinni muxlislarsiz o‘tkazish va 100 million so‘m miqdoridagi jarima bilan jazoladi. Jamoaning ko‘plab a'zolari diskvalifikatsiya qilindi, Jamshid To‘raqulov esa 10 yilga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlatildi.

O‘yindan keyin jinoiy ish ochilgan 6 kishidan biri aynan Jamshid To‘raqulov bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgach, muxlislar futbolchining qamalgani noto‘g‘ri bo‘lgani haqida gapira boshlashdi. Ko‘pchilik «MYu» afsonasi Erik Kantona xuddi shu uslubda muxlisni tepgani uchun qamalmagani va 8 oyga futboldan chetlatilganini esladi.

Video: Farg‘onada Pro-liganing hal qiluvchi o‘yini ommaviy tartibsizlik bilan tugadi

PFL Farg‘onadagi janjalli o‘yin bo‘yicha bayonot berdi. Hakam mojaroli vaziyatda to‘g‘ri qaror chiqargan

Top