13:02 / 21.12.2020
5933

Surxondaryodagi sessiya: Yutuqlardan ko‘ra yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarga ko‘proq e'tibor qaratildi

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida joriy yilda amalga oshirilgan ishlar va 2021 yilga mo‘ljallangan rejalar yuzasidan aholiga murojaat qildi.

Sessiyada ishtirok etgan Kun.uz muxbirining xabar berishicha, To‘ra Bobolov xalq bilan ochiq va samarali muloqot olib borish tizimi yo‘lga qo‘yilganini e'tirof etib, shaxsan o‘zi 24 marta fuqarolar bilan sayyor qabul o‘tkazgani, ularda qariyb 3 mingga yaqin murojaatlar tinglangani, shu kungacha murojaatlarning 72 foizi qanoatlantirilganini qayd etdi.

«Hududning iqtisodiy rivojlantirilishi avvalo viloyatda mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanib, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlagan holda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bilan bog‘liq. Dunyoda jiddiy tashvish uyg‘otgan yakunlanayotgan yilda bu borada olib borgan ishlarimiz ham o‘z samarasini bermoqda. Bu yo‘lda bir yoqadan bosh chiqarib ishlasak, xalqimiz hayoti yanada obod, turmushi farovon bo‘ladi», dedi To‘ra Bobolov.

Yig‘ilishda erishilgan yutuqlar bilan birga turli sohalarda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar, ko‘zlangan marraga erishilmagan yo‘nalishlar birma-bir sanab chiqildi. Rejalarning bajarilmasligiga o‘z ta'sirini o‘tkazgan omillar tilga olindi.

Lekin shunga qaramasdan, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 2020 yil yakunida yalpi hududiy mahsulot hajmi 25,7 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 102,8 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Aholiga murojaatda hududning eksport salohiyati, qurilish va agrar sohada olib borilgan keng qamrovli ishlarga ham e'tibor qaratildi. Aholini elektr energiyasi, gaz, ichimlik suv bilan ta'minlash, oziq-ovqat xavfsizligi borasida amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalar tahlil qilindi.

Bobolov 2021 yil uchun belgilab olingan «yo‘l xaritasi» va uning hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi o‘rniga alohida to‘xtaldi. Sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar ko‘rsatish, turizmni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligiga e'tibor qaratildi. Viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida yuz bergan o‘zgarishlar, bu borada 2021 yilda amalga oshiriladigan ishlar slaydlar orqali ham namoyish etildi.

Sessiyadan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida viloyat hokimi jurnalistlar va blogerlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Shu kuni viloyatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hamda milliy hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

Top