15:37 / 25.12.2020
9585
«Ahmoqlikda bir tiyin ham yo‘qotishni istamayman». Moliya vaziri kriptovalutalarga munosabat bildirdi

Toshkent shahridagi Yoshlar forumi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda Moliya vaziri Timur Ishmetov kriptovaluta masalasiga munosabat bildirdi.

Moliya vaziri kriptovalutaga tanqidiy munosabatda ekanini ma'lum qildi. U kriptovalutani pul sanamasligini aytdi, deb xabar berdi Kun.uz muxbiri.

«Kriptovaluta so‘zining ishlatilishi mohiyatan noto‘g‘ri, negaki valuta pulni anglatadi. Kriptovaluta deb nomlangan aktiv esa pul emas, balki raqamli aktiv hisoblanadi. Pul ma'lum bir funksiyalarni bajaruvchi vosita sanaladi, jumladan, uning jamg‘arma, to‘lov vositasi funksiyalari mavjud. Kriptovaluta ushbu funksiyalarning bir yoki ikkitasini bajarishi mumkin, ammo cheklangan miqdorda», — deydi u.

O‘zbekiston moliya vaziriga ko‘ra, kriptovalutaga sarmoya kiritgan odamlarni qiziqtiruvchi asosiy masala — pul o‘tkazmalarning anonimligini (maxfiylik) kafolatlash.

«Ya'ni biron narsa sotib olishda xaridor ekanini yashirmoqchi bo‘lgan odam uchun bu aktiv juda qulay. Masalan, savdosi noqonuniy bo‘lgan narkotik uchun bu qo‘l keladi. Har qanday aktiv atrofida professional chayqovchilar paydo bo‘ladi, ya'ni aktivlarni olib sotish boshlanadi. Shunga qaramay, unutmaslik kerakki, barcha aktivlar cheklangan. Soddaroq aytganda, zalda o‘tirgan odamlarning boyligi cheklangan. Kimningdir cho‘ntagida pul paydo bo‘lishi uchun, o‘sha pul boshqaning cho‘ntagidan chiqishi kerak. Bitkoin oldi-sotdisi orqali daromadni ko‘zlagan odam doim foydani o‘ylab, yutqazishni o‘ylamaydi. Kimdir million dollar topishi uchun, 100 kishi ming dollardan yo‘qotishi kerak. Shuni yodda tuting», — dedi vazir.

Ishmetov yoshlarning savoliga javob berarkan, kriptovalutaga sarmoya kiritmagan va bunga ishonmasligini bildirdi.

«Bu ahmoqlikda bir tiyin ham yo‘qotishni istamayman», — deydi u.

O‘zbekiston Markaziy banki kriptovalutalar bo‘yicha bir necha marotaba izoh berib, ularni terrorizmni moliyalashtirish uchun vosita deb atagan. Idora fikriga ko‘ra, «kriptovalutadan anonim foydalanish tufayli mablag‘larning noqonuniy aylanishi va firibgarlik holatlari ortadi, bu esa, o‘z navbatida, bir qator mamlakatlarda yashirin iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi».

Kriptovaluta — maxsus kodlar orqali himoyalangan raqamli aktiv bo‘lib, jo‘natma operatsiyalarida pul o‘rnida ishlatiladi. Uning jismoniy nusxasi yo‘q, faqat elektron axborot shaklida tayyorlanadi.

O‘zbekistonda ham «moliyaviy piramidalar» ko‘rinishidagi turli firibgarlik sxemalaridan, shu jumladan, kripto-aktivlardan foydalanish holatlari tez-tez uchramoqda. Shuningdek, kriptovaluta savdosi O‘zbekiston huquqni muhofaza etuvchi organlari tomonidan ta'qib etiladi.

Top