19:20 / 31.01.2021
15040
Tixanovskaya Nobel mukofotiga nomzodlikka ilgari surildi

Litva prezidenti Gitanas Nauseda 2020 yilda Belarusda o‘tgan prezident saylovlarida nomzod bo‘lgan Svetlana Tixanovskayani tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzodlikka ilgari surdi. 

Svetlana Tixanovskaya /Foto: AP

Tixanovskaya ushbu tashabbus uchun Nausedaga minnatdorlik bildirgan va u bilan birga bu mukofotni olishga butun Belarus xalqi ilgari surilishini qo‘shimcha qilgan. U tvitterdagi sahifasida bu tashabbusni “Belarus bilan birdamlikning buyuk ifodasi” deb atagan. 

Tixanovskaya Belarusda 2020 yil avgustda o‘tgan prezident saylovlarida amaldagi prezident Aleksandr Lukashenkoga raqobatchi bo‘lgan va 10 foizdan ko‘proq ovoz to‘plab, 2-o‘rinni egallagan. Saylovlardan keyin Belarusda uning natijalariga qarshi norozilik namoyishlari avj olgan.

Yevropa ittifoqining bir qator davlatlari Tixanovskayani Belarus muxolifatining yetakchisi deb tan oladi.

AFP axborot agentligining ma'lum qilishicha, Nobel mukofotiga Belarus muxolifatining barcha yetakchilari – Tixanovskaya, Mariya Kolesnikova va Veronika Tsepkalo nomzodlikka ilgari surilgan.

Avvalroq Tixanovskaya va Belarus muxolifatining bir qator boshqa vakillariga Yevropa parlamentining “Fikr erkinligi uchun” deb nomlangan mukofoti berilgan.

2021 yilda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini olishga Black Lives Matter (Qora tanlilar hayoti muhim) harakati ham da'vogarlik qilmoqda.

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzodlarni ilgari surish bo‘yicha arizalar yanvar oxirigicha qabul qilinadi. So‘ngra mukofot tashkiliy qo‘mitasi ushbu mukofotga da'vogarlarning qisqa ro‘yxatini ma'lum qiladi. Ushbu mukofot egasi esa noyabrda ma'lum bo‘ladi. 2020 yilda ushbu mukofotga BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi sazovor bo‘lgandi.

Top