Jahon | 13:33 / 09.10.2025
2472
3 daqiqa o‘qiladi

Tixanovskayaning Litvadagi ofisi rasmiylar tufayli o‘z faoliyatini to‘xtatdi

Svetlana Tixanovskayaning Vilnyusdagi ofisi Litva rasmiylarining siyosatchini qo‘riqlash qoidalarini yumshatish qarori ortidan faoliyatini to‘xtatdi. Litva sobiq vaziri Landsbergis bu harakatni mamlakat obro‘siga zarba sifatida tanqid qildi.

Foto: AP

Belaruslik muxolifatchi siyosatchi Svetlana Tixanovskayaning Vilnyusdagi ofisi Litva hukumati uni qo‘riqlash qoidalarini yumshatish qarori ortidan vaqtincha yopildi. Qarorga ko‘ra, Tixanovskayaning mamlakatdagi xavfsizligi bundan buyon Rahbariyat xavfsizlik xizmatining «prezident, Seym spikeri yoki bosh vazir» darajasidagi zobitlari tomonidan ta’minlanmaydi, deb xabar berdi mahalliy davlat televideniyesi LRT 8 oktyabr, chorshanba kuni.

Belarus demokratik kuchlari yetakchisining xavfsizligi endi davlat va hukumat rahbarlarini emas, balki chinakam tahdid ostida bo‘lgan shaxslarni himoya qiluvchi Jinoiy politsiya byurosi tomonidan ta’minlanadi, deyiladi bayonotda. «Shunga qaramay, Tixanovskaya Litva davlatining S toifali mehmoni, Belarus demokratik vakilligi esa akkreditatsiyalangan tuzilma bo‘lib qolmoqda», — deya ta’kidladi LRT.

O‘z navbatida, Litva bosh vaziri Inga Ruginene bir kun avval jurnalistlarga qaror «hozirgi tahdid darajasi baholanganidan so‘ng» qabul qilinganini aytdi. «Xavfsizlik bekor qilinmadi. Xavfsizlik tahdid darajasiga qarab tanlandi», deb tushuntirdi hukumat rahbari. «Xizmatlar o‘z vazifalarini a’lo darajada bajarmoqda, har kuni tahdid darajasini baholaydi va shu asosda qanday xavfsizlikni qo‘llash kerakligini modellashtiradi».

Shu kuni Svetlana Tixanovskayaning maslahatchisi Franak Vyachorka DW nashriga xavfsizlik qoidalarini yumshatish uning ofisiga qanday ta’sir qilishi haqida izoh berdi. Uning aytishicha, Tixanovskayaning idorasi ham, siyosatchining o‘zi ham ishini davom ettirmoqda. «Biz hozir nima bo‘layotganini va Litva ofis xavfsizligini ta’minlash uchun nimani taklif qilayotganini tushunishga harakat qilmoqdamiz. Biz ofisdagi xodimlarni uydan ishlashga jo‘natdik. Vaziyat biz uchun kutilmagan bo‘ldi. Sabablarini hali to‘liq tushunmayapmiz, ammo yechim topamiz», — dedi Vyachorka.

Belarus demokratik kuchlari rahbari DW'ga izoh berishdan bosh tortdi. Avvalroq "Zerkalo" nashri siyosatchining boshqa maslahatchisi Denis Kuchinskiyga tayanib xabar berganidek, uning Vilnyusdagi ofis xodimlari masofaviy ishlashga o‘tgan, biroq rahbariyat «yangi xavfsizlik tizimi tafsilotlari bo‘yicha litvalik hamkorlar bilan» doimiy aloqada. «Ofisda asosiy operativ guruhning faqat bir qismi qolmoqda, qolgan xodimlar masofaviy ishlashga o‘tdi», — deya qo‘shimcha qildi Kuchinskiy.

Ofis ilgari 2020 yilda tashkil etilgan Belarus demokratik vakilligining bir qismi sifatida faoliyat yuritgan. Biroq, vakillarning fikriga ko‘ra, u endi o‘z vazifalarini avvalgi formatda bajara olmaydi. «Biz jamoamiz va hamkorlarimiz xavfsizligiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan tahdidlardan xavotirdamiz», — deyiladi rasmiy bayonotda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid