00:44 / 04.02.2021
33746
Azon.uz bosh muharriri tahririyat bosimga uchraganini ma'lum qildi

Azon.uz sayti bosh muharriri Abdulaziz Muborak Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Dilshod Eshnayev tomonidan tahririyatga bosim va tahdid bo‘layotganini ma'lum qildi. AOKA davlat idoralari jurnalistlarga bosim o‘tkazmasligi, jurnalistlar esa qonunlardan chetga chiqmasligi kerakligini ta'kidlab chiqdi.

Foto: Facebook/Abdulaziz Muborak

Azon.uz sayti bosh muharriri Abdulaziz Muborak (Abdulaziz Raimov) tahririyatga bosim va tahdid bo‘lgani sabab ishdan bo‘shash haqida ariza yozdi.

Bu haqda u 3 fevral kuni Facebook'dagi sahifasida e'lon qilgan «Azon.uz'ga bosim qachon tugaydi?» sarlavhali bayonotda ma'lum qilgan.

«Bugun muassisimiz Mubashshir Ahmad yig‘ilish chaqirdilar. Saytimizda e'lon qilingan ayrim maqolalarni olib tashlashimizni aytdilar», – deb yozadi Abdulaziz Muborak.

Uning aytishicha, saytdagi quyidagi maqolalarning olib tashlanishi aytilgan (hozirda bu maqolalar saytdan o‘chirilmagan):

«Bilishimizcha, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Dilshod Eshnayev Mubashshir Ahmadga qo‘ng‘iroq qilib, yuqoridagi maqolalar uchun juda qattiq haqorat va tahdid qilibdi. Shunday haqoratlarki, uni aytish tilga, eshitish quloqqa og‘irlik qiladi. Men domlaning gaplariga ko‘nmadim (maqolalarni o‘chirtirmadim), chunki har ikki maqolada ham muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlar yoritilgan, ya'ni bir so‘z bilan aytganda, siyosatga qarshi emas, aksincha, uni qo‘llab-quvvatlaydigan fikrlar yozilgandi.

Avvallari ham bir necha maqolalar olib tashlangan edi, bugun bilishimcha, o‘sha maqolalar ham aynan D.Eshnayevning qo‘ng‘iroqlari orqasidan o‘chirilgan ekan.

D.Eshnayevning xizmat vakolatiga saytlardagi diniy mazmunda yozilgan xabar va maqolalarni kuzatish, tahlil qilish kirar, ammo u nega aynan davlatimiz rahbarining fikrlari, islohotlari, tashabbuslari yoritilgan maqolalarga e'tiroz bildiradi?

Maqsad-muddao ne?

Bunaqa turishda Yangi O‘zbekiston degan gapning ma'nisi qayerda qoladi?

Nahotki, prezidentning tashabbuslari haqida yozish ayb, gunoh, xato bo‘lsa?!

Bu davlatimiz rahbarining ochiqlik, oshkoralik siyosatiga zid emasmi?

Yo yurtboshimiz aytayotgan, dindor xalqimizni umidlantirayotgan siyosatlar til uchidagi gaplar, xolosmi?

Mubashshir Ahmad domla yig‘ilishda bizni qattiq urishdilar. Aybimiz – so‘nggi paytlarda prezidentimizning gaplariga, tashabbuslariga katta urg‘u berib yuboribmiz. Men u kishini tushunaman, bundan xafa emasman, faqat o‘zi shundoq ham yomon sog‘liqlaridan xavotirdaman.

Kamina bosh muharrir sifatida Azon.uz saytida o‘z e'tirozlarimizni bildirmoqchi bo‘ldim, ammo... bunga ruxsat berishmadi...

Pichoq borib suyakka yetdi...» deb yozadi Abdulaziz Muborak.

Azon.uz bosh muharririning bu chiqishi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kun.uz muxbiri holat yuzasidan batafsilroq ma'lumot olish maqsadida Abdulaziz Muborak bilan bog‘landi.

«Men tushunmagan holat – Azon.uz'dan o‘chirishimizni so‘ralgan maqolalardan biri Kun.uz'da chiqqan, Islom.uz sayti ham shu maqolani e'lon qilgan. Maqolada Mirziyoyev prezident bo‘lganidan so‘ng diniy sohada berilgan erkinliklar sanab o‘tilgan. Ushbu ikki saytda turibdi bu maqola hali ham. Nima uchundir qo‘mitadagilar faqat Azon.uz'da bo‘lishini istashmayapti.

Ikkinchi maqola prezidentimizning Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi chog‘ida aytgan gaplaridan olib tayyorlangan. Osmondan olmaganmiz, Eski shahardagi mahallalardan birida Qur'on, boshqasida hadis va tavhid ilmlari o‘rgatilishi yo‘lga qo‘yilsin, deya shaxsan davlat rahbari ko‘rsatma bergan.

Haligacha tushunolmayapman, bu ikki maqolada nima noto‘g‘ri, davlat siyosatiga zid joyi borligini. Shu haqda o‘ylab o‘yimga yetolmayapman. Agar xatosi bo‘lsa, nega u boshqa saytlarda turibdi, bilishimcha, ularga ushbu maqolalarni o‘chirish bo‘yicha hech qanday talab bo‘lmagan. Xatosi bo‘lmasa, nega Azon.uz tahririyatiga bunday bosim bo‘lmoqda?

Eng hayron bo‘lgan joyim, prezident aytgan gapning nimasi yoqmadi ekan?! Davlat rahbarining Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifini kuzatish asnosida shu so‘zlari diniy sohaga oid va saytimiz yo‘nalishiga mos bo‘lgani uchun alohida xabar qilib bergandik. Bu gaplar siyosiy-ijtimoiy yangiliklarga ixtisoslashgan saytlarning e'tiborini o‘ziga tortmagan bo‘lishi mumkin, lekin islomiy nashr sifatida biz buni yoritishimiz kerak, auditoriyamiz bizdan shuni kutadi. Harakatimizning nimasi qonunga zid yoki noto‘g‘ri ekanini anglolmay diqqat bo‘lib o‘tiribman to‘g‘risi» – dedi Abdulaziz Muborak Kun.uz muxbiriga bergan izohida.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hozircha holatga izoh bermadi.

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bayonot bilan chiqib, davlat idoralaridan jurnalistlarga bosim o‘tkazmaslikni so‘radi.

«O‘zbekistonning yangi ochiqlik va oshkoralik siyosatida davlat idoralari va jurnalistlar o‘rtasidagi bahsli masalalar imkon qadar o‘zaro kelishuv, agarda buning iloji topilmasa huquqiy me'yorlardagi tartiblar asosida hal etilishi maqsadga muvofiqdir. Xususan, diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatishda nizoli holatlar yuzaga kelganda ham masalaning yechimi sud orqali hal etilishi belgilangan.

Agentlik doimgidek davlat organlari va ommaviy axborot vositalarini qonunchilikda ko‘rsatib o‘tilgan qoidalar hamda o‘rnatilgan talablarni hurmat qilgan holda o‘zaro munosabatlarga kirishishga chaqiradi. Shuningdek, davlat idoralarini jurnalistlarga nisbatan bosim o‘tkazmaslik, tahririyat xodimlarini esa jurnalistlik odob-axloq qoidalariga amal qilishini so‘raydi», – deyiladi AOKA rasmiy saytida e'lon qilingan relizda.

Top