11:51 / 04.02.2021
11572
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Azon.uz saytidagi maqolalarni o‘chirish bo‘yicha topshiriq berilmaganini ma'lum qildi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati Azon.uz saytida e'lon qilingan maqolalarni oldirib tashlash bo‘yicha hech qanday topshiriq berilmaganini ma'lum qildi. Lekin bayonotda qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayev sayt muassisi Mubashshir Ahmadni haqorat qilgani borasida hech narsa deyilmagan.

3 fevral kuni Azon.uz sayti bosh muharriri Abdulaziz Raimov (Abdulaziz Muborak) Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Dilshod Eshnayev tomonidan tahririyatga bosim va tahdid bo‘layotgani ortidan ishdan bo‘shashini ma'lum qilgandi. Ushbu holat yuzasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rasmiy bayonot berdi.

Ma'lum qilinishicha, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq din ishlari sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi va bu borada bir qancha vakolatlarga ega.

Bayonotda aytilishicha, jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligi va e'tiqod erkinligiga tahdid tug‘dirishi mumkin bo‘lgan omillarni o‘rganish, tahlil qilish va ularning oldini olishga qaratilgan choralarni ko‘rish, respublikada chiqariladigan yoki chet ellardan keltiriladigan diniy tusdagi mahsulotlarni (matbuot va elektron nashrlarni, audio, video kassetalarni, CD, DVD va boshqa elektron tashuvchilarni, Internet butunjahon axborot tarmog‘ida joylashtirilgan diniy materiallarni) ekspertizadan o‘tkazish faoliyatini muvofiqlashtirish Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

Shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati Azon.uz saytida e'lon qilingan maqolalarni oldirib tashlash bo‘yicha hech qanday topshiriq bermaganini ta'kidladi.

«Shundan kelib chiqib, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatishda diniy-ma'rifiy saytlarga yo‘nalish va tavsiya berishi mumkin. Lekin, qaysidir saytdan qandaydir ma'lumotni oldirib tashlash yoki olib tashlashga majbur qilish vakolatiga ega emas.

Shunga ko‘ra, Azon.uz saytida e'lon qilingan muayyan maqolalarni oldirib tashlash bo‘yicha Qo‘mita rahbariyati tomonidan hech qanday topshiriq bo‘lmaganini qat'iy ma'lum qilamiz.

…Bayonot yakunida, yurtdoshlarimizga yana bir bora, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati tomonidan Azon.uz sayti tahririyati va jamoasiga maqolani oldirib tashlash bo‘yicha bosim bo‘lmaganini, aksincha saytda berilayotgan xabar va maqolalar keng xalq ommasiga mo‘ljallangani uchun foydali va xolis bo‘lishi borasida doimiy hamkorlik qilib kelayotganini bildiramiz», deyiladi bayonotda.

Lekin, qo‘mita bayonotida Dilshod Eshnayev sayt muassisi Mubashshir Ahmadni haqorat qilgani borasida umuman hech narsa deyilmagan.

Eslatib o‘tamiz, Azon.uz sayti bosh muharriri Abdulaziz Raimov tahririyatga bosim va tahdid bo‘lgani sabab ishdan bo‘shash haqida bayonot bergan edi.

«Bugun muassisimiz Mubashshir Ahmad yig‘ilish chaqirdilar. Saytimizda e'lon qilingan ayrim maqolalarni olib tashlashimizni aytdilar», – deb yozadi Abdulaziz Muborak. Uning aytishicha, saytdagi quyidagi maqolalarning olib tashlanishi aytilgan (hozirda bu maqolalar saytdan o‘chirilmagan):

«Bilishimizcha, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Dilshod Eshnayev Mubashshir Ahmadga qo‘ng‘iroq qilib, yuqoridagi maqolalar uchun juda qattiq haqorat va tahdid qilibdi. Shunday haqoratlarki, uni aytish tilga, eshitish quloqqa og‘irlik qiladi. Men domlaning gaplariga ko‘nmadim (maqolalarni o‘chirtirmadim), chunki har ikki maqolada ham muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlar yoritilgan, ya'ni bir so‘z bilan aytganda, siyosatga qarshi emas, aksincha, uni qo‘llab-quvvatlaydigan fikrlar yozilgandi.

Avvallari ham bir necha maqolalar olib tashlangan edi, bugun bilishimcha, o‘sha maqolalar ham aynan D.Eshnayevning qo‘ng‘iroqlari orqasidan o‘chirilgan ekan. D.Eshnayevning xizmat vakolatiga saytlardagi diniy mazmunda yozilgan xabar va maqolalarni kuzatish, tahlil qilish kirar, ammo u nega aynan davlatimiz rahbarining fikrlari, islohotlari, tashabbuslari yoritilgan maqolalarga e'tiroz bildiradi?», degan edi u.

Shuningdek, holat yuzasidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bayonot bilan chiqib, davlat idoralaridan jurnalistlarga bosim o‘tkazmaslikni so‘radi.

«O‘zbekistonning yangi ochiqlik va oshkoralik siyosatida davlat idoralari va jurnalistlar o‘rtasidagi bahsli masalalar imkon qadar o‘zaro kelishuv, agarda buning iloji topilmasa huquqiy me'yorlardagi tartiblar asosida hal etilishi maqsadga muvofiqdir. Xususan, diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatishda nizoli holatlar yuzaga kelganda ham masalaning yechimi sud orqali hal etilishi belgilangan.

Agentlik doimgidek davlat organlari va ommaviy axborot vositalarini qonunchilikda ko‘rsatib o‘tilgan qoidalar hamda o‘rnatilgan talablarni hurmat qilgan holda o‘zaro munosabatlarga kirishishga chaqiradi. Shuningdek, davlat idoralarini jurnalistlarga nisbatan bosim o‘tkazmaslik, tahririyat xodimlarini esa jurnalistlik odob-axloq qoidalariga amal qilishini so‘raydi», deyiladi AOKA rasmiy saytida e'lon qilingan relizda.

Top