14:41 / 07.03.2021
2101
Microsoft serverlariga qilingan hujum kiberxavfsizlikda global inqiroz keltirib chiqarishi mumkinligi aytilmoqda

AQSh ma'muriyati internet operatorlarini muammoga jiddiy qarashga chaqirdi.

Foto: Carlo Allegri/Reuters

Korxonalar korporativ pochtalari uchun foydalanadigan Microsoft dasturiy ta'minotiga uyushtirilgan hakerlik hujumi kiberxavfsizlikdagi global inqirozga aylanmoqda, deb yozadi Bloomberg.

Agentlikning qayd etishicha, Exchange Server dasturidagi nuqson sababli dunyo bo‘yicha 60 mingdan ortiq tashkilot hujumga uchragan.

Avvalroq Reuters agentligi AQShdagi 20 mingdan ortiq tashkilot kiberxatar ostida qolganini xabar qilgandi. Bloomberg suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, hakerlar imkon boricha ko‘proq kompaniyalarning kompyuter tizimlarini ishdan chiqarishga urinmoqda.

Oq uydagi manbaning aytishicha, AQSh ma'muriyati hakerlar hujumi oqibatlarini baholash va bartaraf etish maqsadida barcha choralarni ko‘rmoqda.

"Xatar saqlanib turibdi va kuchaymoqda, biz barcha internet operatorlarini bunga jiddiy qarashga chaqiramiz", dedi u.  

Microsoft 2 mart kuni Exchange Server pochta serverlariga hakerlik hujumi uyushtirilgani haqida xabar qilgandi. Kompaniyaning ma'lumot berishicha, hujumlar ortida Xitoydagi Hafnium hakerlik guruhi turibdi.

Hakerlar Microsoft dasturiy ta'minotidagi nuqsonlardan foydalanib pochta manzillariga kirgan. Hafnium yuqumli kasalliklar tadqiqotchilari, yuridik firmalar, oliy ta'lim muassasalari, mudofaa sohasidagi pudratchilar hamda siyosiy tahlil markazlari va nohukumat tashkilotlarga kiberhujum uyushtirgan. 

 Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakili Van Venbin Xitoy hukumati kiberhujumlarga qarshi ekanligini va Microsoft dasturiy ta'minotiga qilingan hujumlarga aloqasi yo‘qligini ma'lum qildi.

Top