Jahon | 09:12 / 19.12.2025
1661
3 daqiqa o‘qiladi

Daniya Rossiya bilan bog‘liq guruhlarni ikki kiberhujumda aybladi

NoName057(16) va Z-Pentest kabi hakerlik guruhlari Rossiya davlati tomonidan “G‘arbga qarshi gibrid urush qurollari” sifatida qo‘llanadi, deya ma’lum qildi Daniya harbiy razvedkasi. Mudofaa vazirligi esa himoya choralarini kuchaytirishga va’da berdi.

Foto: AP

Daniya hukumati ikki kiberhujum uchun javobgarlikni Rossiya davlati bilan bog‘liq hakerlik guruhlariga yukladi: birinchisi — bu kuzda bo‘lib o‘tgan munitsipal va hududiy saylovlar vaqtida, ikkinchisi — o‘tgan yili suvni tozalash korxonasiga qarshi amalga oshirilgan hujum. Bu haqda Daniya mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen 19 dekabr, payshanba kuni matbuot anjumanida ma’lum qildi. AFP agentligi iqtibos keltirgan vazir so‘zlariga ko‘ra, hukumat Rossiya elchisini chaqirish niyatida.

Poulsenning aytishicha, 2024 yil oxiridagi kiberhujumdan keyin — uni rossiyaparast Z-Pentest guruhi bilan bog‘lashmoqda — suv quvurlarida portlashlar sodir bo‘lgan va bu qisqa muddatga turar joylardagi suv ta’minotini izdan chiqargan. Ikkinchi voqea esa Daniyada shu yil noyabrda bo‘lib o‘tgan munitsipal va hududiy saylovlar arafasida yuz bergan. Rossiyaparast NoName057(16) guruhi o‘z zimmasiga olgan bu kiberhujum oqibatida Daniyadagi bir qator siyosiy partiyalar, munitsipalitetlar, davlat idoralari va bir mudofaa kompaniyasining veb-saytlari ishlamay qolgan.

“Biz bu — Rossiyaga moyil, Rossiya davlati bilan bog‘liq guruhlar ekaniga mutlaqo ishonamiz”, — dedi Daniya Harbiy razvedka xizmati (Forsvarets Efterretningstjeneste, FE) rahbari Tomas Arenkil. FE bayonotida Rossiya davlati NoName057(16) va Z-Pentest guruhlarini “G‘arbga qarshi gibrid urushining vositalari” sifatida ishlatishi aytilgan.

Daniya harbiy razvedkasiga ko‘ra, “maqsad — nishonga olingan mamlakatlarda beqarorlik yaratish va Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotganlarni jazolash”. Shuningdek, Rossiyaning kiberoperatsiyalari “G‘arbning Ukrainaga bergan yordamini susaytirishga qaratilgan kengroq ta’sir o‘tkazish kampaniyasining bir qismi” ekani ta’kidlanadi. AFP qayd etishicha, Daniya Ukrainaga Rossiyaga qarshi mudofaa urushda eng yirik yordam beruvchilardan biri hisoblanadi.

Daniya jamoat xavfsizligi va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik vaziri Torsten Shak Pedersen har ikki kiberhujum cheklangan zarar yetkazganini, ammo ayrim ojiz nuqtalarni ochib berganini bildirdi. “Bu jamiyatimizdagi eng muhim xizmatlar ishini falaj qilib qo‘yishga qodir kuchlar borligini ko‘rsatadi”, — dedi u.

Kopenhagen hukumati bunday hujumlardan himoya qilish choralarini kuchaytirish niyatida ekanini ma’lum qildi. “Biz ko‘plab tashabbuslarni amalga oshirdik va yana ko‘proq qilamiz, chunki Rossiyaning bunday xatti-harakatini mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi”, — deya ta’kidladi Poulsen. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat kibertahdidlarga tezkor javob berish uchun yangi kiberkuzatuv tarmog‘i va operativ onlayn-markaz tashkil etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid